O‘zbekiston | 20:55 / 27.09.2023
8556
3 daqiqa o‘qiladi

Hukm ustidan apellyatsiya shikoyatini berish muddati qisqartirildi

Avval bu muddat 20 sutka edi, endi 10 sutka bo‘ldi.

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. 

Unga ko‘ra, Kodeks quyidagi boblar bilan to‘ldirildi: 

Hukmlarning, ajrimlarning, qarorlarning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning umumiy shartlari (55-bob); 

Sudning hukmi, ajrimi ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berish (56-2-bob). 

Shunga muvofiq: 

Sud hukmlari, ajrimlari, qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida tekshirilishi mumkin. 

Jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida ko‘rishda prokuror ishtirok etadi. 

Sud jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida ko‘rishda shikoyat yoki protest vajlari bilan chegaralanmaydi va ishni barcha mahkumlarga, shu jumladan tegishli shikoyatni bermagan shaxslarga yoki o‘ziga nisbatan shikoyat (protest) berilmagan mahkumlarga nisbatan ham to‘la hajmda tekshiradi. 

Mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili, jabrlanuvchi, uning vakili birinchi instansiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish tartibida ko‘rib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish instansiyasi sudlarining hukmlari, ajrimlari ustidan taftish tartibida shikoyat berishga haqlidir. 

Agar shikoyatda yoki protestda og‘irroq jinoyat to‘g‘risidagi qonunni qo‘llash zarurligi haqidagi, jazoni kuchaytirish to‘g‘risidagi yoki mahkumning ahvoli yomonlashishiga olib keladigan boshqa o‘zgarishlar haqidagi masala qo‘yilgan bo‘lsa, sudning ayblov hukmini yoxud ajrimini taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishga, shuningdek sudning oqlov hukmini yoki ishni tugatish to‘g‘risidagi ajrimini taftish tartibida qayta ko‘rib chiqishga faqat u qonuniy kuchga kirganidan keyin 1 yil ichida yo‘l qo‘yiladi. 

Hukm chiqargan sud jinoyat ishi taftish instansiyasi sudiga yuborilganligi to‘g‘risida tegishli shaxslarni 3 sutka ichida xabardor qiladi. 

Qonun bilan shuningdek, hukm ustidan apellyatsiya shikoyatlarini (protestlarini) berish muddati 20 sutkadan 10 sutkaga qisqartirildi. 

Shuningdek, sud hukmi, ajrimini va qarorini ijro etish chog‘ida yuzaga kelgan masalalarni hal qilish to‘g‘risidagi ajrim ustidan xususiy shikoyat berish va xususiy protest bildirish tartibi belgilandi. 

Qonun 2024 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.

Mavzuga oid