Jahon | 19:44 / 31.05.2023
11330
3 daqiqa o‘qiladi

Makron Ukraina bo‘yicha tinchlik sammitini Rossiyasiz o‘tkazishni taklif qildi – OAV

Makron Zelenskiyga Parijda tinchlik sammiti o‘tkazishni taklif qildi. Yevropalik rasmiylar unga Braziliya, Hindiston, Xitoyni jalb qilmoqchi, Rossiyaning unda ishtirok etishi ko‘zda tutilmagan.

Foto: Reuters

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyga Parijda tinchlik sammiti o‘tkazishni taklif qildi, deb yozdi The Wall Street Journal yevropalik diplomatlar orasidagi manbalarga tayanib. Nashrning yozishicha, sammit taklifini Fransiyadan tashqari Daniya va Shvetsiya ham qo‘llab-quvvatlagan.

Manbalarda aytilishicha, 2023 yil boshida Zelenskiy Makrondan Xitoy rahbari Si Jinping kabi boshqa yetakchilar bilan aloqa qilishda yordam berishni so‘ragan. Bu muzokaralar keyinchalik konferensiya tashkil etish rejalariga aylandi, deydi WSJ suhbatdoshlari. Ehtimoliy ishtirokchilarning aniq ro‘yxati yo‘q, biroq manbalarga ko‘ra, Yevropa rasmiylari Braziliya, Hindiston, Xitoy va boshqa g‘arbiy bo‘lmagan davlatlar ishtirok etishini istamoqda. Rossiyaning sammitda ishtirok etishi ko‘zda tutilmagan.

Yevropa rasmiylari bo‘lajak muzokaralarda Ukrainaning tinchlik rejasidan diplomatik boshlang‘ich nuqta sifatida foydalanishni ta’minlamoqchi. Bu rejani Hindiston, Braziliya, Saudiya Arabistoni va Xitoy kabi davlatlar uchun ko‘proq «maqbulroq» qilishmoqchi. Zelenskiy ofisi rahbari Andrey Yermak so‘zlariga ko‘ra, bu jarayonni «butun dunyo, jumladan, global janub yetakchilarisiz amalga oshirish mumkin emas». Yermakning ta’kidlashicha, qo‘shinlar to‘liq olib chiqilmaguncha, Kiyev uchun Rossiya bilan muzokaralar olib borishning iloji yo‘q, Ukraina hududiy yaxlitligi masalasida murosa qilinmaydi.

Avvalroq, Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mixail Galuzin Ukrainadagi mojaroni hal qilish shartlarini aytib, G‘arb qurol-yarog‘larini yetkazib berishni to‘xtatishi, Kiyevning NATO va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishdan bosh tortishi, yangi ishg‘ol qilingan hududlarni tan olishi va rus tiliga davlat tili maqomini berishi kabilarni sanab o‘tgan edi.

Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak bunga javoban Kiyevning talablarini sanab o‘tdi: bu Rossiya qo‘shinlarini Ukraina hududidan zudlik bilan olib chiqib ketish, sobiq SSSR davlatlarining suverenitetini tan olish, «harbiy jinoyatchilarni ekstraditsiya qilish» va qonuniy ravishda rasmiylashtirilgan «reparatsiya to‘lovlari».

Mavzuga oid