Jahon | 09:42 / 11.03.2023
22107
3 daqiqa o‘qiladi

An-225'ning yo‘q qilinishi: «Antonov» sobiq rahbarlari hibsga olindi

Ukraina Bosh prokuraturasi «Antonov» davlat korxonasi sobiq rahbarlari Rossiya Qurolli kuchlari Hostomel yaqinidagi aerodromni o‘qqa tutgandan so‘ng, «Mriya» samolyoti yo‘q qilinishi ishi bo‘yicha gumonlanuvchi ekanini e’lon qildi.

Foto: Mikhail Palinchak / Reuters / Scanpix / LETA

Ukraina Bosh prokuraturasi «Antonov» davlat korxonasi sobiq rahbarlarining harakatlari Kiyev viloyatidagi Hostomel aerodromi yaqinida dunyodagi eng yirik An-225 «Mriya» («Orzu») transport samolyotini yo‘q qilishga yordam bergan bo‘lishi mumkin, degan gumonni bildirdi. Bu aerodrom 2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishi boshlanishida o‘qqa tutildi. Bosh prokuratura 10 mart, juma kuni Telegram'da gumonlanuvchilar haqida xabar joylashtirdi.

Tergov «Antonov» sobiq bosh direktori Sergey Bichkov, bosh direktor o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Mixail Xarchenko, shuningdek, aviatsiya xavfsizligi bo‘yicha direktor o‘rinbosari Aleksandr Netesovga nisbatan olib borilmoqda, deb xabar berdi «Ukrainska pravda».

Gap «Ukraina qurolli kuchlari va boshqa harbiy tuzilmalarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish» gumoni haqida ketmoqda», — deyiladi Bosh prokuratura ma’lumotida.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yilning yanvar-fevral oylarida Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi Milliy gvardiyaga alohida obektlar, jumladan Hostomel yaqinidagi aerodrom xavfsizligi va mudofaasini kuchaytirish bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

«Antonov» davlat korxonasi mansabdor shaxslari harbiy xizmatchilarning faoliyatiga aralashgan, deya ishonch bildirgan Bosh prokuratura.

Natijada bir kishi halok bo‘ldi, yana ikki kishi yaralandi, «Mriya» samolyoti yo‘q qilindi, bir qator samolyot va transport vositalariga zarar yetkazildi, strategik harbiy obekt ustidan nazorat yo‘qoldi, so‘ngra Kiyev viloyatiga qo‘shni aholi punktlari vaqtincha okkupatsiya qilindi, deya ma’lumot berdi mahkama.

Ikki nafar gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi tanlandi, uchinchisiga nisbatan qidiruv e’lon qilish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. «Ukrainska pravda» nashrining yozishicha, Netesov Ukrainani tark etgan. Gumonlanuvchilar 15 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.

Sudgacha tergovni Ukraina Xavfsizlik xizmati olib bormoqda.

Ukrainadagi urush boshida Hostomel yaqinida «Mriya» samolyotining yo‘q qilinishi katta rezonansga sabab bo‘ldi. Ukraina hukumati uni qayta tiklashga va’da berdi.

Samolyot Kiyev mexanika zavodida bitta nusxada ishlab chiqarilgan bo‘lib, birinchi parvozi 1988 yil dekabr oyida amalga oshirilgan. Yuk ko‘tarish quvvati taxminan 253,8 tonnani tashkil etgan.

Mavzuga oid