Parlament gidrotexnika inshootlari xavfsizligi to‘g‘risidagi qonun loyihasini qabul qildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda «Gidrotexnika inshootlarining xavfsizligi to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
— Bugungi kunda suv xo‘jaligi tizimida jami 73 ta suv ombori va sel-suv ombori, 1 ming 688 ta nasos stansiyasi, 49 ta GES va boshqa obektlar mavjud, — dedi Qonunchilik palatasi deputati Ravshan Begmatov. — Suv xo‘jaligi obektlarining aksariyat qismidan 40 yildan ortiq foydalanilmoqda. Bu esa ularni o‘z vaqtida ta’mirlash-tiklash va rekonstruksiya qilish hamda zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash ishlarini amalga oshirish, texnik soz holatda saqlash hamda ularning xavfsiz va ishonchli ishlashini ta’minlashni talab qilmoqda. Qonun loyihasi mamlakatimizdagi mavjud suv xo‘jaligi obektlarini texnik soz holatda saqlash, ularning xavfsizligini ta’minlash va ulardan ishonchli foydalanishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasida gidrotexnika inshootlari xavfsizligini ta’minlashning asosiy prinsiplari, sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari nazarda tutilmoqda. Bundan tashqari, gidrotexnika inshootlarining xavfsizligini ta’minlash sohasida xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar bilan axborot almashish masalalari o‘z aksini topmoqda. O‘tgan davrda qonun loyihasi takomillashtirildi. Birinchi o‘qishga kirgan paytda 7 bob 35 moddadan iborat bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida 4 ta bob 34 ta moddaga keltirildi.
Majlisda qonun loyihasining qabul qilinishi bilan maxsus davlat nazorati organining mas’uliyati va vakolati oshirilishi, inshootlarni loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish, ta’mirlash-tiklash, konservatsiya qilish va tugatish ishlarida xavfsizlik bo‘yicha nazorat kuchaytirilishi ta’kidlandi.
Majlisda savol-javob va muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuboriladigan bo‘ldi.
Mavzuga oid
21:26 / 29.10.2024
KXDR rahbari Kim Chen Inning xavfsizligi kuchaytirildi – OAV
18:24 / 12.09.2024
O‘zbekiston va Turkiya TIV, IIV va xavfsizlik idoralari rahbarlari uchrashuv o‘tkazdi
12:28 / 10.09.2024
Hisobot: Ko‘plab inqirozlar dunyo xavfsizligiga tahdid solmoqda
20:53 / 06.09.2024