Jahon | 16:02 / 03.05.2023
5621
2 daqiqa o‘qiladi

Nemis OAV: Volodimir Zelenskiy 13 may kuni Berlinga keladi

Foto: AP

Berlin politsiyasi Ukraina prezidentining bo‘lajak tashrifiga hozirlik ko‘rmoqda. Kutilishicha, Zelenskiy Germaniya poytaxtidan tashqari Axenga ham tashrif buyuradi va u yerda unga Buyuk Karl nomidagi mukofot topshiriladi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 13 may kuni Berlinga keladi. 3 may, chorshanba kuni OAVdagi ushbu ma’lumot Berlin politsiyasi tomonidan Der Tagesspiegel so‘roviga javoban tasdiqlandi. Huquq-tartibot idoralari Ukraina prezidentining tashrifiga hozirdanoq tayyorgarlikni boshlab yuborgan, idora matbuot kotibi tegishli xavfsizlik choralari tafsilotlarini oshkor qilmadi.

Uning aytishicha, Zelenskiyning samolyoti Berlindagi BER aeroportining harbiy sektoriga qo‘nadi. B. Z. gazetasining yozishicha, Ukraina rahbari Ritz-Carlton mehmonxonasida qoladi. Gazeta qayd etishicha, Berlin markazida Potsdam maydoni hududida kuchaytirilgan xavfsizlik rejimi joriy etilgan. Ukraina prezidenti "shubhasiz, butun dunyoda tahdid ostida turgan odamlardan biri", deya tashrifni rejalashtirgan politsiyachilardan birining so‘zlaridan iqtibos keltirgan B. Z. Ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, tashrif davomida kuchaytirilgan xavfsizlik choralari ko‘riladi, jumladan hujjatlarni tekshirish kuzatiladi, snayperlar va sapyor itlar jalb etiladi.

14 may kuni Zelenskiy Germaniya kansleri Olaf Shols tomonidan rasman qabul qilinadi, so‘ngra Germaniya g‘arbiga – Axenga vertolyot parvozi rejalashtirilgan, u yerda unga nufuzli Buyuk Karl nomidagi mukofot topshiriladi. Marosimda Zelenskiy va Sholsdan tashqari Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen va Polsha prezidenti Mateush Moravetskiy ham ishtirok etishi kutilmoqda.

Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli bostirib kirishi boshlanganidan beri Volodimir Zelenskiy mamlakatni bir necha marta tark etgan. Xususan, u Vashington va Bryusselga safar qildi. Ukraina rahbari 3 may kuni e’lon qilinmagan tashrif bilan Finlandiyaga keldi.

 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid