Jahon | 16:44 / 08.04.2023
9263
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya 6 oyda Ukraina energetika obektlariga 1200 ta raketa uchirdi

2022 yil oktyabr oyi boshidan beri Rossiya harbiylari Ukrainaning asosiy energetika infratuzilmasi obektlariga 1200 dan ortiq raketa va uchuvchisiz uchoqlar uchirdi. Bunday ma’lumotlar «UkrEnergo» tomonidan kompaniya Ukraina energetika tizimi tarixidagi eng qiyin deb atagan isitish mavsumi tugashi munosabati bilan taqdim etilgan.

Foto: Pavlo Palamarchuk/ZUMAPRESS/picture alliance

«UkrEnergo» ma’lumotlariga ko‘ra, 250 dan ortiq raketalar va dronlar o‘z nishonlariga tegib, asosiy tarmoq obektlarining qariyb 43 foiziga zarar yetkazgan. 

Mamlakatdagi barcha issiqlik va gidroelektr stansiyalari ma’lum darajada zarar ko‘rgan. Ayni paytda shikastlangan magistral tarmoqning qariyb 80 foizi allaqachon ishga tushirilgani xabar qilingan.

Avvalroq Ukraina harbiy-havo kuchlari vakili Yuriy Ignat Rossiya Qurolli kuchlari uzoq masofali bombalardan faol foydalanayotgani, Ukraina Qurolli kuchlari ularni qaytara olmasligi to‘g‘risida ma’lum qilgandi.

«Tinchlik yo‘q. Dushman aviatsiyasi, afsuski, ishlamoqda va kecha bir necha bor xabarlarda aytilgan ediki, ular o‘nlab kilometrlar, taxminan 70 kilometrgacha ucha oladigan maxsus bombalardan foydalana boshladi. Dushman kuniga 10-15 tadan 20 tagacha bombani bizning havo mudofaa tizimimizning kirish imkoni deyarli yo‘q bo‘lgan hududlarga Su-35, Su-34 samolyotlaridan tashlamoqda, bu demarkatsiya chizig‘i bo‘ylab ro‘y beryapti», dedi Ignat. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Ukraina uchun yangi tahdid bo‘lib, unga zudlik bilan javob berish kerak, ammo hozircha buning oldini oladigan hech narsa yo‘q. 

«Bu samolyotlarni chegaralarimizdan uzoqlashtirish uchun bizga Patriot kabi uzoq masofali uchuvchi tizimlar va havo mudofaa tizimlari kerak. Albatta, bizga uzoq masofalarda «havo-havo» raketalarini ishlata oladigan qiruvchilar ham kelishi lozim», - deya ta’kidlab o‘tdi Ignat.

Mavzuga oid