Jahon | 16:56 / 26.03.2023
35066
11 daqiqa o‘qiladi

«Sulton»ga qarshi «Gandi». Erdo‘g‘anning saylovdagi raqibi kim?

14 may kuni Turkiyada prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi. Erdo‘g‘an falokatli zilziladan keyin turklarning avvalgi kabi ishonchiga sazovor emas. Saylovda Turkiyaning amalda oxirgi 20 yildagi rahbari muxolifat yetakchisi Kamol Qilichdoro‘g‘liga qarshi kurashadi. Muxolifat Erdo‘g‘an bilan «jang» uchun tanlagan nomzodi kim o‘zi?

© AP Photo / Emrah Gurel

«Qarib quyilmagan» siyosatchi

Qilichdoro‘g‘li 74 yoshda, Erdo‘g‘andan 6 yosh katta. Lekin siyosatda Erdo‘g‘andan eskiroq deb bo‘lmaydi. U 2010 yildan buyon Jumhuriyat xalq partiyasi yetakchisi hisoblanadi. Bu partiyani zamonaviy Turkiya asoschisi va mamlakatning birinchi prezidenti Kamol Otaturk tuzgani ham uning ahamiyatidan dalolat beradi.

Ko‘pchilik muxolifatchilar tanlagan nomzod Qilichdoro‘g‘li ekanini bilgach, saylovda Erdo‘g‘anning ustunligi sezilarli bo‘lishi haqida gapirib, muxolifat vakilining yoshi kattaligiga e’tibor qaratdi. Lekin e’tibor berishga arzigulik boshqa jihatlar ham bor.

«Turk Gandisi»

Qilichdoro‘g‘lini ko‘pchilik hurmat qilar, lekin ko‘pi bilan bama’ni siyosatchi deb bilardi. 2016 yil yozda amalga oshmay qolgan davlat to‘ntarishidan keyin esa qariya siyosatchi katta mashhurlikka erishdi. U avvaliga davlat to‘ntarishiga urinishni Turkiya demokratiyasiga tahdid deb atadi. Erdo‘g‘an tomonidan mamlakatda yoppasiga siyosiy «tozalash» ishlari boshlanib ketgach esa fikrini o‘zgartirdi. U to‘ntarish boshqarilgan degan gumonni bildirib, Erdo‘g‘anning «tozalashi»ni keskin qoraladi.

2017 yil yozda minglab odamlar Anqarada namoyishga yig‘ilib, Istanbulgacha piyoda yurib borishga qaror qildi-da, buni «adolat marshi» deb atashdi. Namoyishchilar Istanbulga yetib borganda Kamol Qilichdoro‘g‘li ularning qarshisida nutq so‘zladi. O‘shanda siyosatchining bir qo‘lini ko‘targan holda yugurgani mashhur bo‘lib ketgandi. O‘z nutqida siyosatchi mamlakatdagi sud tizimi isloh qilinishi kerakligini ta’kidlagandi.

Turkiya siyosiy hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmasa-da, ko‘pchilik odamlarning fikrini o‘zgartirgan o‘sha yurishni hindistonlik siyosatchi Mohandos Gandi boshchilik qilgan «tuz marshi»ga o‘xshatishadi. Shu tariqa, Kamol Qilichdoro‘g‘lini «Turk Gandisi» deb atay boshlashdi. Uning tashqi ko‘rinishi ham afsonaviy siyosatchi Gandini eslatib yuboradi.

Foto: DEPOPHOTOS/ZUMAPRESS.COM/GLOBALLOOKPRESS

Nega u?

Turkiya siyosatiga befarq bo‘lmaganlar Erdo‘g‘anning saylovdagi raqibi Qilichdoro‘g‘li bo‘lishidan xabar topgach, ajablangan bo‘lishi mumkin. Chunki ko‘pchilik saylovda Erdo‘g‘anga Istanbul meri Akrom Imomo‘g‘li raqiblik qilishini kutayotgandi. Turkiyaning eng katta shahri merligi uchun saylovlarda Imomo‘g‘li g‘olib bo‘lgach, Erdo‘g‘an saylov haqqoniy o‘tganiga shubha qilib, ovoz berishni qayta o‘tkazishga erishgandi. Qayta ovoz berishda esa Imomo‘g‘li yanada ko‘proq ovoz olib, qaysidir ma’noda Erdo‘g‘anning «popugini pasaytirib qo‘ygandi».

Shuningdek, Anqara meri Mansur Yavashning ham Turkiyadagi obro‘si baland va u ham prezidentlikka muxolifat nomzodi bo‘lishi mumkin edi. Ammo uning millatchilik g‘oyalarini qo‘llashi saylovda xalaqit berishi mumkin deb hisoblandi. Chunki Turkiyada ko‘p millat vakillari yashaydi. Muxolif partiya vakillari aynan Kamol Qilichdoro‘g‘li Turkiyadagi barcha millat va qatlamlarni birlashtira oladigan nomzod deb topdi. Xususan, kurdlarni ham.

Nimalar va’da qilmoqda?

Qilichdoro‘g‘li Erdo‘g‘an kabi piarga usta emas, ammo amaldagi Turkiya yetakchisining boshqaruvi davomida paydo bo‘lgan kamchiliklarni tuzatishga intilishini aytmoqda. Masalan, Turkiya Markaziy bankining faoliyatini mustaqil qilmoqchi. Erdo‘g‘an lira kursi sabab mamlakat moliyasini «qo‘lda boshqarish»ga harakat qildi va iqtisodiy holatni yanada yomonlashtirib yubordi.

Qilichdoro‘g‘li mamlakatda so‘z erkinligini ham ta’minlamoqchi. Erdo‘g‘an davrida Turkiyada so‘z erkinligi juda yomon ahvolga kelib qoldi deyish mumkin. Erdo‘g‘anni tanqid qilganlarning juda ko‘pchiligi qamaldi. Turkiya jinoyat kodeksida «Prezidentni tanqid qilish uchun» degan butun boshli modda bor va 2014 yildan 2019 yilgacha bu modda bilan naq 27 mingta ish ochilgan. Bu esa so‘z erkinligi qanday ahvolda ekanidan dalolat.

Muxolif siyosatchi Turkiyaning NATOdagi mamlakatlar bilan mojarolarini ham bartaraf qilmoqchi. Oxirgi vaqtlarda Shvetsiya bilan kelishmovchiliklar ham Turkiya uchun yaxshigina boshog‘riq bo‘lmoqda. Shuningdek, mamlakat alyansdagi a’zo davlatlar, xususan, AQSh bilan ham tez-tez ziddiyatga borib turadi. Qilichdoro‘g‘lining asosiy taklifi esa Turkiyani yana parlamentar respublika boshqaruviga qaytarishdir. 2018 yildan buyon Turkiyada superprezidentlik boshqaruvi amalda. Bu prezident vakolatini haddan tashqari oshirib yuborib, mamlakat ichki siyosiy hayotiga ham ta’sir ko‘rsatgan.

Tanqidchilar hozirgi Turkiya hukumatida o‘z ishiga munosib insonlar emas, Erdo‘g‘anga sodiqlar ishlayotganini aytib kelishadi. Qilichdoro‘g‘li esa saylanadigan bo‘lsa, Akrom Imomo‘g‘li va Mansur Yavashni vitse-prezident qilmoqchi. Ya’ni u atrofida chinakam siyosatchilarni to‘plashni maqsad qilgan.

Kurdlar qo‘llaydimi?

Muxolifat Qilichdoro‘g‘li saylovlarda kurdlarning ham ko‘nglini topa oladi degan umidda. Turkiyada 15 milliondan ortiq kurd yashaydi va ular kurdlarga bo‘lgan keskin siyosati (nafrati deyish ham mumkin) sabab Erdo‘g‘anni qo‘llamasligi haqiqatga yaqin. Kurdlarning qo‘llovisiz esa saylovda yengish imkonsiz. Qilichdoro‘g‘li shu kunlarda kurdlarning manfaatlarini himoya qiluvchi Xalqlar demokratik partiyasi rahbariyati bilan uchrashmoqchi. Agar o‘sha uchrashuvda Qilichdoro‘g‘li kurdlarni ishontira olsa, saylovda katta ustunlikka ega bo‘lishi mumkin.

Xalqlar demokratik partiyasi raisi o‘rinbosari Mitxat Sankar kurdlar Qilichdoro‘g‘lini qo‘llashi mumkinligi haqida gapirgan. «Bizning asosiy umidimiz kuchli demokratiyaga o‘tish. Agar asosiy masalalar bo‘yicha kelisha olsak, biz saylovda uni qo‘llashga tayyormiz», dedi kurdlar vakili.

Qilichdoro‘g‘li alavit

Kamol Otaturk partiyasining oxirgi 13 yildagi yetakchisi va bugun prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatilgan Kamol Qilichdoro‘g‘li saylovda g‘olib bo‘lishi uchun xalaqit beradigan jiddiy omil bor – u alaviylardan hisoblanadi. Ya’ni shia mazhabiga mansub. Ammo alaviylar o‘zlarini Erondagi shialardan farqli hisoblashadi.

Ozchilik orasida ham ozchilikni tashkil etuvchi alaviylarga esa Turkiyada munosabat yaxshi deb bo‘lmaydi. 16-asrda Usmoniylar Halabda alaviy ulamolarni qilichdan o‘tkazgani haqida ham gaplar bor. Ya’ni alaviylar bir necha asrdan buyon o‘zlarini «turk diyorida xushlanmaydigan» odamlar deb bilishiga asos bor.

Suriya prezidenti Bashar Asad ham alaviylardan-ku deyish mumkin, lekin Turkiya va Suriyani solishtirib bo‘lmaydi. 85 milliondan ortiq odam yashaydigan Turkiya aholisining aksarini sunniy musulmonlar tashkil etadi. Shu bois, Erdo‘g‘an har qanday saylovga katta ishonch bilan boradi-ki, diniy qatlam uni qo‘llashini juda yaxshi biladi. Saylovdagi raqibi alaviy shialardan bo‘lishi esa Erdo‘g‘anga haddan tashqari katta ustunlik beradi. Chunki Turkiyada alaviy odamning prezident bo‘lishi tasavvur qilishning o‘zi qiyin masala.

Kamol Qilichdoro‘g‘li alaviy ekanini yashirmaydi. «Ha, alaviyman, buning nimasi yomon?» degandi prezidentlikka nomzod bir necha yil avval intervyularidan birida. U insonga diniy qarashi asosida muomala qilmaslik kerakligi haqida ham ko‘p gapirgan, ammo bunday bayonotlar saylovdagi Erdo‘g‘anning ustunligini kamaytirishi qiyin.

Erdo‘g‘an Kyoln shahridagi masjid ochilishida. Foto: CNN Turk

Erdo‘g‘andan bezor bo‘lishdimi?

Ha, Erdo‘g‘anning saylovdagi eng katta ustunligi raqibining kutilgan darajada kuchli emasligi deyish mumkin. Aytaylik, Erdo‘g‘an kabi musulmonlar oldida ko‘p ko‘rinish beradigan, masjidlarga tez-tez boradigan va dunyodagi musulmonlar bilan bog‘liq masalalarda tezda munosabat bildiradigan, shu bilan birga demokratiya yo‘lidan borishni istovchi taxminan Akrom Imomo‘g‘li darajasidagi siyosatchi zilziladan keyingi saylovlarda Turkiyaning 20 yillik rahbarini yengishiga ishonish mumkin edi. Bugun Erdo‘g‘an asosan diniy ko‘pchilikkagina tayanib taxtda qolayotganini Turkiyaning o‘zida ham gapirishmoqda.

Tahlilchilar Erdo‘g‘anni doimiy qo‘llovchi saylovchilar zilzila oqibatida kelib chiqqan kollapsga ham ko‘z yumib yana o‘z «sultoni»ni saylashlari mumkinligini aytishmoqda. Lekin Turkiyada zamonaviy yosh qatlam demokratiyani istayotgani Erdo‘g‘an uchun saylovni jiddiy sinovga aylantiradi. Turkiyaning boshqa Osiyo va musulmon davlatlaridan farqi ham shunda, bu yerda saylovni yutish borgan sari qiyinlashib bormoqda.

Kamchiliklari nimada?

Kamol Qilichdoro‘g‘lida saylovoldi kampaniya davomida muammolar yetarli. Ko‘pchilik unda xarizma yetishmasligini aytmoqda. Otaturk partiyasi yetakchisida chindan so‘zamol va xalqning mehrini qozonishga usta Erdo‘g‘anga qarshi notiqlik ko‘rinishida qurol ko‘zga tashlanmayapti. Bu borada Qilichdoro‘g‘li ismdoshi Kamol Otaturkka ham, «qiyofadoshi» Mohandos Gandiga ham o‘xshamaydi.

U Erdo‘g‘anni «yer bilan bitta qiladigan» bayonotlar berishiga ham ishonib bo‘lmaydi. Qilichdoro‘g‘li shunchalik odobli siyosatchiki, buni raqiblari ham ta’kidlashgan. Prezidentlik saylovlarida g‘olib bo‘lish uchun ayovsiz debatlarga tayyor bo‘lish kerak. Erdo‘g‘anning raqibida ommani junbishga keltira oladigan xarakter ham yo‘q. Shu bois Qilichdoro‘g‘lini «Erdo‘g‘an orzu qilgan raqib» deb ham atashmoqda.

Mavzuga oid