O‘zbekiston | 11:21 / 11.03.2023
6905
2 daqiqa o‘qiladi

Bekzod Shukurov O‘zbekiston bosh vazirining matbuot kotibi etib tayinlandi

O‘zbekiston bosh vazirining matbuot kotibi tayinlandi.

Bekzod Shukurov / Foto: O‘zA

Bekzod Shukurov O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining matbuot kotibi etib tayinlandi.

Tayinlovga qadar u Vazirlar Mahkamasi Turizm, madaniyat va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari kotibiyatining Ommaviy kommunikatsiyalar va axborot ochiqligini ta’minlash masalalari shu’basi mudiri vazifasida ishlab kelayotgan edi.

U o‘z vaqtida Vazirlar Mahkamasida ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis vazifasida ishlagan.

Bundan oldin Vazirlar Mahkamasining ijro apparati tugatilib, uni boshqarib kelgan Ravil Abduqodirov bosh vazirga maslahatchi etib tayinlangandi. 

Ijro apparati o‘rniga tuzilgan bosh vazir kotibiyatiga Abdurashid Jo‘raboyev rahbar bo‘ldi. U bungacha prezident maslahatchisining o‘rinbosari edi.

2018–2022 yillarda Vazirlar Mahkamasida ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassis vazifasida ishlagan Bekzod Shukurov ungacha «Jamiyat» gazetasi bosh muharriri, “O‘zbekiston ovozi” gazetasida bo‘lim boshlig‘i sifatida faoliyat yuritgan.

U 2011 yilda “Oltin qalam”, 2016 yilda esa “E’tirof” tanlovlarida sovrindor bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Bosh vazir Abdulla Aripovning matbuot kotibi sifatida ishlab kelgan Baxtiyor Madaminovich Hasanov pensiyaga chiqishi munosabati bilan 11 fevral kuni lavozimidan ozod qilingandi.

Mavzuga oid