Jahon | 09:52 / 08.04.2023
11800
3 daqiqa o‘qiladi

Saakashvili: Gurjistondan tashqarida tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, tez orada o‘laman

Gurjiston sobiq prezidenti Politico nashriga yo‘llagan maktubida AQSh, Yevropa Ittifoqi va xalqaro hamjamiyatni «o‘z hayotini saqlab qolish uchun hamma narsani qilishga» chaqirgan.

Mixail Saakashvili / Foto: Reuters

Gurjiston sobiq prezidenti Mixail Saakashvili kasalxonada o‘layotgani haqida yozdi hamda AQSh, Yevropa Ittifoqi va xalqaro hamjamiyatni uning hayotini saqlab qolish uchun hamma narsani qilishga chaqirdi. Gurjiston sobiq rahbarining murojaati 7 aprel, juma kuni Politico nashri tomonidan chop etilgan.

Siyosatchining so‘zlariga ko‘ra, agar unga mamlakat tashqarisida tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, tez orada vafot etishi tobora oydinlashib bormoqda.

«Mening o‘limim Gurjistondagi siyosiy betartiblikka olib kelishi mumkin», dedi Saakashvili. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, o‘limi «albatta Putinning g‘alabasi deb hisoblanadi» va «mintaqadagi va ehtimol dunyodagi Rossiya imperializmiga qarshi tura olmaydigan barcha rahbarlar uchun kuchli ramz bo‘lib xizmat qiladi».

Gurjiston sobiq rahbariga ko‘ra, AQSh Kongressi, Jo Bayden ma’muriyati va YeI uni oligarx, Gruziya sobiq bosh vaziri Bidzina Ivanishvili va uning sheriklariga qarshi sanksiyalar, shuningdek, iqtisodiy embargo, moliyalashtirish hamda viza cheklovlarini to‘xtatib qo‘yish orqali ozod qilishlari kerak.

Agar uning ozod etilishiga erishilsa, bu nafaqat «Putinga yana bir zarba bo‘ladi, balki AQSh va Yevropa demokratiya, odob-axloq hamda adolat g‘oyalariga sodiq qolishi haqida kuchli signal beradi», deyiladi maktubda. «Bir paytlar prezident Bayden aytganidek, men ishonishim mumkin bo‘lgan ideallar», - deya qo‘shimcha qildi Mixail Saakashvili.

Siyosatchining aytishicha, hibsda u muntazam ravishda - jismoniy va ruhiy qiynoqlarga duchor bo‘lgan, og‘ir metallardan zaharlanish alomatlari bor. Gurjiston sobiq prezidenti 20 dan ortiq og‘ir kasalliklardan aziyat chekayotganini tan oldi, ularning barchasi, uning so‘zlariga ko‘ra, hibsda yanada og‘irlashib ketgan.

Mavzuga oid