Jamiyat | 23:40 / 05.04.2023
16520
3 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan’s club platformasi ishga tushdi

Loyihadan maqsad – O‘zbekistonda tug‘ilib, xorijda turli sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishayotgan, dunyoning ko‘zga ko‘ringan tashkilotlarida samarali ish olib borayotgan va yoshlarga o‘rnak bo‘ladigan vatandoshlarni bir global maydonda birlashtirish.

Foto: Uzbekistan’s club

Xalqaro miqyosda muvaffaqiyat qozonib kelayotgan o‘zbekistonliklarni bir yerga jamlash maqsadida Uzbekistan’s club global platformasi tashkil etildi.

“Eksklyuziv va yuqori sifatli, ta’sirchan kontentimiz yoshlarga motivatsiya ulashadi, ko‘p tarmoqli loyihalarimiz esa ularga jahon toifasidagi mutaxassis bo‘lib yetishishda yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘lib xizmat qiladi. Bunday muvaffaqiyat qozongan o‘zbekistonliklar dunyoda juda ko‘plab topiladi. Ammo ularni birlashtirib turuvchi yagona platforma shu kunga qadar yaratilmagan edi. Shularni inobatga olib, biz shu kabi odamlarni birlashtiruvchi va O‘zbekiston bilan aloqalarda ko‘prik sifatida xizmat qiluvchi platformani yaratdik.

Maqsadimiz ushbu maydonni o‘zbekistonliklarning aqliy salohiyati xabiga aylantirishdan iborat”, – deya ma’lum qildi tashkilotchilar.

Loyiha butun dunyodagi o‘zbekistonliklarni birlashtirib, vatandoshlarni ular tug‘ilib-o‘sgan yurt bilan, uning yoshlari va salohiyatli qatlami bilan aloqalar o‘rnatuvchi ko‘prikka aylanishni maqsad qilgan.

Uzbekistan’s club platformasi orqali dunyoning turli mintaqalarida faoliyat olib borayotgan o‘zbekistonliklar ro‘yxatdan o‘tishi va o‘zlari haqidagi ma’lumotlarni yozib qoldirishlari mumkin. Bu orqali ular barcha muvaffaqiyatli o‘zbekistonliklarni bir joyga jamlagan global xab a’zosiga aylanadi.

Uzbekistan’s club jamoasi xorijda muvaffaqiyatga erishgan o‘zbekistonliklar haqidagi hikoya qiluvchi O‘zbekistonlik turkum filmlarini suratga olib kelmoqda. Ayni kunga qadar filmning ikki epizodi premerasi bo‘lib o‘tgan bo‘lib, filmning uchinchi epizodi ham tayyor va tez orada tomoshabinlar e’tiboriga havola qilinadi. Filmning keyingi epizodlari qahramonlari Uzbekistan’s club global platformasi a’zolari ichidan tanlab olinadi.

Uzbekistan’s club platformasining media rezidentlari ham mavjud bo‘lib, ular O‘zbekistondagi media tarmoqlarida mashhur, o‘z o‘rniga ega blogerlar, jurnalistlar va inflyuyenserlardan iborat bo‘ladi. Bugungi kunga kelib 20ga yaqin media rezident Uzbekistan’s club jamoasiga qo‘shilishgan.

Mavzuga oid