Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Zelenskiyning do‘sti Bakanovga hech qanday ayblov qo‘yilmadi. Bu nimani anglatadi?
Ukraina xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari, matbuotda Rossiya bosqiniga tayyorgarlik barbod bo‘lishida gumondor sifatida ko‘rilgan Ivan Bakanov hech qanday jinoyat ishi figuranti hisoblanmaydi. Bu Ukraina davlat tergov byurosining BBC Ukraina nashri so‘roviga yuborgan javobida qayd etilgan.
Prezident Volodimir Zelenskiyning bolalikdagi do‘sti ekani aytiluvchi Ivan Bakanov 2022 yil iyul oyida Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari lavozimidan chetlashtirilgan edi. Bo‘shatilishga rasmiy asos — xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmaganlik moddasi.
O‘shandan beri Bakanov jamoatchilik ko‘z o‘ngidan g‘oyib bo‘ldi. Na prezident, na uning o‘rnini egallagan Vasiliy Malyuk Bakanovning iste’fosiga izoh berdi.
Kuzatuvchilar Bakanov lavozimidan bo‘shatilishining asl sababi Ukraina xavfsizlik xizmatining Rossiya bosqinini qaytarishga tayyorgarlik ko‘rishdagi muvaffaqiyatsizligi deya taxmin qildi. O‘tgan hafta esa Ukraina matbuoti xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari DTB tomonidan olib borilayotgan bir necha jinoiy ishda figurant ekani haqida yozdi.
Jinoyat ishi yo‘q
«Davlat tergov byurosi tergovchilari tomonidan Bakanovning noqonuniy faoliyati tekshirilgan jinoiy ish yuritilmagan, unga nisbatan gumon e’lon qilinmagan, ayblov xulosalari sudga yuborilmagan, xizmat tekshiruvi materiallari Davlat tergov byurosiga kelib tushmagan», deya xabar bergan Ukraina davlat tergov byurosi BBC nashriga. DTB Ukraina huquq-tartibot organlari xodimlari, sudyalar va yuqori martabali davlat amaldorlariga qarshi ishlarni ko‘rib chiquvchi tashkilot hisoblanadi.
Davlat tergov byurosi bayonotida qayd etilgan ichki xizmat tekshiruvi Bakanovga u iste’foga chiqishi bilanoq darhol tayinlangandi. Xizmat tekshiruvi yakunlangani fevral oyi boshida ma’lum bo‘ldi va hujjatlarda maxfiy materiallar mavjudligi sababli tekshiruv natijalari e’lon qilinmadi.
BBC nashrining Ivan Bakanovga yaqin suhbatdoshining aytishicha, tekshiruv UXX sobiq rahbarining harakatlarida jinoyat tarkibi yo‘qligini ko‘rsatgan.
Bakanov generallari
Ivan Bakanovning faoliyati huquqni muhofaza qilish organlari qiziqishlari doirasiga tushishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlangandan so‘ng darhol paydo bo‘lgandi.
Katta urushning dastlabki kunlaridayoq ommaviy axborot vositalari bosqin boshlangan paytda Bakanov mamlakat tashqarisida bo‘lgani haqida xabar berdi. UXX matbuot xizmati bu ayblovlarni rad etdi. Ammo UXX rahbari qayerda ekani haqidagi so‘rovlar faqatgina bir oydan keyin, ijtimoiy tarmoqlarda Bakanovning Kiyev markazida to‘pponcha taqib, kamuflyaj kaska kiyib tushgan surati paydo bo‘lgachgina butunlay tugadi. Hozirda BBC’ning Bakanovga yaqin manbalari u o‘tgan yilning 24 fevralidan beri mamlakatni tark etmaganini aytmoqda.
Rossiya qo‘shinlarining janubda juda tez oldingi siljishi (xususan, Qrimdan orqali chegarani qarshiliksiz yengib o‘tib, Dniproni kesib o‘tishi va Xersonni egallashi), shuningdek, mamlakat shimolida ham tezkor harakat qilishi (bosqin boshlanganidan bir necha kun o‘tiboq shimoldan kirgan rus qo‘shinlari Kiyev chekkasiga yetib keldi) Ukraina maxsus xizmatlarining kamida ba’zi vakillari amerikalik hamkorlar bir necha oy oldindan ogohlantirganiga qaramay bosqinga tayyorgarlikni sabotaj qilgani yoki umuman bosqinchilarga yordam bergani haqidagi shubhalarni kuchaytirdi.
Bu shubhalar 2022 yil yozda UXXning Qrim bo‘limi (shtabi Xersonda) sobiq rahbari Oleg Kulinich hibsga olinishi bilan kuchaydi. U davlatga xiyonatda ayblandi.
Bu voqeadan biroz oldin Serbiyada, Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan bir necha soat oldin mamlakat hududini tark etgan yana bir UXX generali — maxsus xizmat ichki xavfsizlik boshqarmasi sobiq boshlig‘i Andrey Naumov qo‘lga olindi. Ukrainada u davlatga xiyonatda va Chernobil atom elektr stansiyasini bosib olishda ruslarga yordam berganlikda ayblanmoqda. Kiyev uni ekstraditsiya qilish uchun Belgradga zarur hujjatlarni jo‘natgan.
Kulinich ham, Naumov ham Ivan Bakanovga yaqin odamlar deb aytiladi: ularning ikkisi ham maxsus xizmatlarda ishlamay turib, aynan Bakanov bilan birga UXXdagi yuqori lavozimlarga kelgan.
Davlat tergov byurosi BBC nashriga Kulinichga qarshi tergov ishi davom etayotganini ma’lum qilgan. Bundan tashqari, DTB «Ukrainaning materik qismini (Qrim yo‘nalishi bo‘ylab) himoya qilishni noto‘g‘ri tashkil etish holati» yuzasidan tergov ishi davom etayotganini tasdiqladi. Shu bilan birga, tashkilot bu ishda kim gumondor sifatida ko‘rilayotganini ochiqlamadi.
O‘tgan hafta Kiyevdagi «Novoye Vremya» nashri «Prezident devonining yuqori martabali vakili»ga tayanib, Ivan Bakanov Davlat tergov byurosi mamlakat hududining bir qismining bosib olinishi bo‘yicha qo‘zg‘atgan jinoyat ishi figuranti ekanini xabar qildi.
«Urush UXXda sodir bo‘layotgan hamma narsani fosh qildi. Prezident devoni Bakanovning qanday rahbarlik qilganidan dahshatga tushdi. Ko‘p yo‘nalishlarda vaziyat shunchaki halokatli», deya nomi oshkor etilmagan amaldorning so‘zlaridan iqtibos keltirgan «Novoye Vremya» nashri.
Bakanovga nisbatan jinoyat ishi yo‘qligi haqida BBC olgan bayonot bu ma’lumotni inkor etadi.
Zelenskiyning do‘sti
O‘z vaqtida Ivan Bakanovning Ukraina xavfsizlik xizmati rahbari etib tayinlanishi Ukrainada yangi saylangan prezident Volodimir Zelenskiyning eng ziddiyatli qarorlaridan biri sifatida qabul qilingan edi.
Bakanovning tarjimayi holiga ko‘ra, bu vazifaga tayinlanishdan oldin uning maxsus xizmatlarga hech qanday aloqasi bo‘lmagan. Ammo u Zelenskiyning Krivoy Rogdagi bolalikdagi do‘sti va qo‘shnisi, keyinchalik «Kvartal 95» loyihasida biznes sherigi edi.
Balki shuning uchun ham Zelenskiy dastlab Bakanovning Rossiya bosqinini qaytarishga tayyorgarlik ko‘rishdagi kamchiliklar uchun javobgarligi haqidagi savollarga keskin munosabat bildirgan.
2022 yilning 27 iyunida, urush boshlanganidan to‘rt oy o‘tib, Bakanovning iste’foga chiqishi mumkinligi haqidagi savolga prezident «Agar men uni ishdan bo‘shatishni xohlaganimda, ishdan bo‘shatgan bo‘lardim», deya javob bergan edi.
Oradan bir oy ham o‘tmay, 17 iyul kuni Zelenskiy kutilmaganda Ivan Bakanovni UXX rahbari lavozimidan chetlashtirdi. Shu kuni Ukraina Bosh prokurori Irina Venediktova ham lavozimidan ozod qilindi.
«(Bu qadamlar) prezident va biz barchamiz uzoq vaqtdan beri bu ikki organ rahbarlaridan ushbu tuzilmalarni kollaborantlar va xoinlardan tozalash bo‘yicha aniqroq radikal natijalarni kutganimiz bilan bog‘liq. Ammo urushning oltinchi oyida ham biz bunday odamlarni aniqlashda davom etmoqdamiz», deya ushbu qarorni izohlagandi prezident devonining huquqni muhofaza qilish organlari bo‘yicha o‘rinbosari Andrey Smirnov.
Zelenskiyning o‘zi o‘shandan beri Ivan Bakanovning taqdiri haqida hech qanday izoh bermadi.
Venediktova biroz o‘tib Ukrainaning Shveytsariyadagi elchisi etib tayinlangani hisobga olinsa, huquq-tartibot idoralarida unga nisbatan hech qanday da’vo bo‘lmagan. Iste’foga chiqqanidan so‘ng g‘oyib bo‘lgan Bakanov borasida esa bunday deb bo‘lmaydi.
Bakanovning familiyasi uning rahbarligi davrida UXXda sodir bo‘lgan «g‘alati voqealar» sabab OAVda muntazam ravishda eslanmoqda. Gap rossiyaliklar bilan tinchlik muzokaralari olib borayotgan Ukraina muzokaralar delegatsiyasi a’zosi, razvedkachi Denis Kireyevning UXX xodimlari tomonidan o‘ldirilishi va UXX Xarkiv bo‘limining hozirda hibsga olingan boshlig‘i Roman Dudinning urushning dastlabki kunlarida shaharda hokimiyatni egallab olishga urinishi haqida ketmoqda.
Zelenskiy jamoasiga qo‘yilgan savollar
BBC rus xizmatining Ukrainadagi muxbiri Svyatoslav Xomenko
Hozirda, Rossiyaning keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan bir yil o‘tib, Ukraina jamiyati mamlakat sharqidagi qonli janglarning «yangi doimiyligi»ga va Rossiya armiyasining qolgan hududlarga vaqti-vaqti bilan yalpi raketa hujumlariga ko‘nika boshlaganida jamoatchilik muhokamasida Ukraina hukumati urushga tayyorgarlik ko‘rish uchun barcha narsani qildimi va sodir bo‘layotgan voqealar uchun javobgarlikning bir qismi ularning zimmasiga tushadimi degan savol ko‘tarilmoqda.
Katta urushning bir yili ortda qolgan bo‘lsa-da, rasmiy Kiyev hanuz davlat hokimiyati organlari G‘arbning yaqinlashib kelayotgan bosqin haqidagi ogohlantirishlarini nimaga e’tiborsiz qoldirganini tushuntiruvchi aniq bayonotni ishlab chiqa olmadi. Allaqachon berilgan tushuntirishlar, masalan, bosqin arafasida G‘arb ruslarning rejalari haqida aniq ma’lumot bermagani, shunchaki keskinlikni kuchaytirgani yoki Kiyev aholi orasida vahima qo‘zg‘atmoqchi bo‘lmagani — yoki Ukrainaning g‘arblik hamkorlari tomonidan rad etildi yoki ishonarli chiqmadi.
Odat bo‘yicha, o‘ziga xos jamoatchilik konsensusiga ko‘ra, Bakanov ishi bu savolga javobning bir qismi edi: «Prezident o‘z do‘stini razvedka xizmatiga boshliq qilib tayinladi. Katta urush boshlanganidan so‘ng maxsus xizmatda o‘nlab sotqin va xoinlar ishlayotgani ma’lum bo‘ldi. Prezident do‘stini ishdan bo‘shatdi. Hozir surishtiruv bilan shug‘ullanadigan vaqt emas, lekin g‘alabadan keyin hammasini batafsil ko‘rib chiqamiz».
Davlat tergov byurosining Bakanovga nisbatan jinoyat ishini tergov qilmayotgani haqidagi bayonoti bu sxemani buzadi. Axir, agar urushga tayyorgarlik Bakanov tomonidan sabotaj qilinmagan bo‘lsa, unda bu ishni kim qilgan?
Yaqinda katta urush boshlanganining bir yilligiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida Volodimir Zelenskiyga to‘g‘ridan to‘g‘ri quyidagi savollar berildi: u Ukraina fuqarolariga real tahdid haqida xabar berilmagani uchun shaxsiy javobgarlikni his qiladimi va uning do‘sti, UXX sobiq rahbari Ivan Bakanovga qanday jazo berilishi kerak?
Prezidentning asabiy javobi, aslida, shaxsan Zelenskiy tufayli davlat boy berilmagani va Kiyev ishg‘ol qilinmaganiga yo‘naltirildi. Prezident o‘z javobida «Bakanov» so‘zini biror marta ham tilga olmadi.
Hech kim Zelenskiyning, ayniqsa, urushning dastlabki kunlari va haftalarida Ukraina himoyachilarining ruhiyatini oshirishdagi muhim roliga shubha qilmaydi. U Ukraina qarshiligi ramziga, mamlakat ichkarisida ham, tashqi dunyoda ham ozodlik uchun kurash ramziga aylanganini barcha tan oladi.
Ammo bu urush boshlanishidan oldin sodir bo‘lgan voqealar bo‘yicha hech qachon savollar berilmaydi va ularga rost javoblar hech qachon baland ovozda aytilmaydi degani emas. Garchi bu javoblar Zelenskiy yoki uning do‘stlari uchun yoqimsiz (hatto muammolarga to‘la) bo‘lsa ham va ular Ukraina prezidentining butun dunyo bo‘ylab gazeta va jurnallarning birinchi sahifalarida paydo bo‘ladigan qo‘rqmas qahramon obraziga mos kelmasa ham aytilishi shart.
Mavzuga oid
16:47 / 10.06.2026
Ukraina «Flamingo» raketalari bilan Cheboksarga zarba berdi
10:00 / 10.06.2026
Germaniya Ukraina uchun yana 300 million yevro ajratadi
10:25 / 09.06.2026
Kiyev va Vashington Ukrainadagi urushni tugatish masalasini muhokama qildi
08:45 / 09.06.2026