O‘zbekiston | 15:23 / 18.03.2023
19339
6 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahri qurilishiga tamal toshi qo‘ydi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni Yangi Toshkent shahri qurilishiga tamal toshi qo‘ydi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi. Davlat rahbari so‘zining avvalida xalqni Navro‘z ayyomi va muqaddas Ramazon oyi kirib kelayotgani bilan qutladi. Toshkentning qadim tarixini yodga olib, u bugun ham hayotning barcha jabhasida mamlakatda yetakchi bo‘lib kelayotganini ta’kidladi. 

– Biz aholi talabidan kelib chiqib, oxirgi yillarda Toshkentda juda ko‘p qurilishlar qildik. Endi uning rivojlanish istiqbollarini o‘ylashimiz kerak. Xalqimiz “maslahatli to‘y tarqamas” deganidek bugun sizlar bilan Toshkentning kelajagini kengashish uchun yig‘ildik, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident poytaxt istiqbolini belgilashda uzoqni o‘ylash kerakligini ta’kidladi.

– Poytaxtimizning barqaror rivojlanishini o‘ylab, kamida 15-20 yil oldin rejalarimizni aniq belgilab olishimiz zarur. Chuqur o‘ylangan urbanizatsiya siyosati – turmush sharoiti, iqtisodiy rivojlanishga, odamlar kayfiyati va madaniyatiga juda katta ta’sir ko‘rsatadi, – dedi davlat rahbari.

Buyuk Britaniya, Singapur va turkiyalik mutaxassislar bilan birga, Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan Bosh rejasi loyihasi ishlab chiqildi. Unda aholi uchun qulay sharoitlar yaratish, qurilishlarni shahar tashqarisida amalga oshirish, atrof-muhit tozaligini ta’minlash, Toshkentning me’moriy qiyofasini saqlab qolish masalalari ko‘zda tutilgan.

Toshkent viloyatining chegaradosh tumanlari hisobidan poytaxt hududini bosqichma-bosqich kengaytirib, Chirchiq va Qorasuv daryolari oralig‘ida Yangi Toshkentni qurish rejalashtirilgan. Xalq deputatlari va jamoatchilik vakillari bilan muhokama qilinib, 3 xil loyihadan eng maqbuli tanlab olingan.

Yangi Toshkent loyihasi doirasida 20 ming gektarda 1 million aholi yashashi uchun qulay sharoit yaratiladi va shunga mos infratuzilma bilan ta’minlanadi. Xususan, birinchi bosqichda 60 ming aholiga mo‘ljallangan ko‘p qavatli uylar, 30 ta maktab, 20 ta bolalar bog‘chasi, ko‘p tarmoqli shifoxona va 5 ta oilaviy poliklinika barpo etiladi. Davlat idoralari, Yangi O‘zbekiston universiteti, Milliy kutubxonaning yangi binolari, teatr, ijod maktablari, savdo va servis markazlari ham shu yerda joylashadi.

Yana bir muhim tomoni – bu loyihani amalga oshirishda zamonaviy urbanizatsiya yondashuvlari asosida “aqlli” texnologiyalar qo‘llaniladi. Masalan, ekologik transport tizimi tashkil etiladi. Metro va elektrobuslar uyg‘unlikda harakatlanadi. “Yashil va xavfsiz shahar” tamoyili asosida, piyodalar va velosipedchilarning erkin harakatlanishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Shu maqsadda 100 ming avtomobil uchun yer osti turargohlari quriladi. Avtomobil qatnovi uchun 14 ta zamonaviy tunellar hamda Chirchiq va Qorasuv daryolari ustida 7 ta ko‘prik bunyod etiladi. Barcha elektr, aloqa tarmoqlari, gaz va suv quvurlari yer tagidan o‘tkaziladi.

Markaziy Osiyoda ilk bor “uch-generatsiya” stansiyasi quriladi. Ya’ni, bu stansiya orqali elektr ishlab chiqariladi, binolar kuz-qishda isitilib, yozda esa sovitiladi. Yangi Toshkent loyihasida suv tejovchi texnologiyalar hisobiga suv sarfi 2 baravar kamayadi. Oqova suvlar ham zamonaviy texnologiyalar asosida qayta ishlanib, sug‘orish va texnik maqsadlar uchun yo‘naltiriladi. Yangi shaharda innovatsion texnologiyaga asoslangan, yuqori daromadli 200 mingta ish o‘rni yaratiladi. Buning uchun yangi texnoparklar, IT-park, ta’lim va tibbiyot klasterlari tashkil etiladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent poydevoriga kapsula qo‘yib, uning qurilishini boshlab berdi.

- Ulug‘ ayyom arafasida ezgu niyatlar bilan qurilishni boshlayapmiz. Inshoolloh, bu Yangi O‘zbekiston tarixida yangi sahifa bo‘ladi, - dedi davlat rahbari.

Bu shahar uchun, shuningdek, poytaxt uchun ham qo‘shimcha energiya ta’minoti zarur. Birgina Toshkent shahrining o‘zida so‘nggi 6 yilda elektr energiyasi iste’moli 30 foizga oshib, qariyb 8 milliard kilovatt-soatga yetgan. Bu talab tobora ortib bormoqda. Shu bois Toshkent shahri elektr ta’minoti tizimini tubdan yaxshilash bo‘yicha katta dastur qabul qilindi. Unga ko‘ra, poytaxt ehtiyojini ta’minlash uchun jami quvvati 2 ming 400 megavattli 4 ta quyosh stansiyasi barpo etilishi belgilangan. Ulardan birinchisi – Qibray tumanida 400 megavattli fotoelektr stansiyasini qurish boshlangan.

Shuningdek, yana 3 ta loyiha bo‘yicha Xitoyning CEEC-Gezhouba hamda China Dating Overseas Investment kompaniyalari bilan kelishuvga erishilgan. Bular – Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida 700 megavattli, Ohangaron tumanida 1 ming megavattli hamda Bo‘ka tumanda 300 megavattli stansiyalardir. Marosimda mazkur 3 ta loyihaga ham start berildi. Ularga 2 milliard dollardan ziyod to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiya kiritiladi. Yil yakunigacha ular bo‘yicha dastlabki 300 megavatt quvvatlar ishga tushiriladi. Bu stansiyalar to‘liq quvvatga chiqqandan keyin yiliga 6 milliard kilovatt-soat elektr ishlab chiqaradi va poytaxt ehtiyojining yarmidan ko‘pini qoplaydi. Shu bilan birga, Toshkent shahrida yuqori kuchlanishli tarmoqlar qurilib, eskirgan transformator va elektr tarmoqlari yangilanishi ma’lum qilindi.

– Poytaxtimizda amalga oshirayotgan barcha-barcha maqsad, reja va dasturlarimiz aholimiz uchun, uning bugun kechagidan, ertaga bugungidan yaxshiroq yashashi uchun, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Marosimda qayd etilganidek, Yangi Toshkent chinakam ekologik shahar bo‘ladi. “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu yerdan boshlanadi. 420 gektar maydonda “Markaziy bog‘” barpo etilib, 200 ming tup daraxt ekiladi. Davlat rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga ushbu bog‘ga ko‘chatlar o‘tqazdi. Tadbirda ishtirok etgan diplomatik korpus vakillari bilan muloqot qildi.

Mavzuga oid