Jahon | 18:23 / 10.04.2023
30466
15 daqiqa o‘qiladi

Ukraina Qrimni qanday qaytarib olmoqchi: Kremlning «qizil chiziq»lari-chi?

Ukraina urushda Rossiyaga qarshilik qilar ekan, maqsadi endi 2022 yilning 24 fevralgacha bo‘lgan status-kvoni tiklash emas, 1991 yilgi chegaralarga qaytish, jumladan, Qrim yarimorolini qaytarib olishdan iborat ekanini bot-bot takrorlamoqda.

Foto: EPA / Scanpix / LETA

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 2022 yilgi Rossiya bosqini 2014 yili Qrimni egallashdan boshlangan tajovuzkorlikning davomi ekanini ta’kidlab keladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yarimorolni ozod qilish «Rossiyaning qachonlardir o‘zi mahv etishni orzu qilgan ukrainlar va Yevropa, Osiyoning barcha xalqlari hayotini sindirishga bo‘lgan har qanday urinishlariga tarixiy nuqta qo‘yadi».

Avvalroq Ukraina Bosh razvedka boshqarmasi boshlig‘i Kirill Budanov jurnalistlarga Rossiya tomonidan annexia qilingan Qrim avtonom respublikasi «kuch va diplomatiya» yordamida qaytarilishini aytgan edi. Ukraina qurolli kuchlari 2023 yilning yozida Qrimni ozod etish operatsiyasini boshlaydi. Bunday taxminni Amerikaning ayrim yuqori martabali harbiylari ham ma’qullagan.

2022 yil fevralidan boshlab Ukraina harbiylari yarimoroldagi Rossiya harbiy obektlariga muntazam zarba berib kelmoqda. Oktyabr oyi boshlarida yarimorolni Rossiya bilan bog‘lovchi va annexia ramziga aylangan Qrim ko‘prigida ham portlash ro‘y berdi. 

2022 yil oxiridan boshlab Qrimda xandaqlar qazilib, istehkom liniyalari qurishga kirishildi: ruslar Ukraina qo‘shinlari hujumini qaytarishga tayyorgarlik ko‘ra boshladi.

Ukraina Qrimni qanday ozod qilmoqchi?

Nazariy jihatdan — harbiy va diplomatik yo‘llar bilan.

Tushunarli sabablarga ko‘ra, Ukraina siyosatchilari va harbiylari bo‘lajak operatsiya detallarini harbiy sir deb, omma oldida muhokama qilishmayapti. Shu sababli Qrimni kuch bilan ozod qilish to‘g‘risidagi mulohazalar hozircha omma oldidagi chiqishlardan iborat parchalarga asoslangan. 

Rossiya – Ukraina urushining ko‘plab sharhlovchilari Moskva 2014 yilda Qrimni annexia qilganidan so‘ng uni darhol qurollantirgan, degan fikrni ilgari surishadi — yarimorol 2022 yilgi bosqin uchun platsdarm vazifasini o‘tagan. Shu sababli uning Ukrainaga qaytarilishi Rossiya bilan bo‘lajak har qanday sulh va Ukraina barqaror xavfsizligining garovi hisoblanadi. 

Yarimorolni ozod qilish bo‘yicha rejalar Kiyevda 2022 yilning 24 fevraliga qadar ham ishlab chiqilayotgan edi. 2021 yil fevralida Volodimir Zelenskiy «Vaqtinchalik okkupatsiya qilingan Qrimni okkupatsiya ostidan chiqarish va integratsiya qilish strategiyasi»ni qabul qiladi. Uning eng muvaffaqiyatli ichki va tashqi siyosiy yo‘nalishlaridan biri – o‘sha yili Kiyevda o‘tkazilgan «Qrim platformasi» xalqaro sammiti bo‘lgandi. Yevropa Ittifoqi, NATO, AQSh, Kanada, Yaponiya, Turkiya, Gurjiston, Avstraliya kabi 46 davlat va xalqaro tashkilotlar «Qrim platformasi»ning yakuniy deklaratsiyasini imzolashdi: ular yarimorolda «RFning vaqtinchalik okkupatsiyasini tinch yo‘l bilan bartaraf etish»ni uzoq muddatli maqsad deb belgilab olib, Rossiyani (ilk marta xalqaro rasmiy hujjatda) okkupant davlat deb tan olishdi.

«Strategiya»ning boshqa punktlari inson huquqlari toptalishi monitoringi, Ukraina fuqarolarining yarimoroldagi mulklarini huquqiy himoya qilish kabi jihatlarni qamrab olgan.

«Qrim platformasi»ning ikkinchi sammiti 2022 yil avgustida, keng miqyosli urush borayotganda o‘tkazildi. Unda o‘z-o‘zidan boshqacha ohang ustunlik qiladi: «vaqtinchalik okkupatsiyani tinch yo‘l bilan bartaraf etish» haqida gapirish endi o‘rinsiz edi. Shunda ham, ikkinchi «Qrim platformasi»ning yakuniy deklaratsiyasiga yarimorolni harbiy yo‘l bilan ozod qilish kiritilmadi.

Keng miqyosdagi Rossiya bosqinining dastlabki oylarida Zelenskiyning o‘zi ham endi Qrimni ortga qaytarib bo‘lmasligini tan olgan edi. O‘shanda Ukrainaning bu boradagi rasmiy pozitsiyasi keyingi 10–15 yil ichida «diplomatik tartibga solish» kabi silliq jumlalar bilan kifoyalangandi.

Biroq 2022 yil kuzidagi Ukraina qurolli kuchlarining muvaffaqiyatli qarshi hujumi, jumladan, Xersonning ozod qilinishi Ukraina jamiyati uchun muhim psixologik (nimasi bilandir siyosiy) chegara bo‘ldi. Endi Kiyev «terrorchi-davlat» va shaxsan Putin bilan har qanday muzokaralarni prinsip jihatdan rad eta boshladi. Boz ustiga, 2022 yilning sentabrida ukrainaliklarning mutlaq ko‘pchiligi (87 foizi) «urush cho‘zilishi va Ukraina mustaqilligi yo‘qotilishi xavfi» bilan bo‘lsa ham Rossiyaga har qanday hududiy yon berishni imkonsiz, deb hisoblagan.

«Qrim masalasi»da diplomatik yechimni Ukraina hokimiyati rad etmagan bo‘lsa-da, ayni vaziyatda faqat unga tayanib qolishni istashmayapti. Putin annexia qilingan Qrimni tinch yo‘l bilan topshirishiga hech kim ishonmasa kerak.

Ukraina sobiq mudofaa vaziri Andriy Zagorodnyukning so‘zlariga ko‘ra, ukrain qo‘shinlari tomonidan Qrimning ozod etilishi Rossiya tomonidan bosib olingan qolgan hududlar — Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlari to‘liq qaytarib olinganidan so‘ng boshlanadi. Xalqaro xavfsizlik sohasidagi yetakchi harbiy tahlilchilar va ekspertlar fikricha, Qrimni kuch bilan ozod qilish real istiqbolga ega bo‘lishi mumkin. Ukraina QK bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniy Qrimni kuch bilan ozod qilishning strategik zarur sharti deya Melitopolning ozod qilinishini sanab o‘tgan

2022 yil yozida Ukraina prezidenti ofisi rahbari maslahatchisi Mixaylo Podolyak bir necha tvitlarida annexia qilingan Qrim aholisi uchun evakuatsiya yo‘nalishlarini anons qildi, shuningdek, yarimorol aholisini Ukrainaning «okkupatsiyadan ozod qilish» bo‘yicha operatsiyalari yaqinlashayotgani sababli boshpanalarni ko‘zdan kechirish va suv zaxira qilishga chorladi. O‘shanda Zelenskiy ham Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Qrimni egallashdan boshlangani va Qrim ozod qilinishi bilan tugashi haqida bayonot berdi.

Rossiya Qrimni qaytarib beradimi?

Biz buni aniq bilmaymiz — bu boradagi har qanday mulohazalar ayni damda o‘rinsiz. Aytaylik, Rossiyada siyosiy rejim o‘zgarib qolsa, yangi hukumat Qrimni Ukrainaga diplomatik yo‘l bilan qaytarib berishga tayyor bo‘lishi ehtimoli ham bor. Bu tomondan Qrimning okkupatsiyadan xalos bo‘lishi Putindan keyingi Rossiyaning reparatsiyalar to‘lash bilan birga jahon hamjamiyatiga qayta integratsiyalashuvi uchun asosiy qadamlardan biri bo‘lardi.

Lekin bu o‘ta faraziy vaziyat. Aynan shuning uchun Ukraina QK yarimorolni kuch bilan ozod qilishga tayyorlanmoqda, urush cho‘zilib borar ekan, bu g‘oya G‘arbda ham borgan sari tarafdorlar orttirmoqda.

So‘nggi to‘qqiz yil mobaynida Rossiya propagandasi tinmasdan rossiyaliklarning annexia qilingan Qrim bilan «ruhan yaqdilligi», uning mamlakat tarixidagi «muqaddas statusi» haqida hikoya qildi. Ustiga ustak, Kreml «Qrimning xavfsizligi va uning RF tarkibida saqlanib qolishi» — bu Rossiya rahbariyati uchun «qizil chiziq» ekanini takrorlashni yaxshi ko‘rishadi. Qizig‘i, AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken ham yaqinda shunga o‘xshash gapni aytdi.

Ayni paytda Qrimning yuridik va siyosiy statusi Rossiya egallab olgan va o‘ziniki deb e’lon qilgan Ukrainaning Donetsk, Luhansk, Zaporijjya va Xerson oblastlaridan ko‘p ham farq qilmaydi. Bu hududlarning bir qismini Ukraina QK Rossiya qo‘shinlaridan ozod qilishga ham ulgurdi. Masalan, endilikda Rossiya tomonidan muntazam o‘qqa tutilayotgan Xerson shahri Rossiya qonunlariga ko‘ra RFning bir qismi hisoblanadi. Kremlning «qizil chiziq»lari buzilib ketdi, buni Blinken ham e’tirof etdi. Ayrim g‘arb harbiy tahlilchilari va iste’fodagi ukrain harbiylari endi Qrim masalasida hech qanday «qizil chiziq» yo‘qligini ta’kidlashmoqda.

Deokkupatsiyadan so‘ng Qrim aholisi bilan nima bo‘ladi?

Ularni yana Ukrainaga integratsiya qilishmoqchi.

Transparant ortidagi o‘rindiqda o‘tirgan keksa yoshli ayol. Simferopol. Foto: EPA / Scanpix / LETA

Hozircha reja umumiy ko‘rinishlarga ega: hokimiyat strukturasi tiklanadi, ukrain va qrimtatar tillari hamda madaniyati qo‘llab-quvvatlanadi, davlatga xiyonat, kollaboratsionizm va inson huquqlarini poymol qilganlik uchun jinoiy ta’qib ishga tushadi, shuningdek, Rossiya propagandasi fosh etiladi.

Vaqtinchalik okkupatsiya qilingan hududlarni qayta integratsiya qilish masalalari bo‘yicha vazirlik prezident ofisi bilan birgalikda yaqin orada yarimorolni qayta integratsiya qilish strategiyasini taqdim etishni va’da qilmoqda. Bosh vazir o‘rinbosari Irina Vereshchuk materikdagi Ukrainada Qrim ozod qilingach ishga kirishadigan kadrlar zaxirasi yaqinda tayyorlana boshlanishini aytdi. Nazarda tutilishicha, zaxiraga Rossiya-Ukraina urushi veteranlari, yarimoroldagi qrimtatar jamoatlari vakillari kiritiladi.

Mamlakat hukumati yarimorol ozod qilingach hokimiyatni tiklashga hududni 2014 yilgi annexiadan so‘ng tark etgan Ukraina fuqarolari ham yordam berishidan umidvor. Gap 50 ming kishi haqida bormoqda. Ularning orasida mansabdorlar, sudyalar, kuchishlatar tizimlar xodimlari, vrachlar, o‘qituvchilar va h.k.lar bor. Albatta real raqamlar yanada ko‘proq bo‘lishi mumkin: Qrimni tark etib Ukrainaga o‘tganlarning barchasi ham o‘z vaqtida qochqin maqomida ro‘yxatdan o‘tishmagan. Ayniqsa, uning Simferopoldagi binolarida rossiyaparast hokimiyat Qrim federal universiteti ochgach, Kiyevda o‘z ishini qayta tiklagan Tavriya milliy universitetiga alohida rol beriladi.

2022 yilgacha rossiyaparast Qrim amaldorlariga nisbatan davlatga xiyonatda gumonlanib, yuzdan ortiq jinoiy ish qo‘zg‘atilgan edi. Ukraina xavfsizlik xizmati 2014 yilda Qrim egallangach Rossiya tomoniga birinchilardan bo‘lib o‘tgan sobiq ukrain siyosatchilari Sergey Aksyonov, Natalya Poklonskaya, Rustam Temirgaliyev va Vladimir Konstantinovga qarshi davlatga xiyonat bo‘yicha ochilgan ishlarni 2021 yilda sudga o‘tkazgan edi. 

Qrim avtonom respublikasi Oliy radasi, Sevastopol shahar kengashi va boshqa mahalliy kengashlarning sobiq va amaldagi deputatlari, rossiyaparast pozitsiyani egallagan sudyalar ham jinoiy javobgarlikka tortiladi. 2022 yil martida Ukraina Jinoyat kodeksiga kollaboratsionizm to‘g‘risidagi yangi modda kiritildi — unda jinoyat tarkibini aniqlash uchun keng tavsiflar berilgan, Ukraina prokurorlari uni Qrimda keng qo‘llashlarini va’da qilishmoqda.

Irina Vereshchuk egiluvchan lyustratsiya mexanizmi ishlab chiqishni taklif qilmoqda. Xususan, «okkupatsiyaga ko‘mak bergan» va/yoki okkupatsiya qilingan hududlardan Ukraina fuqarolarini deportatsiya qilgan, muddati so‘nmaydigan boshqa harbiy jinoyatlarni sodir etganlarni ham jinoiy javobgarlik kutib qoladi.

Yarimoroldagi bo‘lajak lyustratsiyalar haqida Ukraina prezidentining Qrim ARdagi vakili Tamila Tasheva biroz batafsil hikoya qilib berdi: xususiy tadbirkorlar, vrachlar, elektriklar, o‘t o‘chiruvchilar, Rossiya ma’muriyatining oddiy xodimlari hudud deokkupatsiya qilingach javobgarlikka tortilmaydi. Albatta, agar ular Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etmagan, inson huquqlari, Ukraina qonunlari va xalqaro huquqlarni buzmagan bo‘lishsa. Bundan tashqari, yarimorol ozod etilgach, u qadar yuqori lavozimda ishlamaganlar va rossiyaparast ma’muriyat bilan hamkorlik qilganlar Qrimda ishlashda davom etishi mumkinligi ham ehtiyotkorona tilga olingan.

Ukraina hukumati agar Qrim ustidan nazoratni qo‘lga kiritsa, ular to‘qnash keladigan yana bir masala: annexiadan keyin Qrimga ko‘chib kelgan 700 mingdan ortiq rossiyaliklarni nima kutadi? Hozir ular yarimorol aholisining uchdan bir qismini tashkil etmoqda. 

Ehtimoliy variantlardan biri — «Qrimni mustamlakachilardan ozod qilish». Bu strategiyaga ko‘ra, bunday ko‘chkindilarning barchasi oroldan chiqarib yuboriladi. Tamila Tasheva har bir holat alohida ko‘rib chiqilishini va’da qilmoqda — hal qiluvchi mezon «faol ukrainaparast pozitsiya» bo‘ladi.

Lekin muammo ana shunda: yarimorol aholisi o‘rtasida ukrainaparastlik va rossiyaparastlik kayfiyatini o‘lchashning ishonarli usuli yo‘q. Jamoat fikrini aniqlash bo‘yicha so‘rovlar ham ishonchsiz: ayni paytda qrimliklarga ukrainaparastlik pozitsiyasini namoyon etish xavfli, yarimorol Ukrainaga qaytsa — rossiyaparastlikni.

Ukraina annexia ostidagi Qrimda 181 nafar siyosiy mahbusni sanab o‘tgan, ularning 116 nafari qrimtatarlar. So‘nggi yillarda qatag‘on yanada kuchaygan. Tamila Tashevaga ko‘ra, Ukraina QKning muvaffaqiyatli qarshi hujumlari mahalliy aholi o‘rtasida ukrainaparastlik kayfiyatlari o‘sishiga sabab bo‘lgan, odamlar esa «Qrim qaytishini aniq his qila boshlashgan». Tashevaning idorasi okkupatsiyaga qarshilik ko‘rsatish bo‘yicha xufiyona harakat ham borligini aytmoqda: mahalliy partizanlar Bog‘chasaroy rayonida temiryo‘lni portlatishga ham ulgurishgan.

Qrimlik faollar va huquqbonlar yarimorol ozod qilingach «maksimal og‘riqsiz» qayta integratsiyalashuvga chorlashmoqda, «qrimliklar to‘qqiz yildan buyon okkupatsiya ostida qiynalishayotgani va Ukraina hukumatidan tushunish va empatiya kutishayotgani»ni unutmaslikni iltimos qilishmoqda. Qayta integratsiyalashuv bo‘yicha ayrim ekspertlar bo‘lajak reintegratsiya muvaffaqiyati qrimliklarning talablari va xavotirlari nechog‘lik eshitilishiga ham bog‘liqligini ta’kidlashmoqda. Lekin hali yarimorolning ozod qilinishi kafolatlanmagan. 

Mavzuga oid