Jahon | 17:51 / 01.04.2023
8257
2 daqiqa o‘qiladi

Fransiya qog‘oz cheklardan voz kechish muddatini kechiktirdi

Foto: AP

1 avgustdan Fransiya qog‘oz cheklardan voz kechadi. Parij buni atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qilish bilan izohlaydi. Rasmiylar yuqori inflatsiyani bahona qilib, 1 aprelga kutilayotgan chorani keyinga qoldirdi.

Fransiya hukumati qog‘oz kassa cheklarini bekor qilishning kuchga kirish sanasini yana bir bor kechiktirdi. Bu chora 1 aprel, shanba kunidan kuchga kirishi kerak edi, biroq respublikaning rasmiy matbuot organi xabariga ko‘ra, 1 avgustga qoldirildi. Dastlab, chora 1 yanvardan kuchga kirishi taxmin qilingan edi.

Parij buni yuqori inflatsiya bilan izohladi. «Chek ko‘plab fransuzlar uchun mezondir, biz uchun inflatsiya cho‘qqisiga chiqqunga qadar ushbu mezonni saqlab qolish muhim tuyuldi», dedi kichik va o‘rta korxonalar, savdo, hunarmandchilik va turizm bo‘yicha vazir delegati Oliviya Greguar. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir yil davomida ayrim toifadagi tovarlar narxi 15 foizga oshgan. Shu bilan birga, Insee statistika boshqarmasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, iste’mol narxlari 2022 yil martiga nisbatan 5,6 foizga ko‘tarilgan.

Kassa cheklarini avtomatik bosib chiqarishni bekor qilish aylanma iqtisodiyot masalasiga taalluqli 2020 yilgi qonunda nazarda tutilgan. Ushbu chora chiqindilar chiqarishni kamaytirishga qaratilgan. Fransiyada har yili deyarli 30 milliard kassa cheklari chop etiladi, deb ta’kidlaydi AFP axborot agentligi. 

Taxminlarga ko‘ra, 1 avgustdan boshlab xaridorlar chekni elektron shaklda oladilar, ammo bu tartibning aniq mexanizmi hali aniq emas. AFP xabariga ko‘ra, qog‘oz chekni faqat mijozning iltimosiga ko‘ra berish mumkin bo‘ladi. 

Mavzuga oid