O‘zbekiston | 15:23 / 26.05.2023
14271
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi Vestminster universiteti talabasi 3 yilga ozodlikdan cheklandi

U 15 yoshli (voyaga yetmagan) qiz bilan jinsiy aloqa qilib kelgan.

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahridagi Xalqaro Vestminster universiteti talabasiga JIB Chilonzor tuman sudining joriy yil 13 apreldagi hukmi bilan 3 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

Toshkent shahar sudlari matbuot xizmatining Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, ayblanuvchi – 20 yoshli Sh.X. 2022 yilning kuzida voyaga yetmagan jabrlanuvchi – 15 yoshli D.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 128-moddasida nazarda tutilgan  (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) jinoyatni sodir qilgan.

Ozodlikni cheklash jazosi doirasida xalqaro universitet talabasi zimmasiga:

  • kafe, bar, restoran va boshqa ko‘ngilochar joylarga bormaslik;
  • ommaviy va boshqa tadbirlar o‘tkazishda ishtirok etmaslik;
  • mahkumlarni nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik hamda Toshkent shahri hududidan tashqariga chiqmaslik;
  • jabrlanuvchi D.Sh. bilan ko‘rishmaslik va har qanday usulda u bilan suhbatlashmaslik;
  • alkogolli ichimliklar iste’mol qilmaslik kabi qo‘shimcha taqiqlar (cheklashlar) yuklatilgan.

2023 yil 18 may kuni Chilonzor tuman prokuraturasi tomonidan keltirilgan protestga asosan Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasining ajrimi bilan hukmga o‘zgartirish kiritilgan. Ya’ni jabrlanuvchiga qo‘shimcha ravishda:

  • nazorat qiluvchi organning ruxsatisiz yashash, ish hamda o‘qish joyini o‘zgartirmaslik;
  • Internet tarmoqlaridan foydalanilmaslik kabi taqiqlar (cheklashlar) yuklatildi.

Mavzuga oid