Jahon | 14:36 / 30.05.2023
4088
2 daqiqa o‘qiladi

Daniya 10 yil ichida mudofaaga 19 milliard yevro sarmoya kiritadi

Daniya harbiy xarajatlarni YaIMning 2 foiziga yetkazish va NATO talablarini qondirish uchun mudofaaga sarmoyani oshirmoqda.

Foto: Flickr

Daniya hukumati NATO xarajatlari rejasini bajarish majburiyatiga muvofiq kelasi 10 yil davomida mudofaa sohasiga 143 milliard Daniya kronasi (19,2 milliard yevro) sarmoya kiritishni taklif qildi, deb xabar berdi Reuters agentligi 30 may, seshanba kuni.

Mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi Troyels Lund Poulsen matbuot anjumanida: «Biz NATO va uning ittifoqchilari Daniyaga qo‘yayotgan talab va umidlarga ko‘proq mos bo‘lishimiz kerak. Bu o‘z mas’uliyatimizni bajarish uchun qurolli kuchlarimizga ko‘proq sarmoya kiritishni talab qiladi» dedi. 

Daniyaning 2033 yildagi mudofaa xarajatlari 2024 yilgi mudofaa budjetiga kiritilgan 6,9 milliard krona (0,93 milliard yevro)ga nisbatan 19,2 milliard krona (2,58 milliard yevro)ga yetishi kerak. Hukumatning ta’kidlashicha, taklif mudofaa xarajatlari umumiy asosini belgilaydi, uning doirasida haqiqiy harbiy xaridlar bo‘yicha qarorlar doimiy ravishda kelishib olinadi. 

May oyi o‘rtalarida Daniya hukumati mamlakat tashqi siyosati va xavfsizlik siyosatining yangi strategiyasini taqdim etdi, unda mudofaa xarajatlarini 2030 yilga borib YaIM 2 foizigacha bosqichma-bosqich oshirish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda mudofaa xarajatlari yalpi ichki mahsulotning 1,4 foizidan kamni tashkil qiladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid