Jahon | 11:08 / 01.12.2025
3012
3 daqiqa o‘qiladi

Kurdiston ishchi partiyasi Turkiya bilan yarashish uchun ikki shart qo‘ydi

Kurdiston ishchi partiyasi (KIP) yetakchilaridan biri tashkilot asoschisi Abdulloh O‘jalanni turk qamoqxonasidan ozod qilishga chaqirdi. Ushbu shart bajarilgan taqdirda, KIP Ankara bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish ustida ishni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.

Foto: AFP

Kurdiston ishchi partiyasi (KIP) Turkiya hokimiyati bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish yo‘lidagi keyingi qadamlarni, 1999 yildan beri mamlakat qamoqxonalaridan birida umrbod jazo o‘tayotgan 76 yoshli yetakchisi Abdulloh O‘jalan ozod etilmaguncha, amalga oshirmaydi. Bunday bayonotni tashkilotning yuqori martabali qo‘mondonlaridan biri Amed Malazgirt shanba kuni, 29 noyabrda AFP agentligi bilan suhbatda bildirdi.

«Apo (O‘jalanning partiyaviy taxallusi – tahr.) tashabbus qilgan barcha qadamlar bajarildi. <...> Boshqa hech qanday qadam qo‘yilmaydi. Endi biz turk davlati harakatlarini kutamiz va tashabbusni aynan o‘sha tomon o‘z zimmasiga olishi kerak», — dedi hozirda Iroqning shimolida keng avtonomiyaga ega Kurdiston mintaqasida joylashgan Qandil tog‘laridagi bunkerda bo‘lgan Malazgirt.

KIP vakili Turkiya hokimiyatiga ikki talab qo‘ydi: «Avvalo, Apo rahbarning ozod qilinishi. <...> Bu bo‘lmas ekan, jarayon muvaffaqiyatli tugashi mumkin emas. Ikkinchisi – Turkiyada kurd xalqi konstitutsion va rasmiy ravishda tan olinishi».

O‘jalan Kurdiston ishchi partiyasini 1978 yilda tuzgan va keyinchalik Kurdiston mustaqilligiga erishish hamda kurdlarning huquqlarini himoya qilish maqsadida qurolli kurash siyosati yo‘lini tanlagan. Uning partiyasi, jumladan, Turkiya hududidagi bir qator terror hujumlar uchun mas’ul hisoblanadi. AFP agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, KIP va turk armiyasi o‘rtasidagi qarshiliklar davomida taxminan 45 ming kishi halok bo‘lgan. Otashkesim 2013 yilda e’lon qilingan, ammo 2015 yil yozida tinchlik jarayoni to‘xtab qolgan.

2025 yil fevral oyida Turkiyaning Imrali orolidagi qamoqda jazo o‘tayotgan O‘jalan o‘z tashkilotini qurol tashlashga va o‘zini o‘zi tugatishga chaqirgan edi. 2025 yil may oyida KIP rahbariyati qurultoyda partiyani tarqatish va turk davlatiga qarshi ko‘p yillik qurolli kurashni tugatish haqida e’lon qildi. Iyul oyida qurolsizlanish boshlandi, oktyabr oyi oxirida esa KIP o‘z qurolli bo‘linmalari Turkiyadan olib chiqilganini ma’lum qildi, noyabrda mamlakat bilan chegaradosh Iroq shimoliy hududidan ham chiqarilgani e’lon qilindi.

Germaniyada KIP 1993 yildan beri ekstremistik tashkilot sifatida tan olingan. AQSh, YeI, Buyuk Britaniya, Kanada va Avstraliya ham uni terroristik tashkilot deb hisoblaydi.

Mavzuga oid