O‘zbekiston | 15:48 / 27.04.2023
5859
2 daqiqa o‘qiladi

Open budjet’da eng ko‘p maktabga oid loyihalar g‘olib bo‘ldi

Open budjet’da g‘olib bo‘lgan loyihalarning eng ko‘pi maktablar, undan keyin ichki yo‘llar, sog‘liqni saqlash va bog‘chalarni ta’mirlash bo‘yicha takliflar bo‘lgan. Bu bo‘yicha Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti o‘z tahlillarini e’lon qildi.

Foto: KUN.UZ

Open budjet’ning 2023 yilgi birinchi mavsumida jami 2997ta loyihaga mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. Qaysi yo‘nalishda ko‘proq taklif bo‘lgani haqida Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti ma’lum qildi. Tahlillarga ko‘ra, g‘olib loyihalarning asosiy qismini umumta’lim maktablari, ichki yo‘llar, sog‘liqni saqlash muassasalari va maktabgacha ta’lim muassasalarini ta’mirlashga oid takliflar tashkil etdi:

  • umumta’lim maktablari –1335ta yoki 44,5 foiz
  • ichki yo‘llar – 629ta yoki 20,9 foiz
  • sog‘liqni saqlash muassasalari – 370ta yoki 12,3 foiz
  • maktabgacha ta’lim muassasalari – 176ta yoki 5,8 foiz.

Ma’lumot uchun, Open budjet'da jami 1666ta loyiha g‘olib bo‘lgan. Shu bilan birga, yana 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan 1309ta loyihaga ham prezident topshirig‘i bilan qo‘shimcha mablag‘ ajratiladigan bo‘ldi. Shunday qilib g‘olib loyihalarga budjet mablag‘lari hisobidan jami 2,9 trln so‘m ajratiladi. Uning 1,3 trln so‘mi 2 mingdan ortiq ovoz to‘plagan, lekin g‘olib deb topilmagan loyihalarga yo‘naltiriladi.

Eslatib o‘tamiz, “Tashabbusli budjet"ning birinchi mavsumi uchun fevral-aprel oylarida aholidan 55,9 mingta taklif kelib tushib, loyihalar 16,1 million ovoz to‘plagandi. Bu ko‘rsatkich 2021 yilda 1,1 milliontani tashkil etgan.

Mavzuga oid