Jahon | 10:01 / 14.05.2023
30850
5 daqiqa o‘qiladi

Bryansk oblastidagi aviahalokatlar. Asosiy versiyalar

Ikki vertolyot va ikki samolyot qulagan bo‘lishi ham mumkin. Rasmiylar hech qanday izoh bermayapti - internetda esa turli versiyalar paydo bo‘lmoqda.

Foto: Videodan kadr

13 may kuni Rossiyaning Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomaz Klinsi shahri hududida vertolyot halokatga uchragani to‘g‘risida ma’lumot berdi. TASS favqulodda xizmatlardagi manbalariga tayangan holda xabar berishicha, gap Mi-8 haqida bormoqda. Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, Bryansk oblastida Su-34 bombardimonchi samolyoti ham yerga qulagan.

Keyinroq telegram-kanallarda Bryansk viloyati osmonida jami ikkita vertolyot va ikkita samolyot qulagani to‘g‘risida ma’lumotlar paydo bo‘ldi. Mash xabariga ko‘ra, ularning ekipajining barcha a’zolari – to‘qqiz kishi halok bo‘lgan.

To‘rtta apparat ham qulagani to‘g‘risidagi ma’lumot rasman tasdiqlanmagan. Ammo agar bu haqiqat bo‘lib chiqsa, Ukraina bilan keng ko‘lamli urush boshlanganidan beri Rossiya aviatsiyasining eng katta kunlik yo‘qotishlaridan biri bo‘ladi. 

Rossiya va Ukrainadagi telegram-kanallar vertolyotlar va samolyotlar halokati sabablari bo‘yicha bir necha versiyalarni ilgari surmoqda.

Diversantlar versiyasi

Rossiya maxsus xizmatlariga aloqador hisoblangan Mash va Baza telegram-kanallari Bryansk oblastida diversantlar qidirilayotganini haqida yozdi. Readovka manbasi ma’lumotiga ko‘ra, ular Rossiya hududida turib samolyotlar va vertolyotlarga qarata ko‘chma zenit-raketa tizimlaridan raketa uchirgan bo‘lishi mumkin. 

Ammo bu versiyada yopishmaydigan jihat bor: videolardan birida vertolyotga yirik raketa kelib urilganini ko‘rish mumkin, uning hajmi ko‘chma komplekslar raketalarinikidan ancha kattaroq. Bundan tashqari, vertolyotning yerga tushgan parragi suratlarida qolgan izlar ko‘chma kompleks raketasinikiga o‘xshamaydi.

Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimlari to‘g‘risidagi versiya

Ukraina telegram-kanallari samolyotlar va vertolyotlar Rossiya havo mudofaasi kuchlari tomonidan «urib tushirilgani» haqidagi versiyani ilgari surishdi. 

Ammo bu versiya ham shubhali ko‘rinadi: Rossiya havo hujumidan mudofaa tizimi bir samolyot yoki vertolyotni emas, Bryansk oblastining turli hududlarida yuqori balandlikda harakatlangan butun bir aviaguruhni to‘g‘ri aniqlay olmasligini tasavvur qilish qiyin.

Ukraina havo hujumidan mudofaa tizimlari to‘g‘risidagi versiya

Samolyot va vertolyotlar Ukraina havo mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilgani haqidagi versiya ham muhokama qilinmoqda. Vertolyot qulagan joydan chegaragacha bo‘lgan masofa deyarli 50 kilometrni tashkil qiladi. Bu shuni anglatadiki, Ukraina qurolli kuchlari Patriot, NASAMS yoki S-300 tizimlari orqali o‘q uzgan bo‘lishi mumkin. 

Lekin shubhali jihati shundaki, Ukraina QK bu holatda qimmatbaho va taqchil bo‘lgan havo hujumidan mudofaa tizimlarini jiddiy xavf ostiga qo‘ygan bo‘lardi: chegara yaqinida ularni turli razvedka vositalari bilan osongina payqash va aniq nishonga olish mumkin  edi.

Ukraina aviatsiyasi to‘g‘risidagi versiya

Rossiya mudofaa vazirligiga aloqador bo‘lgan «Rybar» telegram-kanaliga samolyotlar Poltava oblastidagi Mirgorod aerodromidan havoga ko‘tarilgan Ukraina samolyotlari tomonidan urib tushirilgani haqidagi versiyani ilgari surdi. Ukraina aviatsiyasida bunday katta masofadagi nishonga aniq zarba bera oluvchi raketalar yo‘qligi fakti kanal mualliflarini bu fikrdan qaytara olmaydi: ularning taxminiga ko‘ra, Polsha bergan MiG-29 samolyotlari Amerika tomonidan e’lon qilinmasdan yetkazib berilgan AIM-120 o‘rta masofali raketalari bilan zarba yo‘llagan bo‘lishi mumkin. Polshaliklar samolyotlari 70 kilometrgacha uzoqlikdagi nishonlarga zarba bera oladigan AIM-120 raketalarini qo‘llash uchun takomillashtirilgan.

Rasmiy versiya (hozircha yo‘q)

Rossiya mudofaa vazirligi Bryansk oblastidagi halokat (yoki halokatlar) yuzasidan hozircha izoh bermadi. Ukraina rasmiylari ham sodir bo‘lgan voqeaga munosabat bildirmadi. Hozircha yagona rasmiy izoh Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomaz tomonidan berilgan. Ammo u faqat Klinsida vertolyot halokatga uchraganini tasdiqladi, biroq, uning sabablari haqida hech narsa aytmadi.

Mavzuga oid