Jahon | 13:50 / 07.03.2023
14534
2 daqiqa o‘qiladi

Pekin AQShni ehtimoliy mojaro haqida ogohlantirdi

Agar Vashington Xitoyga nisbatan siyosatini o‘zgartirmasa, bu qarama-qarshilik va mojarolarga olib keladi, uning oqibatlari falokatli bo‘lishi mumkin, deya ma’lum qildi Xitoy tashqi ishlar vaziri Tsin Gan.

Tsin Gan / Foto: Kyodo

Xitoy rasmiylari Qo‘shma Shtatlar tomonidan qarama-qarshilik siyosati xavfli ekanini ma’lum qildi. Xitoy tashqi ishlar vaziri Tsin Gan 7 mart, seshanba kuni Pekinda Butunxitoy xalq vakillari kengashi sessiyasi doirasida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Vashington adolatli va qoidalarga asoslangan raqobatga e’tibor qaratish o‘rniga, XXRni bostirish va tiyib turishga umid qilayotganini aytib o‘tdi.

Agar AQSh ma’muriyati Xitoyga nisbatan bu yo‘nalishni o‘zgartirmasa, bu «mojarolar va qarama-qarshiliklarga» olib keladi, deya ta’kidladi u va Vashingtonni Xitoy haqidagi tasavvurni «jiddiy buzganlikda» aybladi. «Ular Xitoyni o‘zlarining asosiy raqibi va eng katta geosiyosiy muammo deb bilishadi», dedi vazir. 

Tsin Ganning so‘zlariga ko‘ra, AQSh ma’muriyati Xitoy bilan munosabatlarning asosiy tamoyillarini ishlab chiqayotganini va ziddiyatga intilmasligini da’vo qilmoqda, biroq amalda bu Pekin tuhmat va hujumlarga so‘z yoki harakatlar bilan javob bermasligi kerakligini anglatadi. «Bu shunchaki mumkin emas, - dedi u. - Agar Qo‘shma Shtatlar tormozni bosmasa va noto‘g‘ri yo‘lda davom etsa, hech qanday to‘siq mojaro va qarama-qarshilikka olib keladigan relsdan chiqishning oldini olmaydi». Tsin Gan «bunday mojaroning oqibatlari falokatli bo‘lishi mumkinligini» qo‘shimcha qildi. 

AQSh-Xitoy munosabatlari bir necha yillardan beri turli kelishmovchiliklar - savdo mojarosi, Tayvan bo‘yicha bahs, josuslik bo‘yicha gumonlar va Pekinning Rossiyani qo‘llab-quvvatlashi tufayli taranglashgan. Ular so‘nggi haftalarda Xitoyning Amerika Qo‘shma Shtatlari uzra josuslik sharlarini uchirgani bilan kuchaydi, ulardan biri fevral oyida urib tushirilgandi. 

Mavzuga oid