Jahon | 07:43 / 21.03.2023
22642
3 daqiqa o‘qiladi

Qrimdagi shaharga dronlar hujum qildi

Qrimdagi Jankoy shahriga dronlar hujumi kuzatildi, bir kishi yaralangan. Ukraina razvedkasi ma’lum qilishicha, temiryo‘lda «Kalibr» qanotli raketalari yo‘q qilingan.

Foto: T.ME/KRYUCHKOVOLEG

Anneksiya qilingan Qrimning Jankoy shahri aholisi vakillari 20 mart kuni kechqurun shaharda portlashlar va otishmalar ovozlari eshitilayotgani to‘g‘risida xabar bera boshladi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvlarga ko‘ra, Jankoyga kamikadze dronlar hujum uyushtirgan. Jankoy uchuvchisiz uchish qurilmalari hujumiga yo‘liqqani haqida shahar ma’muriyati rahbari Igor Ivin ham ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy ko‘chadagi turar joy binosi shikastlangan, Perekopskaya ko‘chasidagi oziq-ovqat do‘konida yong‘in chiqqan.

Anneksiya qilingan Qrim rahbari Sergey Aksenov Jankoy hududida «havo hujumidan mudofaa tizimi ishga tushgani» haqida xabar berdi. Jankoy rahbari esa shahardagi ikki ko‘chada dron qoldiqlari topilganini ma’lum qildi. Qrim rahbari maslahatchisi Oleg Kryuchkov dron qoldiqlari suratlarini e’lon qilgan.

Hodisa oqibatida, rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bir kishi yaralangan. Mahalliy aholi vakili, oziq-ovqat do‘koni sotuvchisi bo‘lgan 33 yoshli kishi oskolkadan jarohatlanib, shifoxonaga yotqizilgan. Jankoy rahbari uning hayoti xavf ostida emasligini bildirdi.

Ukraina Mudofaa vazirligi Bosh razvedka boshqarmasi Jankoyda temiryo‘l orqali tashilayotgan «Kalibr-NK» rusumli qanotli raketalari yo‘q qilingani to‘g‘risida ma’lumot berdi. Razvedkadagilarning qayd etishicha, bu raketalar RF Qora dengiz floti kemalaridan uchirilishi rejalashtirilgandi. 

Ukraina hukumati bir necha marta Rossiya bilan urush RF qo‘shinlari Ukrainaning bosib olingan barcha hududlaridan, jumladan 2014 yilda annexia qilingan Qrimdan ham ketgachgina yakunlanishi mumkinligini ma’lum qilgan. 2022 yil avgustida ukrainalik harbiylar Rossiyaning Qrimdagi aviabazalariga zarbalar yo‘llagandi. Sentyabr oyi boshida Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy urushning 2023 yilgi istiqbollari to‘g‘risidagi maqolasida Qrimni ozod etish bo‘yicha harbiy amaliyot o‘tkazilishi mumkinligini istisno etmagandi.

Mavzuga oid