Jahon | 09:21 / 10.04.2023
6458
3 daqiqa o‘qiladi

Tbilisida Mixail Saakashvilining tarafdorlari miting o‘tkazdi

Mixail Saakashvilining minglab tarafdorlari Tbilisi markazida namoyishga chiqib, sobiq prezidentni ozod etishni talab qilishdi. Avvalroq u Yevropa Ittifoqi va AQShni qamoqxona kasalxonasida o‘limdan qutqarish uchun hamma narsani qilishga chaqirgan edi.

Foto: Sputnik

9 aprel, yakshanba kuni Gurjistonning «Birlashgan milliy harakat» (BMH) muxolifat partiyasi tarafdorlari ushbu siyosiy kuch asoschisi, hibsda saqlanayotgan Mixail Saakashvilini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Tbilisi markazida miting o‘tkazdi. Euronews telekanali miting ishtirokchilari sonini bir necha ming kishi deb hisoblamoqda. Gurjiston sobiq prezidenti tarafdorlari mitingga ko‘p sonli Gurjiston va Ukraina bayroqlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi bayroqlarini olib kelishdi.

BMH raisi Levan Xabeishvili partiya nomidan rasmiylarga bir qancha talablar qo‘ydi - Saakashvili va uning bir qancha sheriklarini qamoqdan ozod qilish, deoligarxizatsiya to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish, sud tizimi va Markaziy saylov komissiyasini isloh qilish. Bryussel Gurjistonning YeIga kirishi bo‘yicha muzokaralarni davom ettirish uchun aynan mana shu islohotlarni talab qilmoqda.

Avvalroq Gurjiston sobiq prezidenti Mixail Saakashvili kasalxonada o‘layotgani haqida yozgandi hamda AQSh, Yevropa Ittifoqi va xalqaro hamjamiyatni uning hayotini saqlab qolish uchun hamma narsani qilishga chaqirgandi. Gurjiston sobiq rahbarining murojaati 7 aprel kuni Politico nashri tomonidan chop etilgan.

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, agar unga mamlakat tashqarisida tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, tez orada vafot etishi tobora oydinlashib bormoqda.

«Mening o‘limim Gurjistondagi siyosiy betartiblikka olib kelishi mumkin», dedi Saakashvili. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, o‘limi «albatta Putinning g‘alabasi deb hisoblanadi» va «mintaqadagi va ehtimol dunyodagi Rossiya imperializmiga qarshi tura olmaydigan barcha rahbarlar uchun kuchli ramz bo‘lib xizmat qiladi».

Gurjiston sobiq rahbariga ko‘ra, AQSh Kongressi, Jo Bayden ma’muriyati va YeI uni oligarx, Gruziya sobiq bosh vaziri Bidzina Ivanishvili va uning sheriklariga qarshi sanksiyalar, shuningdek, iqtisodiy embargo, moliyalashtirish hamda viza cheklovlarini to‘xtatib qo‘yish orqali ozod qilishlari kerak.

Mavzuga oid