Jahon | 18:36 / 25.05.2023
23427
2 daqiqa o‘qiladi

RF mudofaa vazirligi: ukrain katerlari «Ivan Xurs» kemasiga hujum qildi

Vazirlik bir dron yo‘q qilingani aks etgan videoni namoyish etgan. Lekin keyinroq ikkinchi dron kemaga yetib borgani aks etgan video tarqaldi.

Foto: Videodan kadr

RF mudofaa vazirligi 24 may tongida ukrainlarning dengiz dronlari Qora dengiz floti tarkibidagi «Ivan Xurs» kemasiga hujum qilgani haqida xabar berdi. Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra, barcha dronlar yo‘q qilingan, kema shikastlanmagan.

Rossiya tomoni bayonotiga ko‘ra, hujum ertalab 5:30 larda, Bosfor bo‘g‘ozidan 140 kilometr shimoli-sharqda, rossiyaliklarning «Ivan Xurs» kemasi «Turk oqimi» va «Moviy oqim» gaz quvurlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha vazifalarni bajarayotganida sodir bo‘lgan.

Vazirlik matbuot xizmatiga ko‘ra kemaga uchta dron hujum qilgan. Ularning barchasi «Rossiya kemasining standart qurollaridan ochilgan o‘t orqali yo‘q qilingani» aytilgan.

Ammo 25 may kuni ijtimoiy tarmoqlarda boshqaruvchisiz katerlardan biri baribir kemagacha yetib borgani aks etgan video tarqaldi.

Bu video orqali kemaga qanchalik shikast yetganini aniqlab bo‘lmaydi.

RF mudofaa vazirligi esa kema omon qolganini isbotlovchi dalil taqdim etmagan.

Mavzuga oid