Sport | 14:49 / 12.04.2023
24298
7 daqiqa o‘qiladi

«Inter» deyarli yarimfinalda. Mariuning xatosi qimmatga tushdi

Inqirozdagi «Inter» Lissabonda o‘ziga keldi. Indzagining rejasi «Benfika» ertagiga nuqta qo‘ydi.

Foto: JAMES WILLIAMSON/GETTY IMAGES

Milanliklar jamoasi namunali o‘yin o‘tkazdi va amalda o‘zi uchun yarimfinal yo‘llanmasini kafolatladi.

Benfika — Inter 0:2
Gollar: Barella (51), Lukaku (82, penalti).

Benfika – Vlaxodimos, Jilberto, Morato, Antoniu Silva, Grimaldo, Joau Mariu, Rafa Silva, Eursnes, Shikinyu, Florentinu (Neres, 64), Ramush.
Inter – Onana, Dumfris (D`Ambrozio, 87), Darmian, Acherbi, Bastoni (de Vrey, 90+1), Dimarko (Gozens, 63), Mxitaryan, Brozovich, Barella, Jyeko (Lukaku, 63), Martines (Korrea, 63).
Ogohlantirishlar: Antoniu Silva (22), Brozovich (50), Jyeko (83).

«Inter» uchun pley-off taqvimi nisbatan eng qulayi bo‘lmoqda. «Bavariya» «PSJ» ortidan «Manchester Siti»ga duch keldi, neradzurrining nimchorak va chorakfinaldagi raqiblari — Portugaliya vakillari. Ammo bu faqat qog‘ozda oson ko‘rinadi. Amalda esa barchasi juda qiyin.

Qolaversa, milanliklar jamoasining hozirgi holatidan kelib chiqqan holda vazifa yanada qiyin edi, jamoaning so‘nggi g‘alabasi 5 mart kuni kamtarona «Lechche» bilan o‘yinda qayd etilgandi. Agar so‘nggi sakkiz o‘yin olinsa, Simone Indzagi shogirdlari shuning yarmida mag‘lub bo‘lgan va uch o‘yinni durang bilan yakunlagan. Bu o‘yinlarda ambitsiyali klub uchun juda kam bo‘lgan beshgina gol urilgan, shundan ham ikkitasi — 11 metrli nuqtadan.

Ha, «Benfika» milanliklarning oldingi bosqichdagi raqibi «Portu»dan farq qiladi. «Ajdarlar» Portugaliya chempionatining avvalgi turida prinsipial raqibiga joriy yildagi ilk mag‘lubiyatni taqdim etgani mohiyatni o‘zgartirmaydi. Qariyb bir yildan buyon o‘z uyida yutqazmay kelgan «burgutlar» chempion sari ildamlamoqda va 33 yil ichida ilk bor asosiy yevrokubok yarimfinaliga chiqishni ko‘zlagani tabiiy edi. Qolaversa, Chempionlar ligasining bu mavsumida kashfiyotga aylangan bu jamoa hali yutqazmagan, 10 uchrashuvda g‘alaba qozonib, guruhda «PSJ» bilan ikki o‘yinda ham durang qayd etgandi.

Shu bilan birgalikda, lissabonliklarda xavotirga arziydigan muammolar ham bor edi, xususan Otamendi diskvalifikatsiya tufayli o‘yinni o‘tkazib yuboradigan bo‘ldi, natijada bosh murabbiy Rojyer Shmidt himoyani 40 yoshni qoralagan (ikkisi ham) Antoniu Silva va Morato juftligiga ishonishga majbur bo‘ldi. O‘yin startidan kelib chiqilsa, Indzagi aynan shu bog‘lamni raqibning eng zaif nuqtasi sifatida belgilab olgan. Raqib himoyadan chiqayotganida ushbu himoyachilarga qarshi kuchli pressing o‘tkazildi, birinchi bosim chizig‘i bosib o‘tilgan taqdirda ham, mehmonlar tezda o‘z jarima maydoniga qaytishga ulgurishdi va lissabonliklarga hujum uyushtirish uchun bo‘sh hududlar qoldirilmadi.

Yaqinda «Benfika» bilan shartnomasini yangilagan Shmidt esa pressing borasida ko‘pchilikka qo‘yib beradi. Nemis mutaxassisining prinsiplaridan biri esa — raqibga moslashmaslik, uni o‘zi taklif etgan futbolni o‘ynashga va o‘zini noqulay his qilishga majburlash. Mehmonlar asabiylasha boshladi va Dimarko oddiy vaziyatda to‘pni Rafa Silvaning oyog‘iga tashlab berdi. Agar Onana to‘g‘ri reaksiya qilmaganida, «Da Luj» tablosida hisob mezbonlar tomonidan ochilgan bo‘lardi. «Inter» ham yomon ko‘rinmadi, Lautaro Martines esa o‘sha Dimarkoning uzatmasini darvozaga joylab qo‘yishi mumkin edi.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘yindan oldin raqibda inqiroz kuzatilayotgani haqidagi gaplarga qo‘shilmagan va jamoani yaxshi holatdagi «Inter»ga qarshi o‘yin kutayotganini aytgan Shmidtning xavotirlari to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. Milanliklar alohida o‘yinlarda ko‘p narsaga qodir va buni maydonda namoyish etdi. Masalan, Mxitaryan golli vaziyat ham yaratdi, raqibning xavfli hujumini ham to‘xtatdi.

Indzagi esa «Benfika»ning mudofaa tartibini buzish uchun bir necha variantlarni tayyorlagani ma’lum bo‘ldi. Bu Bastoni uzoq ustun tomonga diagonal pas uzatib, Barella to‘pni bosh bilan darvozabon uchun olis burchakka joylaganida ham ko‘rindi. Lissabonliklar ikkinchi bo‘lim boshida o‘yinni qaytadan qurishga ulgurmadi va jarima maydoni ichida mehmonlar son jihatdan ustunlik qilishdi.

Hisobda oldinga chiqib olganidan keyin «Inter» «Benfika» futbolchilarini yanada oldinroqda kutib ola boshladi. Aagressiv o‘yin va kollektiv energiyani saqlab qolish uchu Indzagi o‘yinning 64-daqiqasida uchtalik o‘zgartirishni amalga oshirdi, jamladan forvardlar Jyeko va Martinesni Lukaku va Korreaga almashtirdi. Edin maydonni tark etishda norozi ko‘rindi. Indzagi bosniyalikning bunday reaksiya ko‘rsatishini bilardi, ammo uning uchun jamoa manfaatlari alohida bir futbolchining hissiyotlaridan muhim edi. O‘yin davomida Mxitaryan va Dumfris «Inter»ning ikkinchi golini urishga yaqin keldi, ammo Vlaxodimos o‘zini ko‘rsatdi.
80-daqiqada esa «neradzurrilar» penalti ishladi. Hakam Oliver VAR yordamchilarining ishorasidan keyin monitorni borib ko‘rdi va fantastik mavsum o‘tkazayotgan Joau Mariu chap qanotdan uzatilgan krossni qo‘li bilan to‘sganini qayd etdi. Lukaku 11 metrdan juda xotirjamlik bilan aniq zarba berdi.

«Benfika» hech narsa qila olmadi. Ehtimol bu lissabonliklar «Inter»ga shunchaki kichik pasayish davrida to‘g‘ri kelib qolgani bilan bog‘liqdir, jamoa bir necha kun muqaddam Primeyrada «Portu»ga yutqazgandi. Nima bo‘lganda ham «burgutlar» Mxitaryan va kompaniyani hayron qoldira olmadi: «Inter» safidagi futbolchilarning individual mahorati yuqorilik qildi. Shmidt jamoasi 90 daqiqa davomida darvoza sari atigi bitta aniq zarba yo‘lladi, «neradzurrilar»da esa – to‘rtta. Mezbonlarning so‘nggi hujumida Gonsalu Ramush yaxshi imkoniyatga ega bo‘ldi, ammo JCh-2022 turnirida Krishtianu Ronaldu bilan raqobatda ustun kelgan forvard Onanaga qarshi duelni boy berdi.

Shu tariqa, Italiya vakili finalga chiqishi deyarli kafolatlandi, chunki bu juftlik g‘olibi yarimfinalda «Napoli» yoki «Milan» bilan to‘qnashadi.

Mavzuga oid