Rasmiylar izoh bergan yagona hodisa - Rossiya va Ukraina chegarasidan 40 kilometr masofada joylashgan Klinsi shahrida vertolyot qulashidir.

Bryansk oblasti gubernatori Aleksandr Bogomaz Klinsida vertolyot qulashi oqibatida yerda beshta uy shikastlangani va bir ayol yaralangani haqida xabar bergan.

«Bugun Klinsida vertolyot qulashi sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida tinch aholi vakillaridan bir ayol kishi jabrlangan. Ayni vaqtda u rayon shifoxonasiga yetkazilgan, unga barcha zarur tibbiy yordamlar ko‘rsatilmoqda. Beshta uy shikastlangan», deya yozgan gubernator.

Mahalliy aholi vakillari tomonidan olingan videolarda vertolyot havoda portlab, yonib ketgancha tikkasiga qulayotgani aks etgan.

TASS agentligining favqulodda xizmatlardagi manbasi vertolyot dvigateldagi yong‘in tufayli halokatga uchraganini aytgan, ammo ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda unga raketa kelib urilgani va portlash sodir bo‘lganini ko‘rish mumkin. Manbalar vertolyot uchuvchilarining ikkisi ham halok bo‘lganini aytishgan.

Ikkinchi holat haqida Rossiya favqulodda xizmatlari TASS agentligiga xabar berishgan. Agentlik suhbatdoshi biror jiddiy tafsilotni keltirmagan holda shunday degan: «Ukraina bilan chegara yaqinida Su-34 quladi. Bortda bo‘lganlarning taqdiriga oydinlik kiritilmoqda».

Ikkinchi hodisa aynan qayerda ro‘y berganiga aniqlik kiritilmagan, ammo halokat fotolari va videolarini joylashtirgan qator telegram-kanallarda bu Bryansk oblasti Starodubskiy rayoni (uning ma’muriy markazi hisoblangan Starodub Ukraina chegarasiga yanada yaqinroq joylashgan) bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Ijtimoiy tarmoqda Su-34 qulagan joyda olingan video tarqalgan, unda qiruvchi samolyot yonayotgani aks etgan. Mash manbasi aniqlik kiritishicha, bu hodisa Klinsida Mi-8 vertolyoti qulagan joydan qariyb 50 kilometr masofada ro‘y bergan.