MMTVdan navbatdagisi. Bu safar sharmandali tender natijasi bekor qilindi
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ta’minot xizmati 2023/24-o‘quv yili uchun ingliz tili fanidan 1-11 sinf mashq daftarlari, darsliklar sotib olish maqsadida jami 11 ta lotda tender o‘tkazgan. Tenderlarda negadir qimmat narx taklif qilgan tadbirkorlik sub’yekti g‘olib deb topilib, 30 foiz arzon narx taklif qilgan MChJ jarayondan chetlashtirilgan.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi “Ta’minot va logistika xizmati” DUK tomonidan 2023/24-o‘quv yiliga ingliz tili fanidan 1-11 sinf mashq daftarlari, darsliklar va o‘quv metodik majmualar sotib olish uchun 11 ta lotda tenderlar o‘tkazilgan. Ammo bu tender natijalari davlat xaridlari sohasidagi shikoyatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha komissiya yig‘ilishi bayoni bilan bekor qilingan.
Davlat xaridlari elektron tizimiga mazkur yig‘ilish bayonnomasi joylashtirildi. Unda yozilishicha, mazkur xarid bo‘yicha baholash mezonlarida raqobatni cheklashga olib keladigan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan harakatlar mavjud bo‘lgan. Bu esa tender savdolari ishtirokchilarining manfaatlari buzilishiga sabab bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.
Bayonnomaga ko‘ra, “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tender savdolari ishtirokchilari o‘rtasida kamida 30 foiz arzon narx taklifini bergan, biroq bu xarid komissiyasi tomonidan inobatga olinmagan.
Komissiyaga taqdim etilgan hujjatlar va ish holati batafsil o‘rganib chiqilganida, asossiz ravishda tenderdan chetlatilgan “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi MChJning narx taklifi g‘olib ishtirokchining taklifidan 30 foizgacha pastligi ma’lum bo‘lgan.
Davlat buyurtmachisi tovarlarning qiymatini hisobga olishi, davlat xaridlari uchun ajratilgan mablag‘lardan samarali foydalanishi, tovarlarning sifati va qiymati o‘rtasidagi maqbul nisbatni ta’minlashi kerakligi inobatga olinib, “Ta’minot va logistika xizmati” DUK tomonidan o‘tkazilgan yuqoridagi davlat xaridlari komissiya qarori bilan bekor qilingan.
Bu – “Ta’minot va logistika xizmati” DUK tomonidan xaridlarni qimmat narxda amalga oshirishga bo‘lgan ilk urinish emas.
Oldinroq Kun.uz mazkur korxona o‘quv qurollari xaridi uchun 12 ta tender o‘tkazgani, ularning 4 tasini yog‘och va qurilish materiallari ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi firma, bittasini faoliyat turi avtomashinalarni yuvish bo‘lgan firma yutib olgani haqida yozgandi. Kun.uz hisob-kitoblariga ko‘ra, g‘olib firmalar bilan 13,5 mlrd so‘m qimmat narxlarda shartnoma imzolangan.
Mavzuga oid
13:56
O‘zbekistonda har yetti o‘quvchidan kamida bittasi maktabda o‘zini xavfsiz his qilmaydi, nega?
14:33 / 21.11.2024
Nega o‘zbek ota-onalari bolasini rus sinflariga beradi?
20:51 / 18.11.2024
“Qurollar qanchalik zamonaviy bo‘lmasin, milliy g‘urursiz ish bitmaydi” - maktablarga harbiy darslar nega kerak?
16:44 / 11.11.2024