O‘zbekiston | 08:46 / 27.04.2023
7396
3 daqiqa o‘qiladi

159 ta shahar va tumanda budjet jarayonining ochiqligi ta’minlanmagan

Hisob palatasi davlat idoralari tomonidan o‘z rasmiy veb-saytlariga budjet jarayonining ochiqligini ta’minlaydigan axborotning joylashtirilishi bo‘yicha 2022 yil xulosalarini taqdim etdi.

Foto: iStock

Qayd etilishicha, birinchi va ikkinchi darajali budjet mablag‘larini taqsimlovchilar, davlat maqsadli jamg‘armalari, hududiy budjet mablag‘larini taqsimlovchilar, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasining rasmiy veb-saytlariga 2022 yilning har choragida budjet jarayonining ochiqligiga doir axborotning joylashtirilishi yuzasidan masofaviy tarzda o‘rganishlar o‘tkazib borildi.

2022 yil II chorak yakunlari bo‘yicha ushbu yo‘nalishdagi ishlar holati respublikaning 208 ta tuman va shahar hokimliklari kesimida o‘rganildi. Natijada, 44 ta hokimlik ma’lumotlarni to‘liq joylashtirgani, 5 tasi – to‘liq joylashtirmagani va 159 tasi – umuman joylashtirmagani aniqlandi.

Ma’lumotlarni rasmiy veb-saytlarga joylashtirmagan hokimliklar yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga 14 ta taqdimnomalar yuborilgan.

Ushbu taqdimnomalarga asosan hududiy hokimliklarda ma’lumotlarni veb-saytlarga joylashtirishda xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 83 nafar mas’ul xodimga nisbatan “Hayfsan” intizomiy jazo chorasi hamda 2 nafar mas’ul xodimga nisbatan “Jarima” intizomiy jazo chorasi qo‘llanilgan.

2022 yil III chorak davomida 137 ta davlat tashkilotlari o‘rganilib, 95 ta tashkilot (69 foiz) tomonidan barcha ma’lumotlarni joylashtirgani, 22 tasi (16 foiz) ma’lumotlarni to‘liq joylashtirmagani hamda 20 tasi (15 foiz) ma’lumotlarni umuman joylashtirmagani aniqlandi.

Hisob palatasi tomonidan Nizom talablariga rioya qilmagan 11 ta vazirlik va idoralarning 12 nafar mansabdor shaxslariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 175-7-moddasi (Budjet jarayonining ochiqligini ta’minlash tartibini buzish) nazarda tutilgan huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirilib, sudlarga murojaat qilingan va ularning tegishli qarorlari chiqarilishiga erishilgan.

2022 yil IV chorak yakunlari bo‘yicha 134 ta vazirlik va idoralarning budjet jarayonining ochiqligi sohasidagi faoliyati o‘rganildi. Ushbu davr mobaynida, 72 tasi davlat tashkiloti ma’lumotlarni to‘liq joylashtirgani, 24 tasi – to‘liq joylashtirmagani va 38 tasi umuman joylashtirmagani aniqlangan.

Mavzuga oid