Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainada minus 30 daraja sovuq bo‘lishi kutilyapti
Ukraina shimolida havo harorati -30°C gacha tushishi mumkin. Meteorologlar aytishicha, bu qishda ancha uzoq davom etadigan sovuqlar davri bo‘lishi mumkin. RF Ukrainani qaytadan o‘qqa tuta boshladi.
Ukrainada — deyarli to‘rt yildan beri Rossiyaning to‘laqonli bosqiniga qarshi himoyalanib kelayotgan mamlakatda qattiq sovuqlar kutilyapti. Mamlakat shimolidagi Sumi va Chernixiv viloyatlarida havo harorati -30 darajagacha pasayishi mumkin. Bu haqda dushanba, 2 fevral kuni “RBK-Ukraina” Ukrgidrometmarkaz meteoprognozlar bo‘limi rahbari Natalya Golenyaga tayanib xabar qildi.
Avvalgi kechada Ukraina shimolida havo harorati -29°C gacha tushgan. Demak, hozirgi sovuqlar ikki hafta oldin kuzatilgan sovuqlardan ham kuchliroq. Ular yana ikki sutka davom etadi, shundan keyin qisqa muddatli ilish kutilyapti — mamlakatning katta qismida kunduz kuni havo harorati 0°C gacha yoki musbat qiymatlarga ko‘tariladi. 8 fevraldan esa yana sovuqlar kuchayishi kutilmoqda.
Nashr qayd etishicha, Ukrainada qattiq sovuqlar kam uchraydi, bu qishning o‘ziga xos jihati esa uning uzoq davom etishi bo‘lishi mumkin.
“2012 yilda Kiyev viloyatidagi Barishevkada -32 daraja qayd etilgan. Kiyevning o‘zida o‘shanda -26,8 bo‘lgan”, — deb eslatdi Golenya. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu qishda o‘rtacha sutkalik harorat noldan past bo‘lgan eng uzoq davr qayd etilishi mumkin. “Ehtimol, ketma-ket ikki oy mobaynida o‘rtacha oylik harorat me’yordan past bo‘ladi”, — deb qo‘shimcha qildi meteorolog.
Shu kuni Rossiya Ukrainaning energetik infratuzilmasiga qaytadan zarba berishni boshladi va shu bilan to‘rt kun oldin e’lon qilingan “energetik sulh”ni buzdi. 2 fevralga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Xarkiv, Sumi, Dnipropetrovsk va Cherkassk viloyatlaridagi energetika obektlariga hujum qilganini Ukraina energetika vaziri birinchi o‘rinbosari Artyom Nekrasov bildirdi.
Uning aytishicha, zarar ko‘rgan energoobektlarda tiklash ishlari davom etyapti, energetika tizimining barqaror ishlashi uchun barcha imkoniyatlardan foydalanilmoqda. Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, quvvat tanqisligi Kiyev va Kiyev viloyatida ham saqlanib qolmoqda. Shuningdek, og‘ir ob-havo sharoiti sabab Odessa, Mikolayiv va Kirovoxrad viloyatlarida 160 dan ortiq aholi punktlari elektr ta’minotisiz qolgan.
Ayni paytda vazir o‘rinbosari Dnipropetrovsk viloyatida energetika sohasi xodimlariga qaratilgan maqsadli hujum haqida ham ma’lum qildi: Rossiya tomoni oldingi kuni Pavloxrad tumanidagi “Ternovskaya” shaxtasi yaqinida joylashgan energiya korxonalardan birining xizmat avtobusini dronlar bilan urgan. Natijada shaxtaning 16 nafar xodimi halok bo‘lgan, yana 14 nafari yaralangan. 2 fevral kuni kunduzi Rossiya tomoni o‘sha korxonaga ikkinchi marta ham zarba bergan, ma’muriy binolar shikastlanganini DTEK energetika kompaniyasi ma’lum qildi.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy energetika masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilish yakunlariga ko‘ra, 31 yanvar kungi avariyadan keyin mamlakat energotizimi barqarorlashganini bildirdi. “Rossiya armiyasi, oldingi kunlarda bo‘lgani kabi, logistikamizga, avvalo temiryo‘lga qarshi e’tibor qaratyapti. Xususan, Dnipro viloyati va Zaporijjyada zarbalar bo‘ldi — aynan temiryo‘l obektlariga”, — deb yozdi Zelenskiy Telegram’da. U, shuningdek, Kiyevda 200 dan ortiq uy hali ham isitishsiz qolayotganini xabar qildi.
Mavzuga oid
22:09 / 08.06.2026
«Gazprom» O‘zbekistonga eksportni 15 foizga oshirganini ma’lum qildi
20:34 / 08.06.2026
Xominaiy o‘ldirilgach, Rossiyada Putinni qo‘riqlash uchun yaratilgan kuzatuv tizimi o‘chirib qo‘yildi
20:04 / 08.06.2026
Kiyevga Zelenskiy bilan uchrashuvga borgan rossiyalik tadbirkor Roman Abramovich bo‘lib chiqdi
18:06 / 08.06.2026