O‘zbekiston | 22:16 / 01.05.2023
12600
2 daqiqa o‘qiladi

Qizil kitobga kiritilgan tojik kavragi o‘simligi uchun moratoriy joriy qilindi 

3 yilga mo‘ljallangan moratoriy davrida yovvoyi holda o‘suvchi tojik kavragidan foydalanish holatlari aniqlanganda qonuniy choralar ko‘riladi. 

Foto: Tabiat resurslari vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kiritilgan tojik kavragi o‘simligi uchun moratoriy joriy etildi. Bu «Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishni ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonga asosan amalga oshirildi. 

Tabiat resurslari vazirligi xabariga ko‘ra, hozirgi vaqtda kavrak o‘simligidan noqonuniy foydalanish uning kamayib ketishiga sabab bo‘lib, takror va tabiiy ko‘payishiga salbiy ta’sir o‘tkazmoqda. Moratoriydan maqsad esa o‘simlikning tabiiy populyatsiyasi, takror ko‘payishi va qayta tiklanishini ta’minlashdir. 

3 yilga mo‘ljallangan moratoriy davrida yovvoyi holda o‘suvchi tojik kavragidan foydalanish holatlari aniqlanganda qonuniy choralar ko‘riladi. Shuningdek, kavrak o‘simligining O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan hamda kiritilmagan barcha turlaridan tegishli ruxsatnomasiz foydalanish (yulish, yig‘ish, kesish, zarar yetkazish, nobud qilish) va sotish yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi. 

Kavrak (Ferula) selderdoshlar oilasiga mansub bo‘lib, ko‘p yillik o‘t o‘simlik hisoblanadi. Uning yer yuzida 160 dan ziyod, O‘rta Osiyo respublikalarida 104 ta, O‘zbekistonda esa 50 dan ziyod turi uchraydi. 

Kavrakning yelim-smolasi xalq tabobatida tomir tortishi, o‘pka sili, o‘lat, zahm, ko‘kyo‘tal, tish og‘rig‘i, asab va boshqa kasalliklarga qarshi dori hamda quvvat beruvchi vosita sifatida qo‘llaniladi. 

Mavzuga oid