Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabi tasdiqlashicha, ukrain armiyasi va razvedka xizmati RF Qora dengiz flotining «Tsezar Kunikov» katta desant kemasi cho‘ktirib yuborilgan. «Zarba berilgan vaqtda u Alupki yaqinida, Ukraina hududiy suvlarida edi», — deyiladi Bosh shtab bayonotida. Kema yo‘q qilingani haqida dastlab «Ukrainskaya pravda» Ukraina mudofaa vazirligining Bosh razvedka boshqarmasidagi manbasiga tayanib xabar bergandi. Nashr suhbatdoshi bu razvedkachilar o‘tkazgan amaliyot bo‘lgani va hujum natijasida kema cho‘kib ketganini aytgan. Ukrainadagi «Krimskiy veter» telegram-kanali guvohlar tomonidan olingan videolarni joylashtirgan: ulardan birida dengizda nimadir yonayotgani, boshqalarida suv ustida vertolyotlar uchayotgani aks etgan.

Ukraina razvedkasi «Tsezar Kunikov» kemasiga hujum qilinishi ko‘rsatilgan videoni namoyish etdi. Videoyozuvda bir vaqtning o‘zida bir nechta dengiz dronlari kemaga hujum qilayotgani, tashqi belgilariga ko‘ra u «Tsezar Kunikov» ham mansub bo‘lgan 775-proyektdagi yirik desant kemasi ekanini ko‘rish mumkin. Video o‘rtalarida portlash aks etadi, oxirida esa kema bir tomonga og‘ayotgani ko‘rinadi.

Bosh razvedka boshqarmasidagilar kemaga Magura V5 rusumli dengiz dronlari hujum qilganini ma’lum qilgan. «Yakunda „Tsezar Kunikov“ning chap tomonida kritik teshiklar paydo bo‘ldi va u cho‘ka boshladi», — deya xabar bergan ukrain razvedkasi. Boshqarma vakillari qidiruv-qutqaruv amaliyoti «muvaffaqiyat keltirmagani»ni ta’kidlagan.

Hujum vaqtida kemada qancha odam bo‘lgani noma’lum. Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, «Tsezar Kunikov» ekipaji 87 kishini tashkil etadi. «Krimskiy veter» telegram-kanali guvohlarga asoslanib xabar qilishicha, kemaga hujumdan keyin halok bo‘lgan va yarador dengizchilar tibbiyot avtobuslarida Sevastopolga yetkazilgan, ularga yo‘l-patrul xizmatining ko‘plab mashinalari hamrohlik qilgan. Anneksiya qilingan Qrim va Sevastopol rasmiylari bu ma’lumot yuzasidan izoh bermagan.

Rossiyaliklarning «Dva mayora» telegram-kanali esa «ekipajning barcha a’zolari tirik» ekani haqida yozgan. Z-blogerlar ro‘y bergan holat mas’uliyatni Qora dengiz floti rahbariyati zimmasiga yuklamoqda, «Voyenniy osvedomitel» kanali muallifi shu rahbariyat tufayli flot kemalari «hamon tahdidlarga mos ravishda himoyalanmagani va kaklik kabi o‘qqa tutilayotgani»dan norozilik bildirgan.