Zelenskiyning maslahatchisi Ukraina armiyasi Baxmutdan «strategik chekinishi» mumkinligini aytdi
Shu bilan birga, u Ukrainaning qarshi hujumi boshlanishi yaqin ekanini qo‘shimcha qilgan.
Ukraina prezidentining iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Oleksandr Rodnyanskiy CNN uchun intervyusida ukrain harbiylari Donetsk oblastida ko‘p oylardan buyon janglar ketayotgan Baxmut shahridan «strategik chekinish»ni amalga oshirishi mumkinligini istisno etmadi.
«Rossiya hozirda Baxmutni o‘rab olishga harakat qilmoqda va buning uchun ular «Vagner» XHKning eng yaxshi bo‘linmalaridan, yaxshi ta’lim ko‘rgan va eng tajribali jangchilaridan foydalanmoqda. Bizning harbiylar barcha variantlarni ko‘rib chiqadi. Ular hozircha shaharni tutib turishibdi, ammo agar talab etilsa, ular strategik chekinishlari mumkin, chunki biz barcha odamlarimizni shunchaki qurbon qilib yubora olmaymiz», — degan Rodnyanskiy. Uning so‘zlariga ko‘ra, chekinish yoki chekinmaslik qarorini ukrain harbiylarining o‘zi qabul qilishi kerak bo‘ladi.
Rodnyanskiy Baxmutdan g‘arbdagi hudud yaxshi himoyalangani va shu tufayli Ukraina qurolli kuchlari shaharni tashlab chiqqan taqdirda ham Rossiya kuchlari tezlik bilan oldinga siljiy olmasligini qayd etgan «Shubha qilmang, bizning qarshi hujumimizga uzoq qolmadi», — deya qo‘shimcha qilgan u.
Ukraina mudofaa vaziri Anna Malyar 28 fevral kuni Baxmutga Ukraina armiyasining qo‘shimcha bo‘linmalari yo‘llanganini aytgandi. Malyarning ta’kidlashicha, Baxmutda qolish-qolmaslik qarorini «siyosiy motivlarga ega bo‘lmagan» harbiylar qabul qiladi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy esa shu kuni videomurojaatida eng og‘ir janglar Baxmutda ketayotgani, Rossiya tomoni katta yo‘qotishlarga uchrayotganini aytgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 23 fevraldan 28 fevralga qadar Baxmut atrofida 800 nafarga yaqin rossiyalik halok bo‘lgan. «Rossiya odamlarini umuman hisoblamaydi, ularni doimiy ravishda bizning pozitsiyalarimizni shturm qilish uchun yuboradi. Janglar intensivligi faqat oshib bormoqda», — degandi Zelenskiy.
28 fevral kuni Bloomberg agentligi xabar berishicha, so‘nggi haftalarda Ukraina hukumatida Baxmut qamali bo‘yicha yondashuv o‘zgara boshlagan. 2 fevral kuni ham Volodimir Zelenskiy Kiyev Baxmutni Rossiya kuchlariga taslim qilmasligini aytayotgandi. Uch haftaga yaqin vaqt o‘tib esa Zelenskiy Ukraina shahar uchun kurashni «bu faqat mantiqqa to‘g‘ri keladigan vaqtga qadar» davom ettirishini aytgandi. «Biz uchun uni himoya qilish muhim, ammo har qanday qurbonlik evaziga emas», — degandi Ukraina prezidenti.
Mavzuga oid
14:56
Makron va Starmer Tramp g‘alabasidan keyin ham Ukrainani qo‘llashda «sobit» bo‘lishga va’da berishdi
11:51
Reuters: Ukraina Rossiya bilan muzokaralarni boshlashga tayyorlanmoqda
07:50
Germaniyada Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlash pasaymoqda
17:58 / 11.11.2024