Jahon | 23:12 / 11.05.2026
4339
2 daqiqa o‘qiladi

Tramp Eron takliflarini «axlat uyumi» deb atadi

AQSh prezidenti Donald Tramp Eronning mojaroni hal qilish bo‘yicha taklifini oxirigacha o‘qimaganini aytdi.

Foto: EPA

«Ularni oxirigacha o‘qiganim ham yo‘q. Men vaqtimni o‘qishga sarflamaslikka qaror qildim», dedi Tramp 11 may kuni jurnalistlarga.

Shuningdek, AQSh prezidenti Eron takliflarini «axlat uyumi» deb atadi.

U, shuningdek, o‘t ochishni to‘xtatish rejimi juda beqaror holatda ekanini ta’kidladi. Tramp bu vaziyatni shunday ta’rifladi: «Shifokor kirib, sizga qadrli odamning omon qolish ehtimoli taxminan 1 foiz ekanini aytadi».

Shu bilan birga, Tramp Eron bo‘yicha «dunyodagi eng yaxshi rejaga» ega ekanini ta’kidladi.

Bir kun avval Tramp Eronning urushni to‘xtatish bo‘yicha Amerika taklifiga javobini rad etib, uni «Mutlaqo nomaqbul» deb atadi. Eron o‘z takliflarini Pokiston vositachilari orqali yetkazgan. Tehron tovon to‘lash, Ho‘rmuz ustidan to‘liq nazorat o‘rnatish, sanksiyalarni bekor qilish va aktivlarni qaytarishni talab qilgan edi.

Asosiy kelishmovchiliklar: Eronning yadroviy dasturi (uranni boyitish, yuqori darajada boyitilgan material zaxiralari, obektlarni demontaj qilish), Ho‘rmuzdagi kema qatnovi xavfsizligi va umumiy sulh formati. AQSh bo‘g‘ozning tezda ochilishini va yadroviy qurol bo‘yicha qat’iy kafolatlarni, Eron esa alohida muzokaralar va yon berishlarni xohlamoqda.

Сардор Юсупов
Tayyorlagan Сардор Юсупов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid