O‘zbekiston | 12:06 / 03.05.2023
24561
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda mansabdor shaxs korrupsiya ustida qo‘lga olindi

Karmana tumani Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i kesib tashlangan daraxtlar uchun bayonnoma rasmiylashtirmaslik evaziga fuqarodan 10 mln so‘m talab qilgan.

Foto: IIB axborot xizmati

Tabiat “qo‘riqchisi” pulni olayotgan vaqtda ushlangan. Bu haqda Navoiy viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tadbirkor F.N. Karmana tumani Xoncharbog‘ mahallasidagi yer maydonida sport kompleksi qurishni maqsad qilgan. Qurilish jarayonida esa bu joydagi mevali va manzarali daraxtlarni kesib tashlashga majbur bo‘lgan.

Bundan xabar topgan Karmana tumani Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish bo‘limi boshlig‘i X.T. hodisaga qonuniy baho berish o‘rniga kesilgan daraxtlar uchun bayonnoma rasmiylashtirmaslik hamda jazo ko‘rmaslik evaziga tanishi X.K. orqali 10 mln so‘m talab qilgan.

Tadbirkorning arizasiga binoan shu kuni Navoiy viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmati JQB, Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi hamda boshqa huquqni muhofaza qilish organ xodimlari bilan hamkorlikda tadbir o‘tkazilgan. Jarayonda tadbirkordan 10 mln so‘m olayotgan mansabdor protsessual tartibda ushlangan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.  

Mavzuga oid