Jahon | 15:41 / 02.02.2026
3651
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy: Hududlar masalasida qaror qabul qilish Putin bilan aloqani talab etadi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy aytishicha, Rossiya bilan muzokaralarda hududiy masalani hal qilish Kreml rahbari Vladimir Putin bilan aloqalarsiz imkonsiz. 

Foto: Getty images

“Biz qandaydir formatda Rossiya Federatsiyasi bilan, jumladan Rossiya yetakchisi bilan ham aloqalarni saqlash imkoniga ega bo‘lishimiz kerak. Bunday formatsiz jamoalarimiz hududiy masalalar bo‘yicha kelisha olmaydi”, — dedi Zelenskiy Chexiya radiosiga bergan intervyusida juma, 30 yanvar kuni.

Zelenskiy qayd etishicha, Kiyev Rossiya va AQSh ishtirokidagi muzokaralarga hamon ochiq, biroq maslahatlashuvlarning hal qiluvchi bosqichlarida Yevropa davlatlari ham ishtirok etishi zarurligini ta’kidlaydi. Shuningdek, Zelenskiy Kiyev AQSh va YeI tomonidan xavfsizlik kafolatlariga, shuningdek Yevropa Ittifoqiga a’zolik sari ilgarilashga umid qilayotganini aytdi. Prezident ta’kidlashicha, bu jihatlar urushni to‘xtatish bo‘yicha 20 banddan iborat rejaning bir qismi bo‘lib, u tiklanish choralarini ham o‘z ichiga oladi.

Intervyu davomida Zelenskiy chex jamiyatiga Rossiyaning keng ko‘lamli bosqinining ilk kunlaridanoq Ukrainaga ko‘rsatayotgan qo‘llab-quvvatlovi uchun minnatdorlik bildirdi. U yaqinda Kiyevda Chexiya prezidenti Petr Pavelga topshirgan yuqori davlat mukofoti nafaqat davlat rahbariga minnatdorchilikni ifoda etish, balki eng avvalo chex xalqiga hurmat ishorasi ekanini ham ta’kidladi.

Shu kuni Kiyevda jurnalistlar bilan suhbatda Zelenskiy Rossiya tomoni tomonidan qayta-qayta aytilgan “Moskvaga muzokaraga kelish” takliflariga ham javob berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday takliflar urushni tugatishga jiddiy intilish yo‘qligini ko‘rsatadi. “Albatta, mening Putin bilan Moskvada uchrashishim mumkin emas. Bu xuddi Putin bilan Kiyevda uchrashish kabi. Men ham uni Kiyevga taklif qilishim mumkin — kelsin. Uni Kiyevga taklif qilaman, albatta, agar u qaror qilsa”, — dedi Zelenskiy.

Ukraina prezidenti yana bir bor Ukrainaning urushni to‘xtatish uchun muayyan murosalarga tayyorligini bildirdi, ammo faqat bu mamlakatning hududiy yaxlitligiga shubha tug‘dirmaydigan bo‘lishi lozim. Zelenskiy ta’kidlashicha, Ukraina na UQK nazoratidagi Donbass hududlarini, na Rossiya qo‘shinlari bosib olgan Zaporijjya AESni Rossiyaga berish niyatida.

Zelenskiy fikricha, eng kam muammoli yechim — “qayerda turgan bo‘lsak, o‘sha yerda turish”. “Biz Ukrainaga nisbatan qattiq talablarni murosa deb hisoblamaymiz. Bu — mamlakat hududiy yaxlitligini o‘zgartirish”, — deya qo‘shimcha qildi u.

Zelenskiy X ijtimoiy tarmog‘ida xabar berishicha, Ukraina, Rossiya va AQSh o‘rtasida Rossiya-Ukraina urushiga yakun yasash bo‘yicha navbatdagi muzokaralar raundi 1 fevraldan 4–5 fevral kunlariga ko‘chirildi va Abu-Dabida o‘tkaziladi.

The New York Times gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, Ukrainada tinchlik bo‘yicha muzokaralar Rossiya va AQSh delegatsiyalarining bir kun oldin bo‘lib o‘tgan uchrashuvidan keyin kechiktirilgan. Nashr “yakshanba kuni kutilgan so‘nggi raund nima uchun bir necha kunga surilgani aniq emas”, deb yozadi.

Shuningdek, xabarda aytilishicha, bir kun oldin Floridada Rossiya prezidentining maxsus vakili Kirill Dmitriyev Amerika delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazgan va Ukraina bo‘yicha kelishuv, shuningdek AQSh bilan iqtisodiy hamkorlik masalasini muhokama qilganini bildirgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid