Jahon | 13:07 / 19.05.2023
6536
2 daqiqa o‘qiladi

NYT: AQSh ukrainalik uchuvchilarni F-16 samolyotlarida o‘qitishni taqiqladi

Bir necha kun oldin Britaniya va Niderlandiya Ukraina uchun qiruvchi samolyotlar sotib olish bo‘yicha koalitsiya tuzgan edi. Qo‘shma Shtatlar hozircha F-16 qiruvchi samolyotlarini reeksport qilishga va Ukrainadan uchuvchilarni ushbu texnikadan foydalanishga o‘rgatishga ruxsat bermayapti.

Foto: afmil

AQSh rasmiylari ukrainalik uchuvchilarga Yevropada Amerikaning Lockheed Martin harbiy-sanoat korporatsiyasi tomonidan ishlab chiqarilgan F-16 qiruvchi samolyotlaridan foydalanish uchun o‘qitilishiga ruxsat bermayapti, deb xabar berdi The New York Times (NYT) 18 may, payshanba kuni o‘z ismini oshkor etmagan yuqori lavozimli ukrainalik amaldorga tayanib. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington ruxsatisiz Yevropa davlatlari Ukraina harbiylarini faqat texnik atamalar bilan tanishtirishi va sinov parvozlarisiz taktik darslar o‘tkazishi mumkin, Oq uy esa Ukrainani boshqa qurollar bilan ta’minlashga e’tibor qaratishni afzal ko‘ryapti. Shu bilan birga, NYT suhbatdoshi AQSh oxir-oqibat boshqa mamlakatlarga F-16 samolyotlarini Ukrainaga topshirishga ruxsat berishini istisno qilmadi.

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati matbuot kotibining gazetaga aytishicha, Vashington hali ham o‘z qiruvchi samolyotlarini Kiyevga berishni istamayapti, chunki bu juda qimmat va ko‘p vaqt talab etadi, ammo keyinchalik Yevropadagi ittifoqchilarga F-16'ni Ukrainaga qayta eksport qilish uchun litsenziyalar taqdim etishi mumkin. Politico nashrining yozishicha, AQSh Mudofaa vazirligi qiruvchilarni Kiyevga topshirishga qarshi emas, ammo yakuniy qaror hali qabul qilinmagan.

16 may kuni Buyuk Britaniya va Niderlandiya hukumat rahbarlari Kiyev harbiy yordam sifatida so‘ragan zamonaviy qiruvchi samolyotlarni xarid qilish bo‘yicha xalqaro koalitsiya tuzilganini e’lon qildi. F-16 samolyotlarini yetkazib berish faqat AQShning roziligi bilan amalga oshishi mumkin.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid