Iqtisodiyot | 13:37 / 20.04.2023
70824
5 daqiqa o‘qiladi

Dedollarizatsiya boshlangan. Bu ortga qaytmas jarayonmi?

Xitoy, Rossiya, Eron, Hindiston, Saudiya Arabistoni va Braziliya dollarga “o‘lim zarbasi”ni bera oladimi?

Dollarning xalqaro gegemon maqomini yo‘qotish xavfi – so‘nggi paytlarda xalqaro ekspertlar tomonidan keng masshtabda, eng ko‘p muhokama qilinayotgan masalalardan biri.

Albatta, dollarning kelajagi haqidagi savollar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lmadi. G‘arb sanksiyalariga duchor bo‘lgan mamlakatlar o‘zlarining milliy valutalarida savdo qilishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqa boshladi.

Xitoy so‘nggi geosiyosiy o‘zgarishlar fonida Eron, Hindiston, Saudiya Arabistoni va Rossiya bilan o‘zaro hisob-kitoblarda milliy valutalardan foydalanishni nazarda tutuvchi savdo bitimlarini imzoladi. Rasmiy Tehron va Ar-Riyod o‘rtasidagi aloqalar normallasha boshladi. Bundan tashqari, “Saudi Aramco” kompaniyasi va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p milliard dollarlik shartnoma imzolanganidan keyin Saudiya Arabistoni hukumati ShHTga kirishni ma’qulladi.

Amerikalik strateg Zbignev Bjyezinski “Buyuk shaxmat taxtasi” asarida Vashingtonning bir qutbli gegemonligi uchun "eng xavfli ssenariy" sifatida Xitoy, Rossiya va Eronning o‘zaro bir ittifoqda bo‘lishini keltirib o‘tgandi. So‘nggi yillarda AQShning mazkur uch davlatga nisbatan sanksiyalari va tajovuzkor siyosati Rossiya, Xitoy va Eron koalitsiyasining paydo bo‘lishini rag‘batlantiryapti.

Shuningdek, Janubiy Amerikaning ikki yirik davlati: Braziliya va Argentina yagona valuta yaratish rejalarini e’lon qildi. Yangi valuta ushbu mamlakatlar milliy valutalarini almashtirmaydi va ular bilan parallel ravishda qo‘llanadi. Ushbu qaror savdo va moliyaviy munosabatlarda dollarga qaramlikni susaytirish imkonini beruvchi qadam sifatida e’tirof etildi.

Geografik jihatdan bir-biriga yaqin joylashgan va strategik resurslarning asosiy eksportchisi hisoblanuvchi mamlakatlarning o‘zaro savdoda milliy valutalarga o‘tishi integratsiya jarayonlarini kuchaytiradi va mintaqaviy savdoda dollardan voz kechishni qo‘llab-quvvatlaydi.

AQSh dollari jahon bozorida hali ham katta rolga ega, lekin so‘nggi 20 yil ichida uning hukmronligi pasaydi. Xususan, Xalqaro valuta jamg‘armasining 2022 yildagi hisobotiga ko‘ra, markaziy banklar tomonidan AQSh dollarida saqlanayotgan zaxiralarning ulushi asr boshidan buyon 12 foizga kamayib, 1999 yildagi 71 foizdan 2021 yilda 59 foizga qisqargan. Shunday bo‘lsa-da, dollar qolgan valutalarga nisbatan yuqori darajadagi dominantlikni ushlab turibdi.

Agar dollar xalqaro moliya tizimidagi yetakchiligini yo‘qotsa, uning o‘rnini boshqa valuta egallashi mumkinmi? Hozirda jahon bozori Yevropadan Osiyoga tomon ko‘chmoqda. Bu hududdagi mamlakatlar katta qismining tashqi savdo aylanmasida Xitoy yetakchilik qiladi. Bundan tashqari, dunyoning global kuchga ega kompaniyalari va ishlab chiqaruvchilari uchun ham mahsulot sotishda Xitoy eng katta bozor hisoblanadi. Bu esa rasmiy Pekinning dollar ustunlik qiladigan xalqaro to‘lovlar infratuzilmasiga muqobil variantlar ishlab chiqishga turtki beradi. Biroq mamlakatdagi kuchli kapital nazorati va yopiq ishlash tizimi yuanning dollarga raqobatbardosh valutaga aylanishiga to‘sqinlik qiladi. Shuningdek, yuan haligacha to‘liq erkin konvertatsiyalanadigan valutaga aylana olgani yo‘q.

Yevro dollardan keyingi eng yirik miqdorda saqlanadigan zaxira valutasidir, ammo uning qiymati yevrohududdagi inqirozli holat tufayli noaniqliklarni yuzaga keltirdi. Bundan tashqari, global maqomga da’vo qilishi taxmin qilingan kriptovalutalar qiymati juda o‘zgaruvchan va beqaror bo‘lgani sababli ularga nisbatan ishonch ham keskin pasayib ketdi.

Umuman olganda, dollar o‘zining dominant mavqeyini abadiy saqlab qola olmaydi, chunki uning turli mamlakatlar valuta zaxiralaridagi ulushi boshqa valutalar foydasiga sezilarli darajada kamaymoqda. Boshqa tomondan, yevro, yuan va rivojlanayotgan bozor valutalari, masalan, hind rupiyasi va brazil realining xalqaro hisob-kitoblardagi ulushlari sezilarli darajada oshdi.

Boshqacha aytganda, dollar hukmronligi tugaydi va ko‘p qutbli valuta tizimiga o‘tish boshlanadi. Biroq xalqaro moliya bozorlaridagi barqarorlikni saqlab qolish istagi tufayli bu jarayon tez kechmaydi va bir necha o‘n yillarga cho‘zilishi mumkin.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid