Fan-texnika | 15:41 / 11.05.2023
194776
4 daqiqa o‘qiladi

“Ikkitasi birda”: Bentley’dan Porsche’gacha - yo‘ltanlamas sportkarlar (fotojamlanma)

Sportkar va yo‘ltanlamas — bir qaraganda ikki qutb vakillari. Biroq sportkarlarning ayrim egalari o‘zining temir tulporini nafaqat tekis asfaltli yo‘lda, balki undan tashqarida ham haydagisi keladi. Zavodlar tomonidan g‘adir-budur yo‘llarda harakatlanishga moslashtirilgan sportkarlarni barmoq bilan sanash mumkin. Ularning eng mashhurlari Lamborghini va Porsche’ning ijod namunalari hisoblanadi. Shunga qaramay tyuning studiyalari doimiy ravishda yo‘ltanlamas sportkarlar borasida tajribalar qilib turadi. Ularning tajribasi o‘laroq avtoixlosmandlar noyob avtomobillarga ega bo‘ladi. Quyida shunday ishlanmalar haqida gap boradi.

Bentley Continental GT Speed

BAAda qayta ishlangan, 44,5 ming km masofa bosib o‘tib qo‘ygan Bentley’ni 43,250 dollarga baholashgan. Avtomobilning klirensi oshirilgan, kuzov himoyasi o‘rnatilib, xavfsizlik uchun ramka qo‘yilgan. Zaxira g‘ildiragi uchun kupening tom qismi tanlangan. G‘ildiraklarga shosse uchun mo‘ljallangan Pirelli shinalari qo‘yilgan. Salon qismiga yashil tus bilan qorishgan to‘q sariq teri bilan ishlov berilgan. Olti litr hajmga ega W12 dvigateli 611 ot kuchidan 700 taga oshirilgan.

Lamborghini Gallardo LP560-4 nusxasi

Tailand atelesi Lamborghini nusxalarini yaratish bilan shug‘ullanadi. Ular tomonidan ishlab chiqilgan Gallardo yo‘ltanlamasining nusxasi 45 ming dollarga baholangan. Avtomobil Toyota Hilux bazasida yaratilgan, motor esa Lexus’dan olingan. Tashqi elementlar, jumladan, old va ortki chiroqlari tyuningchilarning o‘zlari tomonidan yaratilgan.

Toyota GR86 Cross Over

Cusco brendiga egalik qiladigan Carrosser firmasi yo‘ltanlamas kupe proyekti ustida ish olib bordi. Natija esa shunday bo‘ldi: GR86 Cross Over modeli Toyota GR86 superkarining so‘nggi avlodi bazasida yaratildi. Sozlanish imkoniyatiga ega amortizatorlar o‘rnatilishi natijasida uning klirensi 2,5 santimetrga oshirilgan. 16 diametrli disklarga yo‘ltanlamas shinalar taqildi. Yoritish imkoniyatini oshirish uchun qo‘shimcha svetodiodlardan foydalanildi.

Morgan Plus 4 CX-T

Britan ishlab chiqaruvchisi o‘z modelini yo‘ltanlamasga aylantirdi. U atigi 8 nusxada yaratildi. Uni yaratishda «Dakar» rallisi uchun bolidlar ishlab chiqadigan Rally Raid UK firmasi ko‘maklashgan. Ekstremal poyga uchun zarur qo‘shimcha jihozlanishlardan keyin model og‘irligi 291 dan 1300 kilogrammga o‘zgargan.

Porsche Cayman S

2006 yilda ishlab chiqarilgan sportkar yo‘ltanlamas holatiga keltirilgan. Uni 2022 yilda auksionga qo‘yishgandi. Uning uchun taklif qilingan eng yuqori narx esa 45 500 dollarni tashkil qilgan. Mashinaning birinchi xo‘jayini 115 ming km masofa bosib o‘tgandi. Avtomobil 3,4 litrli hajmli 295 ot kuchiga ega atmosfera bosimida ishlaydigan dvigatel bilan jihozlangan. Dvigatel o‘z navbatida 6 pog‘onali mexanik uzatmalar qutisi bilan hamkorlikda ishlaydi. Vali Motospors firmasi kupening bamperlarini almashtirib, tom qismiga havo to‘sig‘i o‘rnatgan, qo‘shimcha yoritish chiroqlari va o‘rdak qanotini eslatib yuboradigan spoyler bilan jihozlagan. G‘ildiraklar 16 dyuymlik hajmdagisiga almashtirilgan va unga yo‘ltanlamas rezina taqilgan.

Porsche 911

Bu shunchaki zavod tomonidan ishlab chiqarilgan oddiy Porsche Dakar emas. Hali birorta tyuning atele bunday modifikatsiyadagisini ishlab chiqmagandi. Avtomobil xavfsizlik ustunlariga ega bo‘lgan, amortizatorlar kuchaytirilgan, transmissiya esa yangilangan. Mashina ustidagi takomillashtirish ishlari yakuniga yetganidan so‘ng u bilan 39 kunlik sayohatga yo‘l olingan.

Mavzuga oid