Jahon | 08:53 / 10.03.2023
15177
2 daqiqa o‘qiladi

Si Jinping uchinchi muddatga Xitoy rahbari etib saylandi

Si Jinping Xitoy tarixida birinchi bor uchinchi muddatga rais etib saylangan mamlakat rahbariga aylandi.

Foto: AFP

Juma kuni Butunxitoy xalq vakillari kengashi deputatlari ovoz berish natijalariga ko‘ra, bir ovozdan Si Jinpingni uchinchi besh yillik muddatga Xitoy raisi lavozimiga qayta sayladilar.

Davlat rahbari saylovi juma kuni ertalab yalpi majlisda yashirin ovoz berish yo‘li bilan bo‘lib o‘tdi. Unda 2952 nafar deputat ishtirok etdi.

Si Jinping Xitoyda uchinchi muddatga rais etib saylangan birinchi rahbar bo‘ldi.

Bundan tashqari, Si Jinping mamlakatning barcha qurolli kuchlariga rahbarlik va yagona qo‘mondonlikni ta’minlovchi Xitoy Markaziy harbiy komissiyasi rahbari lavozimiga qayta saylandi.

Si Jinping ilk bor 2013 yil mart oyida Xitoy raisi etib saylangan va 2018 yil mart oyida ikkinchi besh yillik muddatga qayta saylangandi.

XXRda raislik lavozimi 1954 yilda mamlakat konstitutsiyasining qabul qilinishi bilan tashkil etilgan bo‘lib, bu lavozimni birinchi bo‘lib Mao Tszedun egallagan. Bu lavozim 1975 yilda tugatilib, yetti yildan keyin tiklandi. Ilgari konstitutsiya bir shaxsning XXR raisligida ikki marta besh yillik muddatga ega bo‘lishini cheklagan bo‘lsa, 2018 yil martida konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartirishlardan so‘ng tegishli cheklovlar olib tashlandi.

Si Jinping bu yil 70 yoshga to‘ladi va u hokimiyatda qancha vaqt qolishni rejalashtirayotgani haqida aniq prognoz yo‘q. Ba’zi tahlilchilarning fikriga ko‘ra, hozirgi rahbar kamida 2035 yilgacha o‘z pozitsiyasini saqlab qolishga intiladi, bu davrda «sotsialistik modernizatsiya va Xitoy xalqining tiklanishi»ning birinchi bosqichi rejalashtirilgan.

Birinchi bosqich doirasida Xitoyda o‘rta daromadli jamiyatni qurish uchun poydevor qo‘yiladi, armiyani modernizatsiya qilish, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy islohotlarni amalga oshirish mo‘ljallangan.

Mavzuga oid