O‘zbekiston | 08:02 / 24.05.2023
7577
2 daqiqa o‘qiladi

Orolbo‘yida xalqaro ekstremal avtomobil musobaqalari bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 25-28 may kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumanida Rally Muynak xalqaro ekstremal avtomobil musobaqalari bo‘lib o‘tadi.

Foto: Dunyo

Madaniyat va  turizm vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, to‘rtinchi bor xalqaro darajada tashkil etilayotgan ushbu musobaqa nafaqat Qoraqalpog‘iston, balki O‘zbekiston miqyosidagi ko‘pgina xorijiy turistlarni jalb qiluvchi o‘ziga xos tadbir hisoblanadi

Sayyohlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasiga bo‘lgan safarini uzaytirish maqsadida, bu yilgi tadbir jarayonlari 4 kun davom etadi. Kunduzgi vaqtlari sport avtomobillari, Baggi va mototsikllarda ekstremal musobaqalar, oshpazlarning gastronomik tomoshalari bo‘lib o‘tsa, kechqurun konsert dasturlari tashkil etiladi.

Musobaqa trassasining umumiy uzunligi 425 kilometr bo‘lib, ushbu masofaning aksariyat qismi Ustyurt tekisligi va Orol dengizi qurigan tubidagi ekstremal (yo‘lsiz) hududlardan iborat. Motokross va avtokross musobaqalari esa maxsus trassada o‘tkaziladi. Musobaqalarda dvigatel hajmi 1600 sm3 va 2000 sm3 bo‘lgan maxsus uskunalangan sport avtomobillari, shu bilan birga dvigatel hajmi 1600 sm3 bo‘lgan Baggi sport avtotransportlari hamda dvigatel hajmi 152 sm3 dan 500 sm3 gacha bo‘lgan mototsikllar ishtirok etishadi.

Tashkilotchilarga  ko‘ra, Rally Muynak ekstremal avtomobil musobaqalari doirasida sport avtomobillar, Baggi va mototsikllarning texnik jihatdan tayyorlash va ko‘rgazmali chiqishlar bo‘lib o‘tadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid