Jahon | 17:03 / 06.03.2023
5154
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa Ittifoqi Ukrainaga qarshi tajovuz bo‘yicha tergov tafsilotlarini e’lon qildi

Foto: AP

Ukrainaga qarshi bosqinchilik jinoyatini tergov qilish xalqaro markazi yoz boshida Haagada ish boshlashi kerak, uning asosiy tuzilmalarini yaratish ikki oy ichida yakunlanadi, deb xabar qildi Yevropa komissiyasi vakili Kristian Vigand Bryusseldagi brifingda

Ushbu markaz ham alohida davlatlar darajasida, ham xalqaro miqyosda bo‘lajak sud jarayonlari uchun dalillarni saqlaydi va tahlil qiladi. 

Markaz Ukrainaga qarshi bosqinchilik jinoyati bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘ash uchun kelajakdagi ishlarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida prokurorlarni birlashtiradi. 

Bosqinchilik jinoyatiga oid dalillar markaziy tarzda xavfsiz joyda saqlanadi, deya ta’kidlab o‘tdi Yevropa komissiyasi.

Bundan oldin Haagada Ukrainaga qarshi tajovuz jinoyatini tergov qilish xalqaro markazi iyul oyida ish boshlashi ma’lum qilingandi. Bu haqda 17 fevral kuni Bryusselda Ukraina bosh prokurori Andrey Kostin bilan bo‘lib o‘tgan qo‘shma matbuot anjumanida adliya bo‘yicha Yevropa komissari Dide Reynders ma’lum qildi. 

«Joriy yilning iyul oyida markaz to‘liq ishga tushadi», deb va’da berdi Reynders. Yevrokomissarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu markaz Yevropa Ittifoqiga a’zo olti davlat va Ukraina tomonidan tuzilgan qo‘shma tergov guruhiga biriktiriladi hamda Xalqaro jinoiy sud bilan yaqin hamkorlik qiladi. 

«Dalillarni to‘plash va kelajakdagi sud jarayonlari uchun saqlash kerak», dedi Reynders. Uning so‘zlariga ko‘ra, u Kostin bilan jinoyatni tergov qilish va maxsus tribunalning navbatdagi qadamlari haqida gaplashgan. «Uning uchun yurisdiksiyani topish muhim», deb ta’kidladi Yevropa komissari va bu jarayon bosqichma-bosqich davom etayotganini qo‘shimcha qildi.

Mavzuga oid