Sport | 15:45 / 11.05.2023
26819
3 daqiqa o‘qiladi

38 yoshida Germaniyada futbol murabbiyiga aylangan sobiq tadbirkor

Sarvar Xalilov Germaniyaning SC Borsigwalde futbol maktabida bosh murabbiy sifatida faoliyat yuritadi. U o‘z faoliyatini 2016 yildan keyin, Berlinga kelgach boshlagan. Bunga qadar esa uning futbol sohasiga hech qanday aloqasi bo‘lmagan. Kun.uz muxbiri 38 yoshida Germaniyada futbol murabbiyi bo‘lishga erishgan vatandoshimiz bilan suhbatlashdi. Suhbat davomida u Germaniya, O‘zbekiston futboli, ularning yutuq-kamchiliklari, futbolni rivojlantirish uchun qilinishi kerak bo‘lgan fikrlari bilan bo‘lishdi.

 

Yoshligimdan futbolga qiziqqanman. Lekin qachondir Germaniyada murabbiy bo‘lish xayolimga ham kelmagan. O‘zbekistondaligimda futbolga aloqador tashkilotlar eshiklarini qoqqanman. Mutaxassis bo‘lmaganim, tajribam yo‘qligi uchun murabbiy bo‘lolmadim. Keyin tirikchilik sabab Rossiyaga bordim. U yerda ham futbol murabbiyi bo‘lish uchun harakat qildim, hujjatlar yig‘dim. Lekin turli byurokratik to‘siqlarga uchragach, hafsalam pir bo‘ldi.

Keyin bir tanishim orqali Germaniyaga kelish yo‘llari, bu yerda futbol murabbiyi bo‘lish uchun tayyorlanadigan hujjatlarni o‘rganib, 2016 yilda Berlinga keldim”, deydi Sarvar Xalilov Berlinga kelib qolish tarixi haqida.

“O‘zbekiston futbolini rivojlantirish uchun nima qilish kerak?” degan savolga u quyidagicha javob berdi:

—     Avvalambor, futbolni ommalashtirishni targ‘ib qilish, futbolga faqat shahar markazlarida emas, eng chekka hududlarda ham e’tibor qaratilishi kerak. To‘g‘ri, tan olishimiz kerak, biz O‘zbekistonda futbolchilarga Germaniyadagidek sharoit yarata olmaymiz. Bu moliyaviy jihatdan ham, geografik joylashuv jihatidan ham qiyin masala. Lekin O‘zbekistonda yoshlar potensiali bor. Germaniyada o‘rtacha yosh – 47, O‘zbekistonda esa 27 yosh. Agar bundan to‘g‘ri foydalana olinsa, yoshlarning ko‘pligi mamlakatning eng katta yutug‘i aslida. 

Sarvar Xalilov O‘zbekiston yoshlar terma jamoasining Osiyo chempioni bo‘lgani haqida ham o‘z fikrlarini bildirdi:

—     Chempionatni kuzatib bordim. O‘zbekiston yoshlarining bu yutug‘ini olqishlayman. Albatta, buning tagida katta mehnat yotibdi. Buni ko‘rsatadiki, bizning yoshlarimiz ham raqobatbardosh bo‘la olishar ekan. Bu – futbolchi sifatida ularning ilk qadamlari. Hali ularning iqtidori jahon, Yevropa futboliga chiqqach bilinadi. Shuning uchun hali xulosa qilishga shoshmaslikni maslahat bergan bo‘lardim. Lekin bu ularning yosh darajasiga nisbatan yaxshi natija. 

Shuningdek, intervyu davomida suhbatdoshimiz Germaniyadagi faoliyati, O‘zbekistonda futbolchilarga munosabat, sohada chiqarilayotgan qarorlar va uning ijrosi borasida haqida ham gapirdi.

Sardorbek Usmoniy suhbatlashdi.

Germaniya, Berlin

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid