Jahon | 07:54 / 29.04.2023
6113
2 daqiqa o‘qiladi

BMT qo‘mitasi Rossiyani ukrainaliklarga nisbatan nafrat uyg‘otayotganlikda aybladi

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Rossiya Federatsiyasini irqiy nafratni qo‘zg‘atishda va ukrainaliklar haqidagi stereotiplarni tarqatishda aybladi. Irqiy kamsitishlarga barham berish qo‘mitasi rossiyalik harbiylar va yollanma askarlar tomonidan inson huquqlari buzilishidan xavotirda.

Foto: Reuters

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Irqiy kamsitishlarga barham berish qo‘mitasi Rossiya qo‘shinlari va yollanma guruhlarini Ukrainadagi janglar paytida inson huquqlarini jiddiy buzganlikda aybladi. 28 aprel, juma kuni e’lon qilingan hisobotida qo‘mita boshqa qonunbuzarliklar qatorida o‘zboshimchalik bilan hibsga olish, qatl qilish, qiynoqlar, zo‘rlash va bolalarni o‘g‘irlash kabi holatlarni ham tilga olgan.

Shu bilan birga, BMT qo‘mitasi Rossiyada irqiy nafrat qo‘zg‘atilishi va ukrainaliklar haqidagi stereotiplarning tarqalishidan xavotir bildirdi. Bunday harakatlar, ayniqsa, davlat radio va televideniyesida, internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan, bundan tashqari, ular jamoat arboblari va hukumat amaldorlari tomonidan sodir etilgan, deb xabar beradi AFP agentligi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti, shuningdek, rossiyalik huquq himoyachilarining Moskva va boshqa yirik shaharlarda norozilik oldini olish uchun Rossiya hukumati safarbarligida asosiy e’tibor Rossiyaning chekka hududlaridagi etnik ozchiliklarga qaratilgani haqidagi da’volarini ham o‘rganmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid