O‘zbekiston | 14:34 / 04.04.2023
8309
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent metrosi yerusti bekatlari nomi uchun ovoz berish o‘tkaziladi

Foto: KUN.UZ

Poytaxt metropoliteni yerusti bekatlari nomi uchun ovoz berish jarayoni o‘tkaziladi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi xabar bermoqda.

2022 yil 5-11 dekabr kunlari Transport vazirligi tashabbusi bilan Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti tomonidan geonom.tashkent.uz saytida shahar metropoliteni yerusti liniyasining «Do‘stlik-Qo‘yliq» va «Olmazor-Sergeli» yo‘nalishlaridagi 19 ta bekatiga nom berish bo‘yicha takliflar yig‘ilgan.

Qayd etilishicha, Transport vazirligi huzuridagi taniqli olimlar, tarixchilar, filologlar, toponimistlar va boshqa soha mutaxassis-ekspertlari, OAV vakillari, blogerlardan iborat ishchi guruh «Geografik obektlar nomlari to‘g‘risida»gi qonun talablari asosida hamda davlat tilida toponimlar yozilishi belgilangan qoidalariga muvofiq, kelib tushgan takliflardan har bir bekat uchun eng mos nomni tanlab olgan.

Geografik obektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish bo‘yicha takliflar tayyorlash davomida mahalliy aholi fikrini o‘rganish maqsadida Toshkent shahar hokimligi poytaxt ahlini ovoz berish yo‘li bilan ushbu jarayonda ishtirok etishga taklif qilyapti.

Ovoz berish joriy yilning 4 aprel kunidan 18 apreliga qadar davom etadi.

Metro bekatlari nomlari bo‘yicha o‘tkazilgan ovoz berish natijalari Transport vazirligiga tegishli takliflarni tayyorlash va keyinchalik ularni Vazirlar Mahkamasiga qaror qabul qilish uchun kiritishga taqdim etiladi.

Ovoz berish uchun havola: geonom.tashkent.uz

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid