Germaniyaning Bremen universiteti qoshidagi Sharqiy Yevropani o‘rganish markazi ilmiy xodimi Nikolay Mitroxin Ukraina frontida so‘nggi hafta ichida sodir bo‘lgan voqealarni tahlil qildi.

Rossiya armiyasi frontning sharqiy qismida ilgarilamoqda

Haftaning asosiy voqeasi Donetsk shahrining janubiy-g‘arbiy qismidan tortib Kupyansk shimoligacha bo‘lgan frontning sharqiy qismining kamida yigirmata uchastkasida oldinga intilishi bo‘ldi. Ko‘rinib turibdiki, Rossiya armiyasi Ukraina QKning o‘tgan yili kuzda amalga oshirgan manyovrini takrorlashga urinib ko‘rdi: o‘shanda bahorgi va yozgi hujumlardan charchagan Rossiya kuchlari eng zaif joyda zarbani o‘tkazib yuborgan, natijada Ukraina QK Izyum va Kreminna o‘rtasidagi hamda Xarkiv oblastining shimoliy-sharqidagi ulkan maydonni ozod qilishga muvaffaq bo‘lgan edi.

Ukraina QKning janubiy — Zaporijjya frontidagi yurishi iyun oyidayoq barbod bo‘lgandi, biroq shu kungacha Ukraina rahbariyati inson va material resurslarini Velika Novosilka va Orixiv janubidagi ikkita egallangan platsdarmni kengaytirish uchun behuda sarflash bilan band. Rossiya qo‘shinlari Rabotine g‘arbida kengligi 300 metr bo‘lgan uchastkada haftasiga 200 metr oldinga siljishga urinmoqda. Haftaning asosiy voqealari Donetsk shahridan g‘arbroqda joylashgan va bugunga kelib yer yuzidan supurib tashlangan Avdiyivka shahri hududida ro‘y berdi.

Rossiya harbiy xizmatchilari. Foto: Rossiya mudofaa vazirligi

Ukraina QK Avdiyivkani urush boshlangandan buyon mudofaa qilmoqda, chunki 2014 yildan buyon shaharning shimoliy, sharqiy va janubiy qismida chuqur qazilgan, betonlangan va eshelonlangan mudofaa tizimi qurilgan va bu Ukraina armiyasiga «DXR» «xalq militsiyasi»ning Donetsk g‘arbini o‘z nazoratiga olish bo‘yicha gohida uyushtirgan hujumlarini to‘sish imkonini bergan. 2022 yil davomida va 2023 yil boshida bostirishga bo‘lgan turli urinishlardan so‘ng Avdiyivka yarim qurshab olindi, chunki Rossiya qo‘shinlari shaharning shimoli va janubidan mudofaani bukib qo‘yishdi (lekin sindira olishmadi), shuningdek, sharqiy va shimoliy sharqiy qismida ancha ilgarilab ketishdi. 2023 yilning birinchi yarmida bu yerda qolish imkonsiz bo‘lib qoldi, ayni paytga kelib Avdiyivkaning uch tomoni qurshab olingan, qamal qilingan qal’a holatida. Undagi garnizon faqat g‘arbdan keluvchi ikki yo‘nalish bo‘yicha ta’minlanmoqda.

Chorshanba kuni Rossiya qo‘shinlari o‘z ma’lumotlariga ko‘ra shahar shimolidagi mudofaani 2 km masofagacha yorib o‘tishdi, shaharning shimoliy g‘arbiy qismidagi Berdichi qishlog‘ining sharqiy chekkasigacha kirib borishgan. Bu rossiyalik «harbiy muxbirlar» berayotgan ma’lumot. Ukrainaparast DeepState xarita servisi buni tasdiqlamagan, faqat Rossiya armiyasining keng front bo‘ylab arzimas masofaga siljiganini qayd etgan. Ukraina mediasi Avdiyivka hududidagi «og‘ir urushlar» haqida xabar qilib, tafsilotlardan qochishmoqda.