O‘zbekiston | 16:31 / 14.04.2023
20060
4 daqiqa o‘qiladi

Activist apellyatsiya shikoyatini qaytarib oldi

Hojiakbar Nosirovning advokati ishni apellyatsiya instansiyada ko‘rib chiqishni so‘rab murojaat qilgani, biroq bloger advokatning shikoyatini ko‘rmasdan qoldirishni so‘ragani aytilmoqda.

Foto: SUBeKTIV

ACTIVIST loyihasi muallifi Hojiakbar Nosirov 8 aprel kuni sud tomonidan 15 sutkaga qamalgandi. Ayblovga blogerning yogurtlar haqidagi videolari asos bo‘lgani aytilgan.

Ushbu voqea jamoatchilik o‘rtasida muhokamalarga sabab bo‘lishi ortidan sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati yoki protest berish mumkinligi ma’lum qilingandi. Ayblovga Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning ekspertlik xulosasi va boshqa dalillar asos bo‘lgani keltirilgan.

Qayd etilishicha, mazkur ish bo‘yicha 14 aprel kuni Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasiga Hojiakbar Nosirovning advokati tomonidan apellyatsiya shikoyati kelib tushgan. Sud majlisi 14 aprel soat 15:00 ga tayinlangan.

“Huquqbuzar H.N. tomonidan advokatning shikoyatini ko‘rmasdan qoldirish haqidagi ariza keltirilganligi sababli, MJtKning 324-4 va 324-8-moddalariga asosan, apellyatsiya shikoyatini ko‘rmasdan qoldirib, apellyatsiya tartibida ish yuritishni tugatish haqida qaror chiqarildi”, deyiladi Toshkent shahar sudlari matbuot xizmatining xabarida.

ACTIVIST’ning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga 5 aprel kuni joylangan videoda bir qancha ishlab chiqaruvchilarga tegishli yogurt mahsulotlarining harom ekani ta’kidlanadi.

O‘zbekiston musulmonlar idorasi Fatvo markazi bloger harom deb aytgan karmin moddasi bo‘yicha izoh berdi. Ta’kidlanishicha, ushbu modda qizil rangli bo‘yoq bo‘lib, Ye120 raqami ostida oziq-ovqat qo‘shimchalari sifatida foydalaniladi. Karmin moddasi yarim qattiq qanotlilar guruhiga mansub bo‘lgan koshenil hasharotidan olinadi.

“To‘rt mazhab ulamolarining nazdida chigirtkadan boshqa hasharotlarni iste’mol qilish qat’iy man qilingan. Lekin hasharotlardan olinadigan moddalar, shu jumladan karmin Ye120 moddasi ham muayyan kimyoviy jarayon va usullardan o‘tishi bilan holati o‘zgarishi soha mutaxassislari va ulamolarimiz tomonidan aytilgan.

“Hasharotlardan olinadigan moddalar kimyoviy yo‘llar bilan boshqa moddaga aylanadi. Bu jarayonni Islom shariatida “istihola” — bir moddaning boshqasiga o‘zgarishi deyiladi. Natijada najosat va nopok bo‘lgan narsalar o‘z sifatlarini yo‘qotib, boshqa narsaga aylanadi. Shariat (biror narsaning) najosat bo‘lishini muayyan mohiyatga bog‘lagan. Najosatning ba’zi sifatlari yo‘qolishi bilan najosatlik mohiyati ham yo‘qoladi. Agar najosatning barcha sifatlari yo‘qolsa, najosatlik mohiyati ham to‘liq yo‘qolgan bo‘ladi”, – deyiladi Fatvo markazi izohida.

Biroq faollar sud qarori adolatsiz bo‘lgani, blogerni 15 sutkaga qamash uchun unga navbatchi moddalar tirkalgani, sud vaziyatni to‘g‘ri malakalay olmagani haqida yozishgan.

Jumladan, Rasul Kusherbayevning aytishicha, ma’muriy ishga tirkalgan “IIB xodimiga bo‘ysunmaslik”, degan modda istagan odamni ichkariga olib kirish uchun ishlatiladigan “dejurnyy statya”ga aylanib qolgan. Advokat Abdumalik Abdullayev Hojiakbar Nosirovga nisbatan yuritilgan ma’muriy ishni ko‘rib chiqqan sud qarorini shubhaga olgan.

Jurnalist Sanjar Saidga ko‘ra, ACTIVIST loyihasi muallifining bir video ortidan 15 sutkaga qamalishi mamlakatda so‘z va e’tiqod erkinligiga uyushtirilgan navbatdagi tahdiddan boshqa narsa emas.

Mavzuga oid