Jahon | 01:20
460
3 daqiqa o‘qiladi

Si Jinping o‘z generallariga ishonmay qo‘ydi – OAV

Xitoyda yuqori martabali admiral va generallar soni uch yil ichida 30 nafardan yetti nafargacha kamaydi. Qayd etilishicha, Si armiyani modernizatsiya qilish uchun o‘zi tanlagan qo‘mondonlar bundan buyon ishonchga munosib emas degan xulosaga kelgan.  

Foto: Getty Images

Xitoy raisi Si Jinping o‘zi tayinlagan generallariga nisbatan ishonchini yo‘qotdi, deb yozmoqda The New York Times tahlilchilarga tayanib. Gazetaning qayd etishicha, harbiylarning bo‘shatilishi Xitoy armiyasi modernizatsiyasini xavf ostiga qo‘yadi. 

«Si Jinping boshqaruvi izchil ravishda yakuniy bosqichga kirmoqda. Bu bosqichda uning siyosiy hisob-kitoblari o‘zgarmoqda va u borgan sari atrofidagi a’zolardan xavotirlanmoqda», — dedi Tayvandagi Chenchi milliy universiteti professori Tszyan-ven Kou.

NYT nashrining yozishicha, yangi kampaniya kadrlar almashuvi bilan cheklanib qolmayapti. Xitoyda «mafkuraviy tuzalish» va «inqilobiy tarbiyalash» dasturi ishga tushgan. Bundan maqsad ofitserlarning kompartiya va rais Siga sadoqatini mustahkamlashdir.

Qayd etilishicha, Si armiyani modernizatsiya qilish uchun o‘zi tanlagan qo‘mondonlar bundan buyon ishonchga munosib emas degan xulosaga kelgan. Ishonsizlikning sabablaridan biri — korrupsiya.

Vashingtondagi mudofaa milliy universiteti katta ilmiy xodimi Joel Vutnau Xitoy yetakchisi korrupsiya va mafkuraviy nopoklik orasida parallel o‘tkazmoqda degan taxminni ilgari surdi. 

«Sining tasavvurida korrupsiya sababli jangovar tayyorgarlikda yuzaga kelayotgan muammolar mafkuraviy nopoklik oqibati hisoblanadi», — dedi u.

Shu yil fevralida The New York Times AQSh razvedkasiga tayanib oxirgi yillarda Si Jinpingda vasvasa alomatlari kuzatilayotganini yozgandi. Gazeta manbalari Xitoy armiyasi oliy qo‘mondonligidagi tozalashlarni shu bilan izohlagan.  

Mamlakatda 2023 yildan beri yuqori martabali admiral va generallar soni 30 nafardan 7 nafargacha kamaydi. Markaziy harbiy kengash raisi o‘rinbosari Chjan Yusyaning hibsga olinishi tozalovning oxirgi epizodi bo‘ldi. 

The Wall Street Journal o‘z manbalariga tayanib u jumladan, Xitoy yadroviy quroli haqidagi muhim texnik ma’lumotlarni AQShga berganlikda gumon qilinganini yozdi. Sinxua agentligi esa “intizom va qonun jiddiy tarzda buzilgani” bo‘yicha surishtiruv boshlanganini ma’lum qildi.

7 may kuni Xitoyning sobiq mudofaa vazirlari Vey Fenhe va Li Shangfu hukm ijrosini ikki yilga kechiktirgan holda o‘lim jazosiga hukm qilingani xabar qilindi. Davlat nashrlariga ko‘ra, Vey va Li korrupsiyada ayblangan.

Дилшодбек Асқаров
Tayyorlagan Дилшодбек Асқаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid