Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Lukashenko Xitoyning Ukraina bo‘yicha «tinchlik rejasi»ni qo‘llab-quvvatladi
Siyosiy qarorlar «global qarama-qarshilikka tushib qolishning oldini olish» uchun zarur, dedi Belarus rahbari Xitoy rahbari Si Jinping bilan uchrashuvda.
Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko Xitoyning Ukrainadagi urush haqidagi pozitsiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Belarus «siz ilgari surgan xalqaro xavfsizlik tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi», dedi u 1 mart, chorshanba kuni Pekinda Xitoy yetakchisi Si Jinping bilan uchrashuvda.
Lukashenkoning Xitoyga uch kunlik davlat tashrifi «yangi, favqulodda yondashuvlar va oqilona siyosiy qarorlarni talab qiluvchi og‘ir vaqtda» bo‘lib o‘tmoqda, deb yozadi AFP axborot agentligi Belarus rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirgan holda. «Ular, birinchi navbatda, g‘oliblar bo‘lmaydigan global qarama-qarshilikka tushib qolishning oldini olishga qaratilgan bo‘lishi kerak», - deya qo‘shimcha qildi Lukashenko.
Avvalroq Lukashenko Pekinda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi Bosh vaziri Li Ketsyan bilan uchrashgan edi. 2 mart kuni tashrif chog‘ida Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiv urushi va yaqinroq harbiy hamkorlik masalalari muhokama qilinishi kutilmoqda, deb xabar beradi dpa.
Bundan tashqari, Lukashenko ushbu tashrif natijasida Belarus iqtisodiyotiga Xitoy sarmoyasi kiritilishiga umid qilmoqda. «Biz Xitoyda bizni qiziqtirgan yangi texnologiyalar bilan tanishmoqdamiz. Bu barcha sohalarga - biotexnologiyadan tortib milliy mudofaagacha taalluqlidir», dedi u tashrifi oldidan Xinhua agentligiga. Xitoy ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan yili ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 33 foizga oshib, 5 milliard dollarga yetgan.
Mavzuga oid
22:13 / 19.06.2026
Zelenskiy Lukashenkoga ultimatum qo‘ydi va uni bajarish uchun bir hafta muhlat berdi
22:32 / 17.06.2026
Tramp Rossiya va Xitoyni «butun dunyoni portlatib yubormaslik» uchun yadroviy kelishuvga chaqirdi
20:41 / 17.06.2026
Xitoyning yirik neft-gaz kompaniyasi top-menejeri pora uchun o‘limga hukm qilindi
17:47 / 17.06.2026