«Qiymalangan go‘sht» operatsiyasi. Ittifoqchilar dezinformatsiya orqali Hitlerni qanday aldagandi?
Shu kunlarda AQSh maxsus xizmatlarining Ukrainadagi urush va ba’zi boshqa sohalarga doir razvedka ma’lumotlari ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Ko‘pchilik buni maxsus dezinformatsiya operatsiyasi deb taxmin qilmoqda.
AQSh va Buyuk Britaniya bu borada katta tajribaga ega. Chunonchi, tarixdagi eng yirik va muhim dezinformatsiya operatsiyasi 1943 yilda, AQSh va Buyuk Britaniya harbiylari tomonidan o‘tkazilgan edi. Bu operatsiya oqibatida Ikkinchi jahon urushida burilish yasagan voqealardan biri — Italiyaning taslim bo‘lishi tezlashgandi.
1943 yil
1943 yilga kelib AQSh – Buyuk Britaniya – SSSR ittifoqi fashistik davlatlar blokiga qaraganda ko‘proq ustunlikka erisha boshladi. O‘sha yilning fevral oyida Stalingrad qamali tugadi va Germaniya qaqshatqich zarbani qabul qildi. Nemis general-feldmarshali Fridrix Paulyus asirga olindi.
Bu paytda AQSh va Buyuk Britaniya birlashgan kuchlari Shimoliy Afrikada muvaffaqiyatga erishdi va nemislarni Afrikadan quvib chiqardi. Endilikda ikkinchi front ochish uchun harbiy harakatlarni Yevropaga ko‘chirish kerak edi. London va Vashingtondagilar 1944 yilgacha La-Mansh orqali Fransiyaga qo‘shin tushirish mumkin emas deb hisoblardi.
Ularda ikkita variant bor edi: birinchisi – Italiyaning Sitsiliya orolini egallash va O‘rta Yer dengizi nazoratini to‘liq qo‘lga olish, ikkinchisi – Gretsiya va Bolqon yarimoroliga qo‘shin tushirib, SSSR bilan birgalikda Bolqondagi Germaniya armiyasini qurshovga olib, Germaniyani Bolqondagi muhim xomashyo manbalaridan uzib qo‘yish.
O‘sha paytda ko‘pchilik ittifoqchilar Sitsiliyaga qo‘shin tushirishini taxmin qilardi, chunki orol desant tashlash uchun ancha qulay va yaqinroq edi. 1943 yil Marokashning Kasablanka shahrida o‘tkazilgan konferensiyada Sitsiliyaga hujum qilish varianti tanlangach, Buyuk Britaniya bosh vaziri Uinston Cherchill «Nishon Sitsiliya bo‘lishini ahmoqlardan boshqa hamma biladi» deya kinoya qiladi.
Hitler Bolqon qo‘ldan ketsa, u yerdagi nemis armiyasi uchun muhim bo‘lgan mis, boksit, xrom va neftdan ayrilishdan xavotirda edi. Shuning uchun fashistik guruhda bu borada ikki xil qarash paydo bo‘ladi. Italiya rahbari Mussolini hujum Sitsiliyaga bo‘lishiga amin edi va Hitlerdan himoya uchun orolga qo‘shimcha diviziyalar tashlashni so‘raydi. Ammo Hitler qaror qabul qilishga ikkilanadi.
Ittifoqchilar aynan shu vaziyatdan foydalanib qolishga qaror qiladi. Ular Hitlerni hujum Bolqon va Gretsiyaga bo‘lishiga ishontirish uchun maxsus dezinformatsiya operatsiyasini o‘tkazadi.
Manyovrlar. Barclay operatsiyasi
Ittifoqchi kuchlar Germaniya bosh shtabini aldash uchun manyovrlar o‘tkazishni boshlaydi. Bu harakatlar Barclay operatsiyasi deb nomlanadi.
Ittifoqchi kuchlarning asosiy zarbasi Bolqon yo‘nalishida bo‘lishini isbotlash uchun inglizlar Barclay operatsiyasi doirasida Misrda o‘n ikkita diviziyadan iborat soxta 12 armiyani yaratadi. Hujum Gretsiyaga bo‘lishi va u yaqinlashayotganiga nemislarni ishontirish uchun Britaniyaning Maxsus operatsiyalar boshqarmasi yunon partizanlari bilan birgalikda Gretsiyadagi temiryo‘l va avtomobil yo‘llari tarmoqlariga bir necha qo‘poruvchilik hujumlari uyushtiradi.
Shuningdek, inglizlar nemislar kuzatishi uchun soxta qo‘shinlar harakati va radioaloqalarni ham tashkil etadi.
«Qiymalangan go‘sht»
Ammo nemislarni ishontirish uchun kattaroq, jiddiyroq ish qilish kerak edi.
1939 yil Buyuk Britaniya dengiz-harbiy razvedkasi boshqarmasi rahbari Jon Godfri turli harbiy nayranglar bayon etilgan maxfiy «Forellar haqida eslatma» hisobotini yozadi. Biroq ko‘pchilik bu hisobotning tuzuvchisi aslida Godfrining yordamchisi, Jyeyms Bond haqidagi romanlari muallifi Yan Fleming ekanini ta’kidlaydi.
Aynan mana shu hisobotda «zobit kiyimi kiydirilgan murdani noto‘g‘ri ma’lumotlar bilan dushmanga yuborish» g‘oyasi ilk bor tilga olinadi.
1942 yilda Britaniyadan Gibraltarga uchayotgan samolyot halokatga uchraydi va undagi fransuz josusi Jyeyms Tyorner muhim maxfiy ma’lumotlar bilan birga Ispaniyaning Kadis shahri qirg‘oqlariga oqib keladi. Ispanlar jasadni topib oladi va keyinroq Britaniyaga qaytaradi. Biroq ingliz razvedkasi Ispaniya betaraf pozitsiyada bo‘lishiga qaramay, Hitler Germaniyasi bilan hamkorlik qilgani va Tyornerdagi ma’lumotlarni Berlinga taqdim etganini aniqlaydi. Bu Britaniyaga ispanlar nemislarga ma’lumot yetkazayotganini bilishga imkon beradi.
1942 yil oktyabrda Britaniyaning ichki aksilrazvedka va xavfsizlik xizmati bo‘lmish MI5 xodimi, Qirollik harbiy-havo kuchlari parvoz leytenanti Charlz Chelmondeley Godfrining hisoboti va fransuz josusi taqdiridan kelib chiqib, maxsus dezinformatsiya operatsiyasi rejasini tuzib chiqadi.
Britaniya qo‘mondonligi rejani ko‘rib chiqib, uni mukammallashtirish uchun Chelmondeleyga Qirollik dengiz razvedkasi xodimi Iven Montegyuni biriktiradi. Chelmondeley va Montegyu bir necha oy davomida maxsus operatsiyaning batafsil rejasini ishlab chiqadi. Rejaga ko‘ra, operatsiya uchun mos jasad topilishi, unga Qirollik dengiz piyodalari kiyimi kiydirilishi va aviahalokat natijasida qurbon bo‘lganini tasdiqlovchi belgilar qo‘yilishi hamda Ispaniya qirg‘oqlariga oqizilishi kerak edi.
Ammo bu oson emasdi. Urush davrida qarovsiz jasadlarni topish qiyin bo‘lgan, ko‘pchilikning qarindoshlari murdalarni talab qilgan. Shu bois, operatsiyaga mos jasadni topish ancha vaqt olgan va nihoyat 1943 yil yanvar oyida o‘zini zaharlab o‘ldirgan odam murdasi topilgan.
Nemis harbiylarida shubha paydo qilmaslik maqsadida jasad uchun xayoliy hikoya to‘qiladi. Unga ko‘ra, jasad Qirollik dengiz piyodalari kapitani (mayor vazifasini bajaruvchi), Birlashgan operatsiyalar shtabi xodimi Uilyam Martinga aylanadi.
Martinning haqiqiyligini yanada kuchaytirish uchun uning cho‘ntaklariga turli buyumlar solib qo‘yiladi. Ular orasida uning to‘qima rafiqasi Pemning ham surati bor edi, aslida esa suratdagi ayol MI5 agenti Jin Lesli bo‘lgan. Shuningdek, boshqa narsalar qatorida, Pemning ikkita ishqiy maktubi va Londondagi Bond-stritdan olingan uzuk kvitansiyasi ham jasad cho‘ntagiga joylashtirilgan. Martinning harbiy guvohnomasidagi surat esa murdaga o‘xshovchi MI5 agenti Ronni Ridning surati edi.
Jasaddagi asosiy hujjat Britaniya qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i o‘rinbosari, ushbu operatsiyadan xabardor general-leytenant ser Archibald Nay Jazoir va Tunisdagi general Eyzenxauer qo‘mondonligi ostidagi Britaniya va AQShning 18-qo‘shma armiyasi guruhi qo‘mondoni ser Harold Aleksandrga yozgan shaxsiy xat edi.
Maktubda turli qo‘shimcha ma’lumotlar bilan birga, nemislar o‘qishi uchun muhim maxfiy ma’lumot ham mavjud edi: «Bizda so‘nggi paytlarda “boshlar” (boche – nemislar) Gretsiya va Kritda o‘z mudofaasini kuchaytirayotgani va mustahkamlayotgani haqida ma’lumotlar bor. Bosh shtab boshlig‘i bizning kuchlar shturm uchun yetarli emas deb hisoblaydi. Shtab rahbarlari 5 va 56-diviziyalarni kuchaytirish kerak degan fikrda».
Jasad cho‘ntagiga yana bir xat joylashtiriladi. Bu maktub vitse-admiral Lord Mauntbattenning tavsiyasi edi. Unda Uilyam Martin desant operatsiyalari bo‘yicha ekspert sifatida tilga olinadi. Maktubda sardina balig‘i haqidagi hazil bor edi va bu bilan ittifoqchilar Sardiniya oroliga hujum qilmoqchi ekaniga shama qilingandi.
Ishonchlilikni yanada oshirish uchun Martinning yoniga boshqa muhim bo‘lmagan hisobotlar solingan portfel ham joylashtiriladi. Portfel jasad suvga tashlanganda oqib ketmasligi uchun murdaning kamariga bog‘lab qo‘yiladi.
Barchasi tayyor bo‘lgach, 1943 yil 19 aprel kuni “Uilyam Martin” jasadi G‘arbiy Shotlandiya qirg‘oqlarida Seraph suvosti kemasiga yuklanadi. Jasadni boshqachasiga Ispaniya qirg‘oqlariga yetkazish imkonsiz edi.
Seraph suvosti kemasi 30 aprel kuni Ispaniyaning Kadis ko‘rfazi yaqinida jasadni suvga tashlaydi. Oradan besh soat o‘tib, murdani ispaniyalik baliqchilar topib oladi va dengiz sudyasiga yetkazadi. Jasad bu yerdan Madridga yuboriladi. Ispaniyadagi Abver (Germaniya harbiy razvedka xizmati) josuslari murdada muhim ma’lumotlar borligidan xabar topadi va Ispaniya hukumatidan bu ma’lumotlarni Germaniyaga berishni so‘raydi. Hujjatlardan nusxalar olinib, yana o‘z joyiga qaytarib qo‘yiladi va Britaniya konsuliga topshiriladi.
8 may kuni “Uilyam Martin”dagi soxta hujjatlar nusxalari Hitler stoli ustida paydo bo‘ladi. 14 may kuni inglizlar nemis signallarini ushlab, o‘qishga erishadi hamda reja ish berganini tasdiqlaydi — Germaniyaning juda maxfiy signallarda ittifoqchilar hujumi Bolqon va Dodekanes orollariga bo‘lishi aytilgandi.
Jasad uch oy davomida muzlatgichda saqlangandi va ispaniyalik shifokorlar bu yaqinda aviahalokatga uchragan uchuvchi murdasi emasligini bilib qolishi mumkin edi. Shu bois, Britaniyaning Ispaniyadagi vitse-elchisi autopsiyada (o‘lim sababini aniqlash jarayoni) shaxsan o‘zi qatnashadi va shifokorlarni chalg‘itadi. Natijada o‘lim sababi sifatida «suvda bo‘g‘ilish» ko‘rsatiladi.
Barchasi reja bo‘yicha ketishi uchun Britaniya hukumati Ispaniyadan jasadni berishni so‘raydi. Ispaniya jasadni barcha hujjatlari bilan birga Britaniya vakillariga qaytaradi va inglizlar uni tantanavor tarzda dafn qiladi. Inglizlar maktublar ochilib, nusxalanganini bilmaslikka oladi.
Nemislarni yanada ishontirish uchun Britaniyaning The Times gazetasida chop etiluvchi qurbonlar ro‘yxatiga Uilyam Martin nomi ham kiritiladi. U samolyot kutilmaganda dengizga qulashi oqibatida vafot etgani qayd etiladi.
Operatsiya muvaffaqiyati
O‘zi shundoq ham Bolqondan xavfsirayotgan Hitler tasodifan qo‘lga kiritilgan «yashirin» ma’lumotlardan so‘ng qo‘shinlarni Sitsiliyadan Gretsiya va Sardiniyaga ko‘chirishni boshlaydi. Uning buyrug‘i bilan tajribali 1-tank diviziyasi Fransiyadan Gretsiyaga ko‘chiriladi. Sardiniyadagi nemis askarlari soni ikki baravarga ko‘paytirilib, ularning soni 10 mingtaga yetkaziladi. Bundan tashqari, mudofaaga ko‘maklashishi uchun bu yerga qiruvchi samolyotlar ham joylashtiriladi.
Bolqondagi diviziyalar soni 8 tadan 18 taga ko‘paytiriladi. Sitsiliyadagi torpedoli harbiy kemalar ham Gretsiyaga ko‘chiriladi.
9 iyul kuni esa AQSh va Buyuk Britaniya «Haski» operatsiyasini boshlab, Sitsiliya oroliga ilk bo‘linmalarni tashlaydi. Biroq shunda ham Hitler asosiy hujum Bolqonga bo‘lishiga ishonadi va hatto ittifoqchilar Sitsiliyaga desant tashlaganidan to‘rt soat o‘tib, nemislarning 21 ta samolyoti Sitsiliyani tark etib, Sardiniyaga yo‘l oladi.
Hitler shuningdek, 13 iyulda SSSRdagi ikkita tank diviziyasini ham Bolqonga yuborishga tayyorgarlik ko‘rishni buyuradi, bu esa Moskva ostonasidagi Kurskda bo‘lib o‘tgan hal qiluvchi tanklar jangi oldidan nemis kuchlari zaiflashishiga sabab bo‘ladi.
Hitler iyul oyi oxiriga qadar o‘z fikriga sodiq qoldi va general Ervin Rommelni mudofaani uyushtirish uchun Gretsiyaga yuboradi. Hitler va nemis qo‘mondonlari aldanganliklarini bilganda esa nimadir qilish uchun kech bo‘lgandi.
17 avgust kuni Sitsiliya mudofaasi qulaydi va orol ittifoqchilar nazorati ostiga o‘tadi. Germaniya qo‘shinlari Italiyaning materikdagi qismiga qochib o‘tadi.
Sitsiliyaning qulashi Mussolinining hokimiyati ham qulashiga olib keladi. Sitsiliya uchun janglar ketayotgan paytda Italiya fashizmining buyuk kengashi Mussolinini hokimiyatdan chetlatishga ovoz beradi va ertasi kuni «duche» qamoqqa olinadi. Yangi Italiya hukumati ittifoqchilar bilan yashirin muzokaralar boshlaydi.
Shunday qilib, «Qiymalangan go‘sht» dezinformatsiya operatsiyasi Ikkinchi jahon urushida sezilarli rol o‘ynaydi va axborot sohasining qanchalik muhimligini ko‘rsatadi. Ushbu operatsiya oqibatida Italiya amalda Ikkinchi jahon urushidan chiqadi, Kursk jangi oldidan SSSR uchun ustunlik yaratiladi.
Reja asoschisi Charlz Chelmondeley 1948 yilda Britaniya imperiyasi Ordeni a’zosi etib tayinlanadi. Uning sherigi Iven Montegyu esa Britaniya imperiyasi Ordeni ofitseri unvoni bilan mukofotlanadi.
«Qiymalangan go‘sht» operatsiyasi eng muvaffaqiyatli aldov manyovrlaridan biri sifatida tarixga kiradi.
Muhammadqodir Sobirov
Mavzuga oid
15:50 / 23.07.2024
Polsha YeIni AQSh bilan birgalikda dezinformatsiyaga qarshi kurashishga chaqirdi
12:29 / 01.07.2024
Yevrokomissiya Telegram'ni taftish qilmoqchi: Durovning kompaniyasi foydalanuvchilari sonini yashirayotganlikda ayblanmoqda
13:25 / 12.06.2024
AQSh va Polsha Rossiyaning dezinformatsiyasiga qarshi kurash markazini ochdi
20:52 / 24.10.2023