Jahon | 13:30 / 04.05.2023
13159
3 daqiqa o‘qiladi

Qozog‘istonda Nazarboyevning qarindoshi 7 yilga qamaldi

Nursulton Nazarboyev jiyanining sobiq rafiqasi Gulmira Satibaldi o‘zboshimchalik va odam o‘g‘irlashda aybdor deb topildi. U ichimliklar ishlab chiqaruvchilarning yirik aksiyalarini egallab olishga harakat qilgan.

Gulmira Satibaldi / Foto: kaztag.kz

Ostona sudi 4 may, payshanba kuni Qozog‘iston sobiq prezidenti Nursulton Nazarboyev jiyanining sobiq xotini Gulmira Satibaldini o‘zboshimchalik va odam o‘g‘irlashda aybdor deb topib, mol-mulkini musodara qilmasdan 7 yilga ozodlikdan mahrum qildi. «Jazoni o‘tash rejimi o‘rta darajadagi jazoni ijro etish tizimida belgilanishi kerak», — dedi raislik qiluvchi sudya Kemenger Imashev. Bundan tashqari, Satibaldi Qozog‘iston davlat mukofoti – «Kurmet» ordenidan ham mahrum qilinadi

Bu ish bo‘yicha ikkinchi ayblanuvchi - Satibaldining haydovchisi Madi Botirshayev ham 7 yilga, uchinchi ayblanuvchi - odam o‘g‘irlash jinoyatini sodir etgan Rashid O‘tebekov 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Sud mart oyining o‘rtalaridan beri davom etdi, ish bo‘yicha jabrlanuvchilar ikki tadbirkor – Galanz bottlers AJ asoschisi Tursengali Alaguzov va Maxi Bottlers MChJ sobiq egasi Oygul Mekesheva edi. 

Gulmira Satibaldi 2022 yilning 16 martida qo‘lga olingan va Ostonadagi vaqtinchalik hibsxonaga joylashtirilgan. Korrupsiyaga qarshi kurash agentligi unga va bir qator boshqa shaxslarga nisbatan biznesni musodara qilish bo‘yicha tergov boshlanganini e’lon qildi. 2023 yil yanvar oyida Satibaldi odam o‘g‘irlash va o‘zboshimchalikda ayblangani ma’lum bo‘ldi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Satibaldi ichimliklar ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning yirik aksiyalarini tortib olishga urinib, Mekeshevani o‘g‘irlab ketgan va uning bolalarini o‘ldirish bilan tahdid qilgan. Zarar miqdori 6 milliard tengedan ortiqni tashkil qilgan. Aprel oyida Satibaldi va Mekesheva vositachilik kelishuviga erishdilar, sudlanuvchi o‘z aybini qisman tan oldi. 

Gulmira Satibaldi avvalroq Nazarboyevning jiyani Qayrat Satibaldi bilan turmush qurgan bo‘lib, u 2018 yilda Qozog‘istonning Forbes nashri tomonidan mamlakatning eng nufuzli biznesmenlari ro‘yxatiga kiritilgan, uning boyligi 163 million dollarga baholangan. 

Mavzuga oid