O‘zbekiston | 22:23 / 27.05.2023
27160
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston–Singapur: Prezidentlar nimalarga kelishdi?

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev yanvar oyida Singapurga tashrif buyurgandi. Kuni kecha bu mamlakat prezidenti Halima Yoqub javob tashrifi bilan O‘zbekistonga keldi. Kun.uz ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi holati haqida siyosiy fanlar doktori Go‘zal Sadiyeva bilan suhbatlashdi.

— Singapur tarixan murakkab vaziyatdan to hozirgidek dunyoning katta iqtisodiy markazlaridan biriga aylandi. Bunda, albatta, Li Kuan Yuning davlat boshqaruvi va uning islohotlari haqida eslab o‘tish shart. Ayting-chi, Singapur qanday tendensiyalar asosida rivojlandi?

Singapurning bugungi kundagi eng rivojlangan mamlakatlar qatorida turishi va aholining yuqori daromadi bevosita Singapur iqtisodiy mo‘jizasini yaratgan Li Kuan Yu nomi bilan bog‘liq.

Singapurning rivojlanishi bir-necha bosqichlarni o‘z ichiga oladi. Dastlabki davr 1965-70 yillarda sanoatni rivojlantirish davri, ikkinchi bosqich esa 1980-90 yillar mahalliy texnologik imkoniyatlarning kuchayish davri. Uchinchi davr amaliy-ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish va yuqori texnologiyali ishlab chiqarish, asosan ilmiy tadqiqotlarga ko‘proq urg‘u berish davri bo‘ldi.

Li Kuan Yu IT-dasturni amalga oshirishni maqsad qildi, ya’ni milliy ta’limga sarmoya kiritish orqali mamlakatda kompyuter savodxonligini 100 foizga yetkazish, xususiy tadbirkorlikka o‘rnak ko‘rsatgan holda davlat apparatini to‘liq kompyuterlashtirish va mamlakatda raqobatbardosh kompyuter sanoatini shakllantirish.

Shunday qilib, asosiy e’tibor inson omili va to‘liq kompyuterlashtirishga qaratilgan.

— Bugungi kunda Singapur iqtisodiyotining dunyo hamjamiyatidagi o‘rni qanday? Singapur va global iqtisodiyot qanday omillar bilan uzviy bog‘liq?

Singapur dunyoda aholi jon boshiga YaIM eng yuqori bo‘lgan mamlakatlardan biri hisoblanadi. Jahon banki, Xalqaro valuta fondi va BMTning nominal yalpi ichki mahsulot bo‘yicha mamlakatlar ro‘yxatida yuqori o‘rinlarni egallagan. Jahon banki reytingida 35-o‘rin, Xalqaro valuta fondi va BMT reytinglarida 34-o‘rinda qayd etilgan.

Shuningdek, mamlakat iqtisodiyoti mahsulotlar eksportiga bog‘liq. Jumladan, maishiy elektronika, axborot texnologiyalari, farmatsevtika mahsulotlari, moliyaviy xizmatlar.

Singapur iqtisodiyoti korrupsiyadan xoli iqtisodiyot hisoblanadi. Ya’ni ochiqlik va shaffoflik 100 foiz ta’minlangan.

Singapur – neftni qayta ishlash bo‘yicha dunyodagi uchta yirik eksport markazlaridan biri. Shuningdek Singapurning qulay geografik joylashuvi ham dunyo investorlarini o‘ziga jalb etadi.

Singapurda korrupsiyaning deyarli yo‘qligi, malakali ishchi kuchi, ilg‘or va samarali infratuzilmasi transmilliy korporatsiyalar uchun jozibador bo‘lib qoldi.

— Shu vaqtgacha Singapur va mustaqillikka erishgan Markaziy Osiyo davlatlari munosabatlari qanday shakllangan edi?

Sobiq SSSR parchalangandan keyin Markaziy Osiyo davlatlari tashqi dunyoning alohida mustaqil sub’yektlari sifatida muloqotga kirishishni boshladi. Mustaqillikning dastlabki yillarida Markaziy Osiyo davlatlariga qiziqish unchalik yuqori bo‘lmagan va mintaqa davlatlari arab dunyosi bilan yaqinlashishga harakat qilgan edi.

Markaziy Osiyo ayrim mintaqa davlatlarining manfaatlari to‘qnashadigan mintaqa deyish ham mumkin. O‘zbekiston tashqi siyosat konsepsiyasida Singapurga alohida e’tibor berilyapti.

— O‘zbekiston va Singapur o‘rtasida oliy darajadagi tashriflar kuzatilmoqda. O‘zaro aloqalarda asosan qanday mavzular muhokama qilinmoqda?

Singapur bilan qo‘shma ta’lim dasturlari bor, universitetlar faoliyat yuritadi, amaldagi investitsiyalar to‘rt barobar ortgan va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar asosidagi 700 mln dollarlik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz 2023 yil yanvar oyidagi tashrifida Singapur bilan yaqin istiqboldagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini ko‘rsatib o‘tdi.

Inson kapitalini rivojlantirish, davlat boshqaruvi uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, shaharsozlik infratuzilmasini rivojlantirish, raqamli transformatsiya, innovatsiyalar, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalarida birgalikda davlat xizmatchilarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish dasturini amalga oshirishga kelishib olindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Davlat boshqaruvi akademiyasi negizida Singapurning yetakchi ekspertlarini jalb qilgan holda davlat xizmatchilarini intensiv qayta tayyorlash dasturi ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

— Aynan siz faoliyat yuritadigan O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida ham bir qator uchrashuvlar o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvlar natijasi haqida ayta olasizmi?

Prezidentimiz yanvar oyida Singapurga borgan vaqtlarida, Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi bilan O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat qurilishi akademiyasi bilan memorandum imzolangan edi.

Halima Yoqub bilan akademiya professor, o‘qituvchilari o‘rtasida muloqot o‘tkazildi va qo‘shma o‘quv dasturi masalasi muhokama qilindi. Ya’ni Li Kuan Yu nomidagi Davlat siyosati maktabi professorlari bilan hamkorlikda O‘zbekiston davlat fuqarolik xizmatchilarini mana shu dastur doirasida tayyorlash nazarda tutilmoqda.

Normuhammad Ali Abdurahmonov suhbatlashdi.

Mavzuga oid